Muxiddinov Sunnatullo Inoyatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Samarqand viloyati maorifi”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V 2018.3.PhD/Tar320.
Ilmiy rahbar: Alimova Dilorom Agzamovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD. 03/30.12.2019.Tar.02.10.
Rasmiy opponentlar: G‘afforov Shokir Safarovich, tarix fanlari doktori, professor; Agzamxodjaev Saidakbar Saidovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Samarqand viloyati maorif tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand viloyatining Turkiston ilm-fani va maorif tizimida o‘ziga xos o‘rni, xususan, hududdagi an’anaviy boshlang‘ich maktablarning (musulmon, yahudiy maktablari) aholiga diniy-axloqiy bilimlar va jamoat tartib-qoidalarini etkazishdagi tayanch vazifasi hamda ta’lim jarayonida bo‘lgan muammolar ochib berilgan;
Musulmon dunyosida nufuz topgan Samarqand madrasalarining mustamlaka sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy holati va davlat siyosatining mohiyati, jumladan, madrasalarni boshqarishda “maxsus yo‘riqnomalar”ning ishlab chiqilishi, ayrim tartiblarning o‘rnatilishi, jumladan hukumatning vaqf mulkiga oid siyosati mudarris va talabalar ijtimoiy, moddiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi holatlari aniqlangan;
Samarqand viloyatida imperiya hukumati tomonidan tashkil etilgan rus ta’lim dargohlarining imperiya manfaatiga daxldor ijtimoiy ruslashtirish, boshqaruv, xo‘jalik, aloqa sohalarida “kadrlar” tayyorlashdagi maqsadi hamda mahalliy aholi orasida til va g‘arb madaniyatining yoyilishida tutgan o‘rni asoslab berilgan;
Samarqand viloyatining taraqqiyparvar ziyolilari tomonidan tashkil etilgan 20 dan ortiq yangi usul – jadid maktablarining o‘ziga xos xususiyatlari, milliy ta’lim tizimini joriy etish orqali aholi ma’naviy hayotidagi ma’rifatparvarlik roli hamda ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida maxsus darslik va o‘quv qo‘llanmalarning yaratilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi.
XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Samarqand viloyati maorifi tarixi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Samarqand viloyatida ilg‘or ziyolilar tomonidan tashkil etilgan yangi usul maktablarining o‘ziga xos ta’lim xususiyatlari va ularning aholi ma’naviy-madaniy hayotida tutgan o‘rniga oid xulosalar, fotolavhalar Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ekspozisiyalariga ilmiy ishlov berishda foydalanilgan. (Madaniyat vazirligining 2019 yil 13 sentyabrdagi 01-12-10-4622-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotning ilmiy xulosalari XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Samarqand viloyati maorif sohasidagi modernizatsiya holatlari va ularning aholi ma’naviy-madaniy hayotiga ko‘rsatgan ta’sirini ochib berishga xizmat qilgan;
Samarqand viloyatida imperiya hukumati tomonidan tashkil etilgan rus ta’lim muassasalarining faoliyati va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni, shuningdek mahalliy aholi hayotiga ko‘rsatgan ta’siriga doir ma’lumotlardan O‘zR Fanlar akademiyasi Tarix institutida 2012-2016 yillarda bajarilgan FA-F1-GO23 raqamli “O‘zbekistonda ta’lim tarixi va tarixshunosligi: tajriba, muammolar, rivojlanish” mavzusidagi fundamental loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 29 oktyabrdagi 3/1255-2849-son ma’lumotnomasi). Bu esa XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand viloyati rus ta’lim muassasalarining mahalliy muhitga ijobiy ta’siri hamda ularning mustamlakachilik mohiyatini yoritib berishga imkon bergan;
Samarqand madrasalarining mustamlaka sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy holati va davlat siyosatining mohiyati, jumladan, madrasalarni boshqarish tartibi va nazorati hamda hukumatning vaqf mulkiga oid siyosatining ta’limdagi ijtimoiy guruhlar ahvoliga ko‘rsatgan ta’siriga oid ilmiy xulosalar “Madaniyat va ma`rifat” telekanalining “Dilga tashrif”, “Tafakkurdan tomgan tomchilar” kabi ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK, “Madaniyat va ma‘rifat” telekanalining 2019 yil 13 avgustdagi 01-14/359-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan ma’lumotlar XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Samarqand madrasalarining ta’lim jarayonini keng jamoatchilikka etkazib berishga xizmat qilmoqda;
Samarqand viloyatining Turkiston ilm-fani va maorif tizimida o‘ziga xos o‘rni, an’anaviy ta’lim shakllari, xususan, boshlang‘ich maktablarning aholi ijtimoiy va ma’naviy hayotidagi roli va boshlang‘ich ta’lim jarayonidagi muammolarga oid xulosalardan “Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi” Samarqand viloyati bo‘limining “Milliy g‘oya va mafkura tadqiqotlarini tashkil etish” nomli rejasida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2019 yil 4 sentyabrdagi 1186-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqanddagi boshlang‘ich maktablarning aholi diniy-ma’rifiy hayotidagi o‘rni va muammolarini yoritib berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish