Azimova Dilnoz Ergashevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmogʼi nomi): «Nurota botanik-geografik okrugi endemizmining taksonomik tarkibi, filogenetik xilma-xilligi va ekologik xususiyatlari», 03.00.05 – Botanika, 03.00.10 – Ekologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/B306.
Ilmiy maslahatchi: Naralieva Nasibaxon Mamanovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti huzuridagi PhD.03/2025.27.12.B.22.05 raqamli Ilmiy kengash asosdagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Abduraimov Ozodbek Sultonqulovich, biologiya fanlari doktori; Xo‘janazarov O‘ktam Eshtemirovich, biologiya fanlari doktori, professor; Esanov Husniddin Qurbonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Nurota botanik-geografik okrugi endemizmning taksonomik, filogenetik, ekologik, molekulyar-genetik va fazoviy ma’lumotlarni integratsiyalash asosida kompleks baholash, endem turlarning adaptatsion salohiyatini aniqlash, iqlim o‘zgarishi sharoitida ularning holatini bashorat qilish hamda ularni uzoq muddatli muhofazasining ilmiy asoslangan strategiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Nurota botanika-geografik okrugi endem turlarining qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va harorat ekstremumlari kabi arid ekotizimlarga xos asosiy abiotik stress omillariga nisbatan ekologik va molekulyar-genetik moslanish xususiyatlari ilk bor aniqlanib, ularning ekologik barqarorligini belgilovchi molekulyar mexanizmlar ochib berilgan;
Nurota botanika-geografik okrugi endem florasining filogenetik xilma-xilligi va filogenetik endemizmining fazoviy xususiyatlari ilk bor aniqlanib, evolyusion jihatdan noyob taksonlar to‘plangan hududlar belgilangan hamda ularning mintaqaning filogenetik merosini saqlashdagi ahamiyati asoslab berilgan;
Lappula, Dracocephalum va Lepidium turkumlariga mansub endem turlarning plastid genomlari tahlili asosida ularning filogenetik o‘rni, evolyusion qarindoshlik aloqalari hamda Nurota tog‘ tizimi doirasida endemizm shakllanishining o‘ziga xos jihatlari ilk bor aniqlashtirilgan;
iqlim o‘zgarishining bashorat qilinayotgan ssenariylari sharoitida endem turlar potensial areallarining o‘zgarish xususiyatlari ilk bor aniqlanib, ekologik barqarorlik darajasi turlicha bo‘lgan turlar ajratilgan hamda mintaqaning endem xilma-xilligini saqlashda iqlim refgiumlari vazifasini bajarishi mumkin bo‘lgan hududlar belgilangan;
Endem o‘simlik turlarini taksonomik, filogenetik, ekologik, molekulyar-genetik va geofazoviy ko‘rsatkichlar asosida kompleks baholashning integrativ yondashuvi ishlab chiqilgan, natijada ularning adaptatsion salohiyati, zaiflik darajasi va muhofaza ustuvorligi baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nurota botanik-geografik okrugi endemizmining taksonomik tarkibi, filogenetik xilma-xilligi va ekologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Nurota botanik-geografik okrugi endemizmining taksonomik tarkibi, filogenetik xilma-xilligi va ekologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining 2026-yilda nashr etilishi rejalashtirilayotgan 6-jildini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2026-yil 18-martdagi 4/1255-725-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kamyob o‘simlik turlarini muhofaza qilish va ularning populyasiyalarini saqlab qolish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilib amaliyotga joriy etish imkonini bergan;
Nurota botanik-geografik okrugida uchraydigan endem va kamyob o‘simlik turlarining tarqalishiga oid geobog‘langan ma’lumotlar bioxilma-xillik bo‘yicha global axborot tizimi – GBIF bazasiga joylashtirilgan (Global Biodiversity Information Facilityning 2025-yil 1-avgustdagi №051-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekistonning endem va kamyob turlarining geografik tarqalishini ko‘rsatuvchi global ma’lumotlar bazasini boyitish imkonini bergan;
molekulyar-genetik tadqiqotlar natijasida olingan Nurota botanik-geografik okrugi endem turlariga oid ma’lumotlar Phyl.uz hamda xalqaro NCBI GenBank (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/) bazalariga joylashtirildi (NCBI GenBank ma’lumotlar bazasining 2025-yil 10-iyundagi PV554907-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada Lappula nuratavica, Dracocephalum nuratavicum va Lepidium olgae kabi endem turlarning xloroplast genomlari asosida amalga oshirilgan filogenetik tahlillar ularning genetik xilma-xilligi, filogenetik o‘rni va evolyusion yaqinligini aniqlash imkonini bergan;
Nurota botanik-geografik okrugi endem o‘simliklarining ekologik holati baholanib, ularni muhofaza qilish strategiyalari bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025-yil 29-avgustdagi 03-03/1-03/3-8639-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Nurota botanik-geografik okrugi biologik xilma-xilligini saqlash, endem turlar populyasiyalarining barqarorligini ta’minlash va muhofaza choralarini takomillashtirish uchun ilmiy-amaliy asos bergan.