Qodirova Dildora Dilshodovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qizil exnatseya (Echinacea purpurea L.) o‘simligida zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasalliklar va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish”, 06.01.09 – O‘simliklarni himoya qilish (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4PhD/Qx924
Ilmiy rahbar: Shukurov Xushvaqt Mamasalievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.01.01.
Rasmiy opponentlar: Xaytbaeva Nodira Seytjanovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent, Xo‘jaev Otabek Temirovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Respublikamiz sharoitida introduksiya qilingan qizil exinatseyada kasalliklar qo‘zg‘atadigan zamburug‘larni aniqlash, ulardan keng tarqalganlarini ajratib olish hamda ularga qarshi ilmiy asoslangan kurash choralarini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Respublikamiz sharoitida ilk bor qizil exinatseyada fuzarioz, vertisellioz, alternarioz, barg dog‘lanishi kasalliklari hamda uning 4 ta tur zamburug‘ (Fusarium oxysporum, Verticillium dahliae, Alternaria alternata va Phyllosticta sp.)lar keltirib chiqarishi aniqlangan va zamburug‘larning tur tarkibi identifikatsiya qilingan;
A. alternata, F. oxysporum va V. dahliae zamburug‘larining rivojlanishi uchun eng optimal harorat 25°C, A. alternata, F. oxysporum va V. dahliae zamburug‘lari uchun eng maqbul pH muhit 5,5-7,0, ushbu tur zamburug‘lariga eng optimal oziqa muhiti KDA va KGA ekanligi o‘rganilgan;
Toshkent Botanika bog‘i va Sirdaryo viloyati sharoitida qizil exinatseya plantatsiyalarida fuzarioz (8,0–26,0%), barg dog‘lanishi (10,0–28,0%), alternarioz (0–28,0%) va vertisellyoz (0–22,0%) kasalliklari tarqalganligi, hudud va yillar kesimida farq qilishi aniqlangan;
qizil exinatseya plantatsiyalarida fuzarioz, alternarioz, barg dog‘lanishi va vertisellyoz kasalliklari ta’sirida biomassa yo‘qotilishi qayd etilib, kasallik indeksi oshishi bilan er ustki biomassaning 0,04–2,52% gacha, er ostki biomassaning esa 0,02–1,73% gacha kamayishi aniqlangan;
qizil exinatseya plantatsiyalarida fuzarioz, alternarioz, dog‘lanish va vertisellyoz kasalliklari ta’sirida o‘simlik poyasining uzunligi 5–15 sm (5–15%), gul hosil qilishi esa 8–21% gacha kamayganligi aniqlangan;
qizil exinatseya kasalliklariga qarshi agrotexnik choralar sifatida 70×20 sm ekish sxemasi va har 20 kunda sug‘orish fuzarioz, alternarioz, barg dog‘lanishi va vertisellyozni kamaytirib, er ustki biomassa 770 kg/ga va er ostki biomassa 500 kg/ga gacha oshishi aniqlangan;
kichik va katta dala tajribalarida F. oxysporum va V. dahliae ga qarshi Shansil Ultra, Essensalil hamda Maxim XL 035 FS eng yuqori samaradorlik (86–87%) ko‘rsatdi. Biologik vositalardan Sporagin va Orgamika F eng kuchli biopreparatlar sifatida aniqlangan. A. alternata va Phyllosticta sp. ga qarshi Balear 72% sus.k., shuningdek Sporagin va Orgamika F yuqori samaradorlikni ko‘rsatgan;
Qizil exinatseya alternarioz va dog‘lanish kasalliklariga qarshi Sporagin va Serenade ASO biopreparatlarini 3 marta purkash yuqori biologik samaradorlik beradi. Balear 72% sus.k. va Sporaginni birga qo‘llash esa kasalliklar rivojlanishini sezilarli kamaytirib (78,7% va 73,2%), biomassani oshiradi (1825,0 kg/ga va 1282,4 kg/ga) hamda eng yuqori iqtisodiy samaradorlikni (30570,0 ming so‘m/ga) ko‘rsatgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qizil exinatseya o‘simligida kasalliklar qo‘zg‘atadigan zamburug‘larga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
“Qizil exinatseyaning zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari” mavzusida tavsiyanoma chop ettirilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 11-noyabrdagi №05/06-04-742-sonli ma’lumotnoma). Ushbu tavsiyanoma bugungi kunda qo‘llanma sifatida agroklaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan amaliy faoliyatida foydalanib kelinmoqda.
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Marvarid Agro” fermer xo‘jaligi, qizil exinatseyaning fuzarioz va vertisellyoz kasalliklariga qarshi urug‘lariga ekishdan oldin kimyoviy vositalardan Shansil Ultra sus.k., Maxim XL 035 FS, 3.5% sus.k. va Essenzalil 27% sus.k. hamda “Ikrom Kamron” fermer xo‘jaliklarida Orgamika F suyuk. va Sporagin, v.k. biologik preparatlaridan biri bilan ishlov berib ekish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari 1,55 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 11-noyabrdagi №05/06-04-742-sonli ma’lumotnoma). Natijada fuzariozning rivojlanishini 58,3-87,0% gacha to‘xtatilganligi kuzatildi hamda gektaridan 1371,2-1608,0 kg/ga er ustki va 1071,3-1212,2 kg/ga er ostki biomassa hosili olishga erishilgan.
Alternarioz va dog‘lanish kasalliklariga qarshi Balear 72% sus.k. (2,0 kg/ga), Sporagin, v.k. (2,5 l/ga) preparatlarini kombinatsion tarzda qo‘llash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari 0,8 ga maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 11-noyabrdagi № 05/06-04-742-sonli ma’lumotnoma). Natijada alternarioz va dog‘lanish kasalliklariga qarshi Balear 72% sus.k. (2,0 kg/ga), Sporagin, v.k. (2,5 l/ga) preparatlarini kombinatsion tarzda qo‘llanilganda biologik samaradorlik 78,7-73,2% ni tashkil etgan hamda gektaridan 1825,0 kg/ga er ustki va 1282,4 kg/ga er ostki biomassa hosili olishga erishilgan.