Jo‘raqulov Boburmirzo Bahodir o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tunkat – o‘rta asr hunarmandlar shahri”, 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2026.2.PhD/Tar1354
Ilmiy rahbar: Asqarov Ahmadali, O‘zR FA akademigi, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Antropologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01
Rasmiy opponentlar: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, O‘zR FA akademigi, tarix fanlari doktori A. S. Sagdullaev va Samarqand arxeologiya inistituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi M.H. Pardaev.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Tunkat arxeologiya yodgorligini o‘rta asrlarda hunarmandchilik, ayniqsa, metallurgiyaga ixtisoslashgan shahar sifatida arxeologik manbalar asosida kompleks tadqiq etish, uning shaharsozlik tuzilmasi, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayotini ilmiy tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
– Tunkat yodgorligining relef va me’moriy topografiyasi ilk bor geografik axborot tizimlari (GIS) hamda yuqori aniqlikdagi aerofototasvirlari va 3D modellashtirish asosida qayta tiklanib, shahar tuzilmasining klassik rejaviy tizimdan farqli o‘laroq, tabiiy relef va ishlab chiqarish manbalari bilan bog‘liq holda erkin shakllangan hunarmandlar mahallalari ko‘rinishida bo‘lganligi asoslangan;
– Tunkatning shimoliy qismida joylashgan metallurgiya qo‘ralari birinchi bor to‘liq ochib o‘rganilib, ularning konstruktiv tuzilmasi, xomashyosi va texnologik jarayonlari aniqlashtirildi. Metall eritish jarayoni uch bosqichli texnologik tizim asosida, ma’dan eritish va metallni qayta ishlash bosqichlari orqali amalga oshirilib, natijalar hamda laboratoriya tahlillari asosida ilmiy jihatdan isbotlandi;
– Tunkat yodgorligidan topilgan tangalarning kimyoviy tarkibi zamonaviy Vanta Element-S rusumidagi rentgen-fluoresans (XRF) analizatori yordamida ilk bor kompleks o‘rganildi. Olingan natijalarga ko‘ra, tangalar tarkibida mis asosli qotishmalar (Cu-Zn, Cu-Sn, Cu-Pb) hamda Sb, Bi, Ni kabi iz elementlarning mavjudligi aniqlanib, ularning tarkibiy ko‘rsatkichlari hududdan aniqlangan metallurgiya chiqindilari (shlaklar) bilan solishtirildi. Natijada tangalar metallining geokimyoviy xususiyatlari mahalliy rudalar va ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslandi.
– Tunkatdan topilgan shisha buyumlar XRF rentgen-fluoresans tahlili va XRF namunalarining CPS ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Ushbu tadqiqot natijalari orqali ishlatilgan shishalarning tarkibiy qismlar aniqlandi. Bu orqali hududdagi texnologik xomashyo bazasi va ishlab chiqarish manbalarining mahalliyligi ilmiy jihatdan dalillandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tunkat – o‘rta asr hunarmandlar shahri mavzusidagi tadqiqot bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Tunkat yodgorligining relef va me’moriy topografiyasi ilk bor geografik axborot tizimlari (GIS) hamda yuqori aniqlikdagi aerofototasvirlari va 3D modellashtirish asosida qayta tiklanib, shahar tuzilmasining klassik rejaviy tizimdan farqli o‘laroq, tabiiy relef va ishlab chiqarish manbalari bilan bog‘liq holda erkin shakllangan hunarmandlar mahallalari ko‘rinishida bo‘lganligi, Tunkatning shimoliy qismida joylashgan metallurgiya qo‘ralari birinchi bor to‘liq ochib o‘rganilib, ularning konstruktiv tuzilmasi, xomashyosi va texnologik jarayonlari aniqlashtirildi. Metall eritish jarayoni uch bosqichli texnologik tizim asosida, ma’dan eritish va metallni qayta ishlash bosqichlari orqali amalga oshirilganligi haqidagi xulosalardan va taqdim etilgan buyumlardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining o‘rta asrlar ekspozisiyasini boyitishda foydalanildi (O‘z R FA 2025-yil 25-noyabr 3/1255-2975 son ma’lumotnomasi). Natijada, keltirilgan ma’lumotlar hamda taqdim qilingan topilmalar muzey ekspozisiyasini ilmiy dalillar bilan boyitish va uning ommabopligini ta’minlash bilan birga, mamlakatimiz tarixining yangi qirralarini xalqimizga etkazishga xizmat qilgan.
Tunkat yodgorligidan topilgan tangalarning kimyoviy tarkibi zamonaviy Vanta Element-S rusumidagi rentgen-fluoresans (XRF) analizatori yordamida ilk bor kompleks o‘rganildi. Olingan natijalarga ko‘ra, tangalar tarkibida mis asosli qotishmalar (Cu-Zn, Cu-Sn, Cu-Pb) hamda Sb, Bi, Ni kabi iz elementlarning mavjudligi aniqlanib, ularning tarkibiy ko‘rsatkichlari hududdan aniqlangan metallurgiya chiqindilari (shlaklar) bilan solishtirilganligi, Tunkatdan topilgan shisha buyumlar XRF rentgen-fluoresans tahlili va XRF namunalarining CPS ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, tadqiqot natijalari bo‘yicha “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatiladigan “O‘tmish sirlari”, “Ko‘hna manzillar” kabi ko‘rsatuvlarini tayyorlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” Ijodiy birlashmasi” davlat muassasining 2025-yil 5-noyabrdagi 01-33/829-sonli ma’lumotnomasi).
Natijada, mazkur dasturda keltirilgan Tunkatni IX–XII asrlar davomida Ilok vohasi iqtisodiy markazi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi yirik metallurgiya tarmog‘ining muhim bo‘g‘ini bo‘lsa-da, shaharda hunarmandchilikning boshqa sohalari ham tekisda rivojlanib borganligi, bu holat Tunkatni nafaqat mahalliy ishlab chiqarish maskani, balki mintaqaviy metall savdosi va texnologik innovatsiyalar markazi sifatida baholash imkonini berishi, metall eritish texnologiyalarining lokal xususiyatlari va rivojlanish bosqichlari, Tunkat hududida topilgan qo‘ra qoldiqlari va tashqollar tahlili orqali esa mahalliy metallurgiya texnologiyasida ikki bosqichli eritish tizimi qo‘llanilganligi haqidagi tushunchalar ko‘rsatuvni ilmiy dalillar bilan boyitish va uning ommabopligini ta’minlash bilan birga, mamlakatimiz tarixining yangi qirralarini xalqimizga etkazishga xizmat qilgan.