Madolimov Xusanboy Shuxratovichning
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
    Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Aka-uka Grimm ertaklarining poetik xususiyatlari” mavzusidagi 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha. 
    Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Fil6105
    Ilmiy rahbar: Abdullajanov Akmalxon Axmadjonovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.35.02 
Rasmiy opponentlar: Qaxarov Qobil Shuxrat o‘g‘li, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Dadaboev Olimjon Ortiqovich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat chet tillari instituti.          
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.    Tadqiqotning maqsadi Grimm ertaklarining poetik xususiyatlarini ilmiy asosda tahlil qilish, ularning janr, kompozision va obrazlar tizimidagi o‘ziga xos poetik mexanizmlarini ochib berishdan iborat.
III.   Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: 
Grimm ertaklari poetikasida keng qo‘llaniladigan formulalik ifodalar, uch martalik takror, parataktik sintaksis hamda abstrakt uslub elementlari kompleks poetik hodisa sifatida tizimli ravishda tahlil qilindi. Tadqiqot jarayonida mazkur poetik unsurlar ertak matnining kompozision qurilishi va syujet rivojida muhim rol o‘ynashi aniqlanib, ularning estetik hamda didaktik vazifalari ilmiy asosda tavsiflandi. Xususan, formulalik iboralar va uch martalik takror ertak syujetining ritmik va kompozision barqarorligini ta’minlashi, parataktik sintaksis esa hikoya bayonining sodda va tushunarli shaklda rivojlanishiga xizmat qilishi asoslab berilgan;
Grimm ertaklarida qo‘llanilgan metafora, epitet, taqqoslash, parallelizm va dialog kabi badiiy ifoda vositalarining funksional tizimi aniqlanib, ularning ertak poetikasidagi estetik va didaktik vazifalari ilmiy jihatdan asoslab berildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, metafora ertak matnida mavhum axloqiy kategoriyalarni aniq obrazlar orqali ifodalashga xizmat qilishi aniqlangan. Epitet esa qahramonlarning xarakter xususiyatlarini ta’kidlash orqali tipologik obrazlar tizimini shakllantirishi ko‘rsatildi. Taqqoslash usuli umuminsoniy tajribaga murojaat qilish orqali ertak matnidagi axloqiy xulosalarni yanada aniqroq ifodalashga imkon berishi dalillangan. Parallelizm syujet rivojida axloqiy qonuniyatlarning ketma-ket namoyon bo‘lishini ta’minlashi, dialog esa qahramonlarning axloqiy tanlovini dramatik shaklda ochib berishi ilmiy tahlillar asosida ko‘rsatilgan;
Grimm ertaklari obrazlar tizimi arxetipik qahramonlarning funksional modeli asosida tahlil qilinib, unda qahramon, yordamchi, antagonistik kuch va sehrli vosita kabi obrazlarning o‘zaro munosabatlari aniqlashtirildi. Tadqiqot natijasida mazkur obrazlar tizimi ertak syujetining dramatik rivojlanishida asosiy poetik mexanizm vazifasini bajarishi ko‘rsatildi. Xususan, qahramonning sinovlardan o‘tishi, antagonistik kuch bilan qarama-qarshiligi hamda yordamchi kuchlar orqali muvozanatning tiklanishi ertak kompozisiyasining asosiy strukturaviy tamoyili sifatida tahlil qilindi. Bu jarayonda arxetipik obrazlar tizimi syujet dinamikasini belgilovchi asosiy omil sifatida namoyon bo‘lishi ilmiy jihatdan asoslab berildi. Grimm ertaklaridagi obrazlar tizimining qarama-qarshilik, sinov va muvozanat tamoyillariga asoslangan barqaror strukturaviy qonuniyatlari aniqlanib, ular tizimli tarzda tavsiflangan;
Grimm ertaklarini tahlil qilishda morfologik, stilistik va semantik yondashuvlarni birlashtiruvchi integrativ poetik model takomillashtirildi. Ushbu model asosida ertaklarning syujet qurilishi, obrazlar tizimi hamda badiiy ifoda vositalari o‘rtasidagi ichki estetik munosabatlar tizimli ravishda tahlil qilindi. Tadqiqot jarayonida ertak poetikasining turli qatlamlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik aniqlanib, ularning bir-birini to‘ldiruvchi funksional xususiyatlari ilmiy asosda izohlandi. Shu asosda Grimm ertaklarining ichki poetik mexanizmi yaxlit va barqaror badiiy tizim sifatida tavsiflanib, ertak poetikasining strukturaviy hamda mazmuniy qonuniyatlari aniqroq belgilab berildi. Mazkur integrativ model Grimm ertaklarini kompleks poetik tahlil qilish imkonini beruvchi yangi metodologik yondashuv sifatida asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Aka-uka Grimm ertaklarining poetik xususiyatlarini tadqiq etish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rasmiy ma’lumotnomasida dissertatsiya natijalarining adabiy-ma’rifiy yig‘ilishlar, tarjima jarayonlari, ijodiy yo‘nalishlarni belgilash hamda adabiy tahlil metodikasini takomillashtirishda samarali va tizimli ravishda qo‘llanilgani tasdiqlangan. Xususan, Grimm ertaklarining kompozision modeli, uch martalik takror va formulalik tizimi, abstrakt uslub, parataktik sintaksis, poetik parallelizm, arxetipik obrazlar dinamikasi hamda motivlarning funksional talqini uyushma faoliyatida metodik asos sifatida joriy etilgan bo‘lib, ushbu nazariy yondashuvlar adabiy matnlarni tahlil qilish, tarjima sifatini baholash va ijodiy jarayonni ilmiy asosda yo‘naltirishda qo‘llanilgan (01-03/456-sonli ma’lumotnoma, 12.05.2025). Natijada uyushmaning adabiy dasturlari, seminarlar, ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslarida zamonaviy folklorshunoslik hamda poetik tahlil tamoyillariga tayangan holda barqaror ilmiy-metodik yondashuv shakllantirilgan, badiiy asarlarni talqin qilish va baholashda nazariy asoslangan mezonlarning qo‘llanish doirasi kengaytirilgan hamda yozuvchi va tarjimonlarning ijodiy faoliyatida ilmiy yondashuvning ahamiyati sezilarli darajada mustahkamlandi;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi tomonidan 2025-yil yanvar va iyun oylarida efirga uzatilgan “Adabiy jarayon”, “Bedorlik”, “Jahon adabiyoti” ko‘rsatuvlarida amaliyotga joriy etilgan. Xususan, badiiy asarlardagi obrazlarning milliy-estetik talqini, realiyalar, frazeologizmlar, antroponimlar hamda ularning tarjima jarayonidagi semantik, pragmatik va funksional o‘zgarishlari bo‘yicha dissertatsiyada ishlab chiqilgan ilmiy izohlar teleko‘rsatuvlar ssenariylarini ishlab chiqish, mualliflik sharhlarini shakllantirish va tahliliy bloklarni boyitishda nazariy-metodik asos bo‘lib xizmat qilgan (05-09-872-sonli dalolatnoma, 10.06.2025). Natijada mazkur ko‘rsatuvlarning ilmiy-tahliliy mazmuni va terminologik aniqligi kuchaytirilgan, adabiyotshunoslik va tarjimashunoslikka oid zamonaviy yondashuvlar ommaviy axborot vositalarida tizimli ravishda qo‘llangan hamda ilmiy bilimlarni keng auditoriyaga etkazishning samaradorligi sezilarli darajada oshirildi;
tadqiqotda olingan ilmiy natijalar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan IL-402104209-sonli “Axborot–qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google Translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” innovatsion loyihasida amaliyotga joriy etilgan. Jumladan, poetik matnlarda metafora, epitet, takror kabi stilistik birliklarni avtomatik aniqlash va tasniflash mexanizmlari avtomatlashtirilgan tahlil algoritmiga integratsiyalashgan, ritmik-takroriy strukturaning parametrik modeli ishlab chiqilgan, poetik obrazlarni elektron ma’lumotlar bazasida indekslash hamda poetik strukturalarni vizualizatsiya qilish tamoyillari dissertatsiya asosida ishlab chiqilgan ilmiy yondashuvlarga tayangan (01/4-3023-sonli ma’lumotnoma, 09.07.2025). Natijada dasturiy vositaning semantik-poetik tahlil imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirilgan, poetik birliklarning avtomatik aniqlanish aniqligi oshirilgan hamda poetik matnlarni kompyuter lingvistikasi asosida chuqur tahlil qilish uchun mustahkam ilmiy-metodik asos yaratildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish