Hayitov Jahongir Shodmonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turkistonda yangi ekin navlarining tarqalishi va ulardagi o‘zgarishlar (XIX asr oxiri-XX asr boshlari)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.02 – Fan va texnologiyalar tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2019.4.PhD/Tar.341.
Ilmiy rahbar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD. 03/30.12.2019.Tar.60.01.
Rasmiy opponentlar: Ahmedov Ashraf, tarix fanlari doktori; Xoliqova Rahbar Ergashevna, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr oxiri-XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida yangi ekin navlarining tarqalish tarixi va joriy etilishini jarayonini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Rossiya imperiyasi Turkistonda mustamlakachilik siyosatini yanada kuchaytirishni ko‘zlab o‘lkaning qulay iqlimiy-geografik imkoniyati, tuproq unumdorligi kabi omillardan keng foydalanish va metropoliya sanoat ehtiyojlarini qondirish uchun paxta monokul`turasi evaziga donli ekin maydonlarini yildan-yilga qisqartirilgani ilmiy jihatdan asoslangan;
imperiya markaziy rayonlarini sarxil mevalar va sifatli vino bilan ta’minlash maqsadida o‘lkada mevali daraxtlarning 300 dan ortiq turlari tajriba-sinovdan o‘tkazilganligi, Fransiya, AQSh, Kavkaz, Qrim, Markaziy va Janubiy Rossiya hududlaridan uzumning sifatli vino olinadigan yangi navlari Turkistonga keltirilib mahalliylashtirilgani ochib berilgan;
Turkistonga sabzavotlardan kartoshka, pomidor, karam, qizilcha (lavlagi), bulg‘or shirin va achchiq qalampiri, baqlajon, petrushka, grechka, fasol` kabi yangi ekin turlarining kirib kelishi natijasida o‘lka dehqonchilik madaniyatida va aholi oziq-ovqat ratsionida yuz bergan o‘zgarishlar aniqlangan;
yangi ekin turlari dastlab o‘lkaga ko‘chirib keltirilgan rusiyzabon aholi vakillari, agronom va seleksionerlar, “havaskor bog‘bonlar”, “havaskor dehqonlar”, sayyoh va savdogarlar orqali kirib kelganligi, keyinchalik yangi ekin navlarini ommalashtirish imperiya ma’murlari tomonidan davlat siyosati darajasida tatbiq etilgani ko‘rsatib berilgan;
Turkistonga kirib kelgan yangi ekin navlarining vegetatsiya davrini aniqlash, metrologik kuzatuvlar olib borish, urug‘chilik-seleksiya ishlari, ekin navlarining tabiiy sharoitga moslashuvchanligi, payvandlash, gibridlash, sinovdan o‘tkazish maqsadida viloyat va uezdlarda maxsus tajriba stansiyalari va tajriba-sinov maydonlari tashkil etilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turkistonda yangi ekin navlarining tarqalishi va ulardagi o‘zgarishlar tarixini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar, xulosa va takliflar asosida:
Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida Turkistonga kirib kelgan 300 dan ortiq o‘simlik, meva va sabzavot turlari, ularning iqlimlashtirilishi va vegetatsiyasiga oid tarixiy rasm, jadval va tajriba-sinov hujjatlari namunalaridan Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi “Tabiat” ilmiy bo‘limini yangi ekspozisiyalar bilan boyitishda foydalanilgan, muzey-qo‘riqxona ilmiy xodimlari o‘rtasida yangi ekin navlari, o‘simlik turlarining hozirga qadar saqlangan tasvirlari haqida suhbat-muloqotlar o‘tkazilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligining 2020 yil 25 fevraldagi 01-12-10-986 son ma’lumotnomasi.) Taqdim etilgan materiallar muzey-qo‘riqxona fondlarini tarixiy hujjatlar, ilmiy ma’lumotlar bilan boyitishga, xodimlarning kasbiy faoliyatlarini takomillashtirishga, muzeyga tashrif buyuruvchilarda XIX asr oxiri-XX asr boshlarida o‘lka iqtisodiyoti, ayniqsa, qishloq xo‘jaligining ahvoli haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishlariga xizmat qilgan;
XIX asr oxiri-XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasi va Buxoro vohasida tarqalgan paxta, donli ekinlar, sabzavotlarning urug‘chilik-seleksiya ishlari, mevali va manzarali daraxtlarni tabiiy sharoitlarga moslashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar hamda Buxoro vohasi dehqonchilik madaniyatida yuz bergan o‘zgarishlarga doir materiallardan Buxoro viloyat telekanalining “Menga so‘z bering” teleko‘rsatuvi ssenariysini tuzishda foydalanilgan hamda tadqiqot materiallari asosida davra suhbati va muloqotlar uyushtirilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 24 yanvardagi 02-15/257-son ma’lumotnomasi). Materiallar ko‘rsatuvlarni mazmunan boyitishga, teletomoshabinlarda Rossiya imperiyasi davrida o‘lkaga yangi kirib kelgan ekin navlari va o‘simlik turlari, qishloq aholisining mashg‘ulotlari va oziq-ovqat ratsioni haqida keng tushunchaga ega bo‘lishlariga xizmat qilgan.