Ubaydullaev Saidazim Qahramon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Temir yo‘l avtomatika va telemexanika tizimi terish guruhining poezd va manyovr svetoforlarini mikroprotsessorli boshqarish qurilmasi, 05.08.03 – Temir yo’l transportini ishlatish (texnika fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/T2535.
Ilmiy rahbar: Azizov Asadulla, texnika fanlari nomzodi, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.10/2025.27.12.T.01.06 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: O‘ljaev Erkin, texnika fanlari doktori, professor; Kamaletdinov Shoxrux Shuxratovich, texnika fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi temir yo‘l avtomatika va telemexanika tizimida terish guruhining poezd va manyovr svetoforlarini mikroprotsessorli boshqarish qurilmasini ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
temir yo‘l avtomatika va telemexanika tizimlarida qo‘llaniladigan qurilmalariga qo‘yiladigan texnik talablar asosida terish guruhi poezd hamda manyovr svetoforlarini boshqarish uchun mikroprotsessorli qurilmani ishlab chiqish usuli takomillashtirilgan;
terish guruhi poezd va manyovr svetoforlarini boshqarish uchun qurilmaning ishlashini tahlil qilish hamda uni raqamlashtirish imkonini beruvchi Petri tarmog‘i multigraflari asosida blok va elektr magnit relelari elektr zanjirlarining matematik modellari ishlab chiqilgan;  
elektr magnit kodli relelardan voz kechish maqsadida zamonaviy mikrokontrollerdan samarali foydalanishni hisobga olgan holda terish guruhi poezd va manyovr svetoforlarini boshqaruvchi mikroprotsessorli qurilmaning sxemaviy echimlarini amalga oshirish hamda almashtirish usullari ishlab chiqilgan;
qurilmaning texnik holatini baholash ishi xususiyatlarini inobatga olgan holda, ishonchlilik nazariyasining eksponensial usuli asosida terish guruhi poezd va manyovr svetoforlarini boshqaruvchi mikroprotsessorli qurilmaning ishonchlilik ko‘rsatkichlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Temir yo‘l avtomatika va telemexanika tizimi terish guruhining poezd va manyovr svetoforlarini mikroprotsessorli boshqarish qurilmasini ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
blokli marshrutli releli markazlashtirish tizimning svetoforlarni boshqaruvchi hamda marshrut tuzishda ishtirok etuvchi “Atmega” mikrokontrolleri asosida yaratilgan terish guruhi poezd va manyovr svetoforlarini boshqarish mikroprotsessorli qurilmasi “Toshkent metropoliteni” DUK “Signallashtirish va aloqa xizmati”ga qarashli O‘zbekiston elektr deposida hamda “Temiryo‘linfratuzilma” AJ “Toshkent signallashtirish va aloqa masofasi” “Hamza” stansiyasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligining 2024-yil 25-martdagi 4/2293-sonli ma’lumotnomasi). Mikroprotsessorli qurilmani ishlab chiqish usulini takomillashtirish natijasida kontaktli elektr magnit relelarni istisno etish, mavjud releli tizimlar bilan muvofiq ishlay olish, elektr energiyasi va resurs iste’molini 45...50% ga kamaytirish va yillik texnik xizmat ko‘rsatishdan voz kechish imkoni yaratilgan;
terish guruhi poezd va manyovr svetoforlarini boshqarish blokining ishlashini tahlil qilish va uni raqamlashtirish imkonini beruvchi blok va elektr magnit relelari elektr zanjirlarining matematik modellari, ushbu svetoforlarni boshqarish uchun mikroprotsessorli qurilmani ishlab chiqishning asoslangan tamoyillari, sxemaviy echimlarini amalga oshirish hamda almashtirish usullari “Toshkent metropoliteni” DUK “Signallashtirish va aloqa xizmati” ga qarashli O‘zbekiston elektr deposida hamda “Temiryo‘linfratuzilma” AJ “Toshkent signallashtirish va aloqa masofasi” “Hamza” stansiyasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2024-yil 25-martdagi  4/2293-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mikroprotsessorli qurilmani bexato hamda ishonchli ishlashini ta’minlash va bajarilishi talab etiladigan shartlarni inobatga olish imkoniyati yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish