Omonov Abbosjon Ulug‘bek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Yadrosi siljigan o‘zgravitatsiyalanuvchi disksimon sistemaning beqarorlik holati fizikasi”, 01.03.02 – Kosmos fizikasi va astrofizika (fizika-matematika fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/FM1322
Ilmiy rahbar: Nuritdinov Salaxutdin Nasritdinovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.FM.01.05.
Rasmiy opponetlar: Atamurotov Farruh Shuxratovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor. Ergashev Kamoliddin Eshtursunovich, fizika-matematika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: “TIQXMMI” Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yadrosi siljigan disksimon galaktikalar katalogini tuzish va galaktikalarning fizik parametrlari orasida statistik tadqiqotlar o‘tkazish. Shuningdek, yadro siljishi bilan bog‘liq asimmetrik modalarni tahlil qilish va ularning beqarorligi, disksimon galaktikalarda yadro siljish effektining vujudga kelish nazariyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: 
birinchi bor 2542 ta ob’ektdan iborat yadrosi siljigan disksimon galaktikalar katalogi tuzilgan hamda katalog asosida galaktikalarning strukturaviy parametrlarining statistik taqsimot qonuniyatlari aniqlangan;
ilk bor yadrosi siljigan spiral galaktikalarda markaziy qora o‘ra massasi bilan galaktika diskining massasi, yoshi va ularning evolyusion xususiyatlari baholangan, metalliligi orasidagi empirik bog‘lanishlar aniqlangan;
birinchi marta nostatsionar izotrop modelni aylanish parametri bo‘yicha o‘rtachalash usuli asosida anizotrop tezliklar diagrammasiga ega bo‘lgan disksimon o‘zgravitatsiyalanuvchi sistemalar uchun analitik pulsatsiyalanuvchi model ishlab chiqilgan hamda ushbu model asosida nostatsionar dispersion tenglamalar hosil qilingan;
ilk bor o‘zgravitatsiyalanuvchi disksimon nostatsionar modelning anizotrop holi uchun yadro siljish effektining gravitatsion beqarorliklari mexanizmlari va mezonlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Dissertatsiya bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagilarga joriy qilingan:
sferik sistemalar evolyusiyasining dastlabki bosqichlarini tavsiflovchi nochiziqli nostatsionar modeldan “Galaktikalar va ular podsistemalari kuzatuv ma’lumotlari taxlili hamda ularning evolyusiyasini sonli modellashtirish” mavzusidagi loyiha doirasida, galaktikalar galosidagi sharsimon to‘dalar evolyusiyasi va ularning fazoviy taqsimotini tadqiq qilishda qo‘llanilgan (Chirchiq davlat pedagogika universitetining 2025 yil 20 oktyabrdagi 04/5872-son ma’lumotnomasi). Natijada yadroning siljish effekti kamayishi bilan sharsimon to‘dalar sistemalarining taqsimoti izotroplashishi hamda ularning yoshi ortishi aniqlangan;
yadro siljish effektining nochiziqli nostatsionar nazariyasi hamda yadrosi siljigan disksimon galaktikalarning asosiy fizik parametrlari orasida aniqlangan empirik munosabatlardan “Galaktikalar va ular podsistemalari kuzatuv ma’lumotlari taxlili hamda ularning evolyusiyasini sonli modellashtirish” mavzusidagi loyiha doirasida, yadroning siljish effekti bilan anizotropiya parametri orasidagi bog‘lanishlarni tadqiq qilishda foydalanilgan (Chirchiq davlat pedagogika universitetining 2025 yil 20 oktyabrdagi 04/5872-son ma’lumotnomasi). Natijada yadroning siljish effekti va anizotropiya parametri orasidagi empirik munosabat aniqlangan;
yadrosi siljigan disksimon galaktikalarning asosiy fizik parametrlari hamda markaziy qora o‘ra massasi orasida aniqlangan empirik bog‘lanishlardan “Galaktikalar va ular podsistemalari kuzatuv ma’lumotlari taxlili hamda ularning evolyusiyasini sonli modellashtirish” mavzusidagi loyiha doirasida, sharsimon to‘dalarda yadro siljish effektini aniqlash va uning markaziy qora o‘ra evolyusiyasiga ta’sirini baholashda qo‘llanilgan (Chirchiq davlat pedagogika universitetining 2025 yil 20 oktyabrdagi 04/5872-son ma’lumotnomasi). Natijada yadro siljish effekti kamayishi bilan sharsimon to‘dalar markazidagi qora o‘ra massasi ortishi aniqlangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish