Rajabova Hulkar Toshmanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Zashhita prav potrebiteley v usloviyax sifrovoy ekonomiki”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Yu1760
Ilmiy rahbar: Xodjaev Baxshillo Kamolovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: Karaxodjaeva Dilorom Mamirovna, yuridik fanlar doktori, professor, Xursanov Rustam Xolmurodovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamli iqtisodiyot sharoitida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid munosabatlarni fuqarolik-huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos jihatlarini tadqiq etish va ushbu sohadagi qonun hujjatlari hamda huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
iste’molchilarning tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash, uning tegishli sifatga ega bo‘lishi va xavfsizligini talab qilish, shuningdek, nuqsonlar yoki ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida etkazilgan moddiy va ma’naviy zararning to‘liq qoplanishini talab qilish huquqlarini mustahkamlash lozimligi, hamda tovarning ishlab chiqarilgan sanasini normativ-huquqiy hujjatlar yoki texnik jihatdan tartibga soluvchi hujjatlar talab qilgan hollarda majburiy ko‘rsatish zarurati iste’molchining asoslangan tanlov qilish huquqini ta’minlovchi hamda yaroqlilik muddati va xavfsizlik bilan bog‘liq risklarni baholash imkonini beruvchi huquqiy kafolat sifatida asoslantirilgan;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha xavfsizlik yoki sifat talablariga rioya etilmaganda iste’molchilarning ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ga nisbatan sudga da’vo kiritish huquqi mustaqil himoya mexanizmi sifatida, shuningdek, iste’molchi talablari kassaviy yoki tovar cheki hamda xaridni tasdiqlovchi boshqa dalillar asosida ko‘rib chiqilishi isbotlash vositalarining muqobilligi tamoyili sifatida e’tirof etilishi va normativ-huquqiy jihatdan mustahkamlash lozimligi asoslantirilgan;
biometrik va genetik ma’lumotlarga ishlov berish faqat sub’ektning roziligi asosida amalga oshirilishi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan alohida holatlar mustasno ekanligi haqidagi qoidani huquqiy jihatdan aniqlashtirish zarurligiga oid taklif maxsus toifadagi ma’lumotlar muhofazasini kuchaytirish va yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash nuqtayi nazaridan asoslantirilgan;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda sub’ektning roziligi olinganligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etish majburiyatini qonunchilikda aniq belgilash zarurligi rozilik institutining real ishlashini ta’minlovchi huquqiy mexanizm sifatida asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Raqamli iqtisodiyot sharoitida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
iste’molchilarning tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash, uning tegishli darajada sifatli va xavfsiz bo‘lishini talab qilish, hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) gʻayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli etkazilgan moddiy va maʼnaviy zararning to‘liq qoplanishini talab qilish huquqlarini mustahkamlashga, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqarish sanasi ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan tovarlarda ushbu sanani ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan ko‘rsatish majburiyatini belgilashga qaratilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 1996-yil 26-apreldagi 221-I-sonli Qonuni 4- va 6-moddalariga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025-yil 26-noyabrdagi 8/10-0017-son dalolatnomasi). Mazkur takliflarning joriy qilinishi iste’molchilarning huquqlarini, xususan, erkin tanlash, sifat va xavfsizlikni talab qilish hamda etkazilgan zararning qoplanishini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek iste’molchilarni zarur va ishonchli axborot bilan ta’minlash darajasini oshirishga xizmat qilgan;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha xavfsizlik yoki sifat talablariga rioya etilmaganda iste’molchilarning ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ga nisbatan sudga da’vo kiritish huquqini belgilash, shuningdek iste’molchi talablari kassaviy yoki tovar cheki, yoxud sotib olinganlikni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar (dalillarni) asosida ko‘rib chiqilishini nazarda tutuvchi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 1996-yil 26-apreldagi 221-I-sonli Qonuni 26- va 13-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025-yil 26-noyabrdagi 8/10-0017-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy qilinishi sifat yoki xavfsizlik talablariga rioya etilmaganda iste’molchilarning sudga murojaat qilish huquqi himoyasini kuchaytirishga hamda talablarni tasdiqlovchi hujjatlar doirasini kengaytirish orqali huquqlarni amaliy jihatdan samarali amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qilgan;
sub’ektning shaxsini aniqlash uchun foydalaniladigan biometrik va genetik maʼlumotlarga faqat mazkur sub’ektning roziligi mavjud bo‘lsa ishlov berilishiga yo‘l qo‘yilishi, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ro‘yobga chiqarish, odil sudlovni amalga oshirish hamda ijro ishini yuritish bilan bogʻliq hollar, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollar mustasno ekanligini aniqlashtirishga qaratilgan taklifdan O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-sonli Qonuni 26-moddasiga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2026-yil 19-martdagi 3/dn-39-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi biometrik va genetik ma’lumotlarga ishlov berish jarayonida shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektining huquqlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qilgan;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sub’ektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun roziligi olinganini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etish majburiyatini aniqlashtirish zarurligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-sonli Qonuni 31-moddasiga o‘zgartirish kiritishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2026-yil 19-martdagi 3/dn-39-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda sub’ekt roziligini tasdiqlash mexanizmlarini aniq belgilashga xizmat qilgan.