Isroilov Baxtiyor Abdullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Takroriy ekin sifatida marjumakning maqbul ekish muddatlari, me’yorlari va usullarinining hosildorlikka ta’siri”, 06.01.08– O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Qx573
Ilmiy rahbar: Azizov Baxram Muzaparovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
Rasmiy opponentlar: Maxmatmurodov Alisher Ulmasovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; O’roqov Sirojiddin Xudayberdievich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida marjumakning “Ilishevskaya” navini takroriy ekin sifatida maqbul ekish muddati, meyori va usullarining o‘simlikni o‘sishi, rivojlanishi, don hosili, sifati va iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlariga ta’sirini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida marjumakning “Ilishevskaya” navini takroriy ekin sifatida etishtirish uchun maqbul ekish muddati (20 iyun), ekish meyori (3,0 mln dona/ga) va ekish usullari (uch qatorlab) ishlab chiqilgan;
marjumakning “Ilishevskaya” navi 20 iyun muddatida uch qatorlab ekish usulida gektariga 3,0 mln. dona urug‘ hisobida ekilganda yakka qatorlab 1,0 mln. dona/ga va qo‘sh qatorlab 2,0 mln. dona/ga ekish meyorlariga hamda 1 iyul va 10 iyul muddatlaridagi barcha ekish meyorlariga (1,0; 2,0 va 3,0 mln. dona/ga) nisbatan urug‘larning dala unuvchanligi, o‘simlikning faol o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ijobiy ta’siri yuqori bo‘lganligi aniqlangan;
marjumakning “Ilishevskaya” navi 20 iyun muddatida ekilganda o‘rta (1 iyul) va kech (10 iyul) ekish muddatlariga nisbatan ekish meyorlariga bog‘liq holda o‘simlik bo‘yi 9,0-21,0 sm.ga, shox soni 0,8-1,0 donaga, barg soni 5,0-5,4 donaga, barg yuzasi 12,9-16,3 sm2/tupga, quruq massasi 3,2-5,2 g/tupga, fotosintez sof mahsuldorligi 0,44-0,69 g/m2 kunga hamda don tarkibidagi oqsil miqdori 1,5-1,7 % yuqori bo‘lganligi aniqlangan; 
barcha ekish muddatlarida 2,0 va 3,0 mln. dona/ga ekish meyorlariga nisbatan 1,0 mln. dona/ga ekish meyorida marjumak o‘simligi mahsuldorlik ko‘rsatkichlari (shingil soni, shingildagi don soni, don vazni, bir o‘simlikdagi don vazni va 1000 ta don vazni) yuqori bo‘lganligiga qaramay, 3,0 mln. dona/ga ekish meyorida o‘simlik maqbul tup soni evaziga hosildorlik (22,4, 18,8, 15,9 s/ga) yuqori bo‘lganligi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Takroriy ekin sifatida marjumakning maqbul ekish muddatlari, me’yorlari va usullarining hosildorlikka ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida: 
Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida marjumak navidan yuqori va sifatli hosil etishtirishda maqbul ekish muddatlari, meyorlari va usullarining ta’sirini o‘rganish va ilmiy asoslash borasida “Takroriy ekin sifatida marjumak etishtirish texnologiyasi bo‘yicha tavsiyalar” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 2 iyundagi 05/06-04-310-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tavsiyanoma viloyat qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi xodimlari, fermerlar va mutaxassislar uchun amaliy qo‘llanma sifatida hizmat qilmoqda;
tipik bo‘z tuproqlar sharoitida marjumakning “Ilishevskaya” navini takroriy ekin sifatida maqbul ekish muddati, ekish meyori va usullarida ekib etishtirish texnologiyasi Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi “Baxtiyor Samariddin” fermer xo‘jaligining 1,5 gektar maydonida va “Sarkor” fermer xo‘jaligining 2,0 gektar, jami 3,5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 2 iyundagi 05/06-04-310-son ma’lumotnomasi). Natijada marjumakning “Ilishevskaya” navini 20 iyun muddatida uch qatorlab, gektariga 3,0 mln. dona unuvchan urug‘ hisobida ekilganda, hosildorlik 22,5-23,3 s/ga.ni, rentabellik darajasi 82,9-87,9 %ni tashkil qilib, qo‘sh qatorlab 2,0 mln. dona/ga ekilganga nisbatan tegishlicha 4,2-4,8 s/ga va 15,9-20,3 % yuqori bo‘lishiga erishilgan.
marjumakning “Ilishevskaya” navini 20 iyunda uch qatorlab, gektariga 3,0 mln. dona urug‘ hisobida ekib etishtirish texnologiyasi Yuqori chirchiq tumanidagi “Ramazon agro fayz” fermer xo‘jaligining 1,5 gektar maydonida, “Madina-Roza” fermer xo‘jaligining 2,0 gektar maydonida, jami 3,5 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 2 iyundagi 05/06-04-310-son ma’lumotnomasi). Natijada, marjumak 20 iyunda uch qatorlab, gektariga 3,0 mln. dona urug‘ hisobida ekilganda, hosildorlik 23,6-23,9 s/ga.ni tashkil qilib, qo‘sh qatorlab 2,0 mln. dona/ga ekilganga nisbatan 2,9-4,5 s/ga hosil olishga erishilgan va rentabellik darajasi ham 14,3-17,3 % yuqori bo‘lgan; 
marjumakning “Ilishevskaya” navini takroriy ekin sifatida etishtirishning maqbul agrotexnologiya elementlari Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida jami 7,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 2 iyundagi 05/06-04-310-son ma’lumotnomasi). Natijada, 20 iyunda qo‘sh qatorlab, 2,0 mln. dona/ga urug‘ hisobida ekilganda etishtirilgan 1 kg donning tannarxi 2995-2825 so‘mni, olingan sof daromad 3670-4450 ming so‘m/ga.ni, uch qatorlab 3,0 mln. dona/ga. urug‘ hisobida ekilganda esa tegishlicha 2733-2573 so‘mni va 5100-5800 ming so‘m/ga.ni tashkil qilib, rentabellik darajasini esa 67,0 % dan 94,3 % gacha oshirishga erishilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish