Salixodjaeva Xavasxon Zakirjanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tili xrononim va geortonimlarining lisoniy tadqiqi», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.I. PhD/Fil.4.
Ilmiy rahbar: Uluqov Nosirjon Muhammadalievich filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:  Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Odilov Yorqinjon Raxmonalievich filologiya fanlari doktori; Husanov Nishonboy Abdusattorovich filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi o‘zbek tili xrononim va geortonimlarining lisoniy xususiyatlari hamda onomastik birliklar bilan munosabatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xrononim va geortonimlarning onomastik ko‘lamda tutgan o‘rni, lisoniy maqomi hamda boshqa onomastik birliklar bilan munosabati, ular doirasidagi o‘zaro o‘tishlar (onomastik konversiya va transonimizatsiya) aniqlangan;
xrononim va geortonimlarning umumiy hamda farqli, xususan, o‘zaro bog‘liqlik xususiyatlari dalillangan;
o‘zbek tili xrononim va geortonimlari sirasidagi ijtimoiy, madaniy va lisoniy takomillashuvlar sotsiolingvistik aspektda asoslangan;
o‘zbek tili xrononim va geortonimlarining etnolingvistik hamda  lingvokul`turologik xususiyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek tili xrononim va geortonimlarining lisoniy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xrononim va geortonimlarning derivatsion xususiyatlarini hamda lisoniy maqomi va vazifalarini yoritishda, shuningdek, mustaqillik davri o‘zbek onomastikasining taraqqiyotini ifodalovchi derivatsion nomlarni izohlashda Samarqand davlat chet tillar institutida bajarilgan OT-F8-062 raqamli «Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari» nomli fundamental ilmiy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 3 oktyabrdagi 89-03-3704-son ma’lumotnomasi). Natijada, atoqli otlar derivatsiyasiga doir izohlar va tahlillar mukammallashgan;
bayram, xususan, Navro‘z geortonimi va u bilan bog‘liq antroponimlar (kishi nomlari), biblionimlar (asar nomlari), aforizmlar (hikmatli so‘zlar) va paremiyalar (maqol va matallar)ning lisoniy, lisoniy-madaniy xususiyatlari hamda sotsiolingvistik, etnolingvistik talqin va tahlillaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining 2017 yilda Namangan viloyati «Kelajak nuri» nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan 44-08/70-14-sonli «Mustaqillik bergan ne’mat» nomli ilmiy-amaliy loyihasini bajarishda, xususan, mazkur loyiha asosida tayyorlangan «Navro‘z – mustaqillik bergan ne’mat» (Namangan: «Namangan» nashriyoti, 2017. – 300 b.) nomli metodik qo‘llanmani tayyorlashda foydalanilgan (Namangan viloyati «Kelajak nuri» nodavlat notijorat tashkilotining 2019 yil 9 sentyabrdagi 214-son ma’lumotnomasi). Natijada, kitob Navro‘z bayramining milliy lingvokul`terama sifatidagi tarixi, mohiyati, yoyilish areali, taraqqiyoti, lisoniy vazifasi, lingvomadaniy xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar bilan boyigan;
xrononim va geortonimlarning lisoniy tadqiqiga doir materiallardan 2017-2019 yillarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Bedorlik», «Ijod zavqi», «Ta’lim va taraqqiyot», «Millat ma’naviyati» kabi eshittirishlarga oid dasturlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2019 yil 24 iyuldagi 142-son ma’lumotnomasi). Natijada radiodasturlar o‘zbek milliy, diniy, kasbiy bayramlarining nomlanishi, lug‘aviy asoslari, lisoniy-madaniy vazifalari va xususiyatlari haqidagi ilmiy xulosalar bilan boyigan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish