Muxtarova Shaxnoza Fayzullaevnaning
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Arxeologik terminlarning qiyosiy-tipologik tahlili (ingliz, rus va o‘zbek tillari asosida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik .
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil1152
Ilmiy rahbar: Abdiev Murodqosim Bolbekovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.37.02.
Rasmiy opponentlar: Xayrullaev Xurshidjon Zaynievich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Mamatov Abdi Eshankulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Ingliz, rus va o‘zbek tillarida shakllangan arxeologik terminlarning semantik, morfologik va funksional xususiyatlarini aniqlash, tarjima jarayonida yuzaga keladigan nomuvofiqlik va semantik tafovutlarni bartaraf etish yo‘llarini belgilash hamda arxeologik terminlarni o‘zbek tilidagi ilmiy-terminologik tizimni takomillashtirishga ilmiy asos yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Artefakt» va «stratigrafiya» arxeologik terminlarining shakli, semantik mazmuni hamda qo‘llanishiga xos tizimlararo farqli jihatlar semantik kengayish va qisman ekvivalentlik tamoyillari asosida aniqlangan; xususan, ingliz tilida mazkur terminlarning analitik – bir necha ilmiy kontekst va ma’nolarda qo‘llanishi, rus tilida sintetik-funksional jihatdan terminlarning amaliy-ilmiy vazifaga yo‘naltirilgan holda ishlatilishi, o‘zbek tilida esa differensial-semantik aniqlik saqlangan holda termin ma’nosining kontekstga mos va nisbatan cheklangan tarzda qo‘llanishi asoslangan;
«geoarxeologiya», «geoantropologiya», «moddiy madaniyat», «kompleks» va «madaniy gorizont» arxeologik terminlari tahlil qilinib, xususan, «geo»- komponentining fanlararo integrativ ma’no ifodalashi semantik xususiyat sifatida, «madaniy gorizont» kabi birikma terminlarning analitik tuzilishi esa strukturaviy xususiyat sifatida asoslangan; shuningdek, tarjima jarayonida termin ma’nosining kengayishi yoki torayishi semantik transformatsiya sifatida aniqlanib, «kompleks» terminining «archaeological complex» shaklida qo‘llanishi bilan izohlangan; terminlarning ma’no ko‘lamidagi farqlanishi va til tizimiga moslashuvi esa «moddiy madaniyat» terminining «material culture» shaklida keng antropologik mazmunda ifodalanishi orqali dalillangan;
«industry–industriya» (tosh davri mehnat qurollari an’anasi), «complex–arxeologik kompleks», «tomb–qabr», «laer–qatlam» kabi o‘zbek tiliga kirib kelgan arxeologik terminlarning leksik-ma’no tafovutlari ochib berilgan; xususan, ayrim terminlarning ingliz tilida keng ilmiy ma’noda, rus tilida funksional-tarixiy mazmunda, o‘zbek tilida esa sohaviy aniqlik asosida qo‘llanishi aniqlangan va shu asosda arxeologik terminlarni tarjima qilishda yagona termin tanlash, kalkalash hamda transliteratsiya me’yorlarini muvofiqlashtirish, terminlarni milliy ilmiy uslubga mos holda qo‘llashga doir uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan;
“tools”, “trench”, “survey”, “burial context” arxeologik terminlarining ilmiy diskursdagi qo‘llanish darajasi aniqlangan; xususan, “trench” terminining qazish hududi ma’nosida tor sohaviy qo‘llanishi, “survey” terminining esa tadqiqot va kuzatuv ma’nolarini qamrab oluvchi keng semantik xususiyati asoslab berilgan; shuningdek, terminlarning ilmiy va ta’limiy jarayonlarda bir ma’noda va izchil qo‘llanishi konseptual aniqlikni ta’minlashi, uch tildagi tarjimada semantik mazmunning saqlanishi esa terminologik barqarorlikni kuchaytirishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqot jarayonida ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
arxeologik terminlarning ingliz, rus va o‘zbek tillari materiali asosida amalga oshirilgan qiyosiy-tipologik tahlili natijasida ishlab chiqilgan nazariy xulosalar va ilmiy asoslar FA-F-1-G0003 “Qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” (2017–2020) nomli fundamental loyiha doirasida samarali qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021-yil 11-oktyabrdagi 284/1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur joriy etish jarayoni davomida terminlarning yasalishi, shakl va semantik muvofiqlik mezonlarini aniqlashga oid uslubiy yondashuvlar boyitildi, tilshunoslikda terminologik birliklarni tahlil etishning ilmiy-nazariy asoslari takomillashtirildi hamda arxeologik terminologiya bo‘yicha olib borilayotgan amaliy tadqiqotlarning metodik samaradorligi oshirildi;
tadqiqotda arxeologik terminlarning semantik va strukturaviy xususiyatlari, ularning tarjima jarayonidagi ekvivalentlik darajalari, kontekstual moslashuv imkoniyatlari hamda tarjimaga oid muammolari nazariy va amaliy asosda kompleks tahlil qilinishi natijasida olingan ilmiy xulosalar A-1-057 raqamli “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini modulli o‘qitishda pedagoglarni kompetent tayyorlashning psixologik-pedagogik asoslari” mavzusidagi amaliy tadqiqot doirasida samarali qo‘llanildi (TATU Samarqand filialining 2021-yil 16-noyabrdagi 639/0101-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sohaga oid terminlarning o‘qitilishi bo‘yicha chet tillari mashg‘ulotlarining mazmuni takomillashtirildi, talabalar lingvistik kompetensiyasini rivojlantiruvchi metodik yondashuvlar boyitildi va o‘quv jarayonining sifatini oshiruvchi pedagogik asoslar shakllantirildi. Mazkur natijalar ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga hamda ta’lim sohasida belgilangan davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlarining amaliyotga tatbiq etilishiga xizmat qildi;
ingliz, rus va o‘zbek tillarida faol qo‘llaniladigan arxeologik terminlarning klassifikatsiyasi, strukturaviy modeli, semantik toifalanishi va leksik-ma’no tafovutlari lingvistik-tipologik mezonlar asosida tizimli ravishda tahlil qilinishi natijasida olingan ilmiy natijalar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi qoshidagi “Sadoqat” ijodiy seminari faoliyatida yosh avlodni umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash maqsadida amaliy jihatdan qo‘llanildi (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasining 2021-yil 20-dekabrdagi №103-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yosh ijodkorlarning badiiy tafakkuri va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, madaniy merosga ilmiy-nazariy yondashuvni shakllantirish hamda lingvistik tafakkurni boyitish jarayonida tadqiqot materiali samarali metodik vosita sifatida qo‘llanish imkonini berdi;
arxeologik terminlarning interlingvistik tahlili natijasida tarjima jarayonida uchraydigan terminologik nomuvofiqliklar, semantik siljishlar va leksik izchillikning buzilishi kabi lingvistik hodisalar aniqlandi hamda ularni bartaraf etish yo‘llariga oid nazariy takliflar ilmiy asosda ishlab chiqildi. Mazkur ilmiy natijalar “O‘zbek tilining milliy korpusini loyihalash va dasturiy majmua ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida, xususan, Respublika oliy ta’lim muassasasi filiali tomonidan bajarilgan ishlar jarayonida amaliy tarzda qo‘llanildi (TATU Samarqand filialining 2025-yil 29-iyuldagi №468/01-01-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, terminologik bazaning tizimlashtirilishi, tarjimada semantik aniqlikning ta’minlanishi va leksik barqarorlikning mustahkamlanishi yo‘nalishida tadqiqot nazariy-metodik asos sifatida xizmat qildi hamda lingvistik standartlashtirish jarayonining ilmiy bazasini boyitdi.