Rajabov Adilbek Anvarbekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tajribaviy termik kuyishda immun tizimining morfofunksional tavsifi», 14.00.15–Patologik anatomiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Tib666.
Ilmiy rahbar: Magrupov Bahodir Asatullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Isroilov Rajabboy, tibbiyot fanlari doktori, professor; Aliev Baxrom Raximberdievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tajribaviy termik kuyish va uni o‘stirilgan allofibroblastlar bilan davolashda immun tizim markaziy va periferik a’zolarining patomorfologik o‘zgarishlarini hamda immunologik ko‘rsatkichlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tajribaviy termik kuyish va uni allofibroblastlar bilan davolashda immun tizimning morfofunksional ko‘rsatkichlarining immun tizimga ijobiy ta’siri asoslangan;
termik kuyish qo‘zg‘atilgan hayvonlar timus, limfa tugunlar, taloqda rivojlangan patomorfologik o‘zgarishlarning o‘ziga xos belgilari isbotlangan;
allofibroblast bilan davolangan termik kuyishda hayvonlar immun tizimi markaziy va periferik a’zolaridagi o‘ziga xos morfologik o‘zgarishlar mavjudligi isbotlangan;
termik kuyish natijasida hayvonlar immun statusining immunologik ko‘rsatkichlarida hujayraviy immunitet ko‘rsatkichlari pasayib, gumoral immunitet ko‘rsatkichlari ko‘tarilgani va neytrofillar fagotsitozlash qobiliyati va T-killerlar miqdorining oshganligi isbotlangan;
allofibroblast bilan davolangan termik kuyishda hayvonlar immun statusi ko‘rsatkichlarida tajribaning ilk davrlarida T-xelper hisobiga T-limfotsitlar miqdorining kamayishi, oxirgi davrlarda ko‘tarilishi, apoptozni faollashtiradigan CD95 hujayralarning ko‘payishi va hujayraviy immunitet faolligini ko‘rsatuvchi MPO/MSO nisbatan koeffisientining ko‘tarilganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tajribada termik kuyishda immun tizimining morofunksional tavsifini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Tajribada termik kuyishda immun tizimi o‘zgarishlarning xususiyatlari» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 20 may 8n-d/117-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanomada tajribiy termik kuyishda immun tizimi o‘zgarishlarining o‘ziga xos xususiyatlari, timusning patomorfologik o‘zgarishlarning baholash, ularning oldini olish hamda o‘z vaqtida samarali davolash tartibini tizimli tashkillashtirish imkonini bergan;
tajribada termik kuyishda immun tizimining morfunksional tavsifini baholashning o‘ziga xos xususiyatlarini patologoanatomik tashxislash va davolash tartibini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Immunologiya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy laboratoriyasi hamda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Xorazm filiali amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 30 dekabrdagi 8n-z/264-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi termik kuyishni erta tashxislash, bashoratlash va samarali davolash, bemorlar hayot sifatini yaxshilash, asoratlarni, nogironlikni kamaytirish, kuygan bemorlarning immun tizimini tiklashga qaratilgan amaliy tavsiyalarni joriy qilish imkonini bergan.