Pulatov Sherdor Nematjonovichning 
falsafa fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sharq va G‘arb madaniy muloqotida Mahatma Gandi ijtimoiy-antropologik konsepsiyasining integral tahlili”, 09.00.03 – Falsafa tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Fal308
Ilmiy maslahatchi: Muhamedov Asror Asadovich, falsafa fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.F.01.07.
Rasmiy opponentlar: Turaev Baxtiyor Omanovich – falsafa fanlari doktori, professor, Ismoilov Muhammadixon Ismoilovich – falsafa fanlari doktori, professor, Bekbaev Rauf Rustamovich – falsafa fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Sharq va G‘arb madaniy muloqoti kontekstida Mahatma Gandining ijtimoiy-antropologik konsepsiyasini integral tahlil qilish, uning falsafiy, axloqiy va madaniy asoslarini ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Sharq va G‘arb falsafasidagi insonning axloqiy kamoloti, ma’naviy poklanishi, erkinligi va ijtimoiy mas’uliyatiga oid konsepsiyalar Mahatma Gandi antropologiyasining ijtimoiy-falsafiy, tarixiy va madaniy kontekstdagi rivojlanish dinamikasiga konseptual ta’siri ilmiy asoslangan.
Mahatma Gandi dunyoqarashining shakllanish jarayonida Sharq (Vedanta, Jaynizm, Buddizm), G‘arb (Lev Tolstoy, Jon Ryoskin, Henri Devid Toro) manbalari va boshqa subektiv omillarning konstruktiv ta’siri ochib berilgan.
Mahatma Gandining insoniylik ma’naviyatiga oid qarashlari asosida insonning integral xususiyatlari tizimli tadqiq etilib, uning madaniyatlararo muloqot, axloqiy transformatsiya va ijtimoiy rivojlanish jarayonlaridagi mavqei asoslab berilgan.
“Sarvodaya” (Barchaning farovonligi), “Satyagraha” (Haqiqatga sodiqlik) va “Sarvadharma Samabhava” (Diniy bag‘rikenglik) tushunchalari ijtimoiy-antropologik konsepsiya sifatida ma’naviy qadriyatlarni rivojlantiruvchi, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi tizimli jihatlari isbotlangan.
“Ahimsa” va “Svaraj” g‘oyalari zamonaviy sivilizatsiyada uchrayotgan global muammolar – zo‘ravonlik, adolatsizlik, madaniy va ekologik inqirozlarga qarshi universal tamoyillar ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sharq va G‘arb madaniy muloqotida Mahatma Gandi ijtimoiy-antropologik konsepsiyasining integral tahlili bo’yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
Sharq va G‘arb falsafasidagi insonning axloqiy kamoloti, ma’naviy poklanishi, erkinligi va ijtimoiy mas’uliyatiga oid konsepsiyalar Mahatma Gandi antropologiyasining ijtimoiy-falsafiy, tarixiy va madaniy kontekstdagi rivojlanish dinamikasiga konseptual ta’siri ilmiy asoslangan. Mahatma Gandi nazarida inson erkinligi, adolat va haqiqatga intilish zo‘ravonlik emas, balki sabr-toqat, iroda va ma’naviy poklik orqali amalga oshishi lozim. Shu bois uning insonparvarlik g‘oyalari millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va jamiyatda tinchlikni qaror toptirish masalalarida universal qadriyat sifatida e’tirof etilgan jihatlaridan foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2025 yil 20 oktyabrdagi 01-33/784-son ma’lumotnomasi). Natijada, axloqiy poklanishga urg‘u beruvchi bu ta’limot shaxsiy hayotdan tortib siyosiy faoliyatgacha bo‘lgan jarayonlarda halollik, mas’uliyat va mehr-oqibatni ustuvor qo‘yishni targ‘ib etishiga oid ilmiy-tarixiy ma’lumotlar yoshlarning ma’naviy kamolotiga xizmat qilgan.
Mahatma Gandi dunyoqarashining shakllanish jarayonida Sharq (Vedanta, Jaynizm, Buddizm), G‘arb (Lev Tolstoy, Jon Ryoskin, Henri Devid Toro) manbalarining hamda turli subektiv omillarning konstruktiv ta’siri komparativ tahliligiga oid ilmiy yangiliklardan o‘tkazilgan seminar-treninglarda metodik material sifatida foydalanilgan (Andijon davlat pedagogika institutida 2024-yil 26-martdagi 01-166-sonli buyruq asosida amalga oshirilgan “Moddiy javobgar shaxslarning tavakkalchilik bilan bog‘liq virtual o‘yinlarga moyilligini diagnostika va korreksiya qilish” amaliy loyihasining 2025-yil 5-noyabrdagi № 01-1177-son ma’lumotnomasi). Natijada, Mahatma Gandi falsafasining xususan, Vedantik o‘zini anglash, Jaincha ahimsa tamoyili va G‘arb ma’rifatparvarligi (Tolstoy, Ryoskin, Toro) singari g‘oyaviy manbalarining insoniy mas’uliyat, axloqiy refleksiya hamda ongli tanlov mexanizmlarini shakllantirishdagi roli empirik jihatdan tasdiqlandi. Bu konsepsiyalar tavakkalchilik xulqini boshqarish, ma’naviy-psixologik barqarorlikni mustahkamlash hamda shaxsning ijtimoiy-axloqiy kompetensiyasini rivojlantirishga ilmiy asoslangan metodik turtki sifatida xizmat qilgan.
Mahatma Gandi inson falsafasining ijtimoiy-falsafiy, tarixiy va madaniy kontekstdagi rivojlanish dinamikasi, o‘ziga xos jihatlarini aniqlash, Hind falsafasida Mahatma Gandi dunyoqarashining o‘rni, uning shakllanish jarayonida Sharq va G‘arb mutafakkirlarining qarashlari, asarlarining konstruktiv ta’sirini o‘rganish, Mahatma Gandining inson tabiatining ma’naviy asoslari konsepsiyasi negizida insonning integral xususiyati tadqiq etilib, uning madaniyatlararo muloqot, axloqiy yangilanish va ijtimoiy taraqqiyotdagi mavqeyi mantiqiy dalillangan (Respublika ma’naviyat va marifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadiqiqotlar institutining 2025 yil 14 oktyabrdagi 10/678-son ma’lumotnomasi). Natijada, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimida “Mehr-oqibatli o‘zbek halqining madaniyati”, “Tarix – ma’naviyat ko‘zgusi” kabi qator mavzulardagi madaniy, ma’rifiy tadbirlar rejasini tuzishga xizmat qilgan.
“Sarvodaya” (Barchaning farovonligi), “Satyagraha” (Haqiqatga sodiqlik) va “Sarvadharma Samabhava” (Diniy bag‘rikenglik) tushunchalari ijtimoiy-antropologik konsepsiyasi sifatida ma’naviy qadriyatlarni rivojlantiruvchi, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi tizimli jihatlari isbotlangan. (O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining 2025 yil 10 oktyabrdagi 04-13/810-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarni axborot urushi davrida mafkuraviy tajovuzlardan asrashga oid taklif va tavsiyalar targʼibot ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. 
“Ahimsa” va “Svaraj” g‘oyalari zamonaviy sivilizatsiyada uchrayotgan global muammolar – zo‘ravonlik, adolatsizlik, madaniy va ekologik inqirozlarga qarshi universal tamoyillar ekanligi falsafiy asosga ega ekanligiga doir xulosa va tavsiyalardan O‘zbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Mahatma Gandi-tinchlik elchisi” mavzusidagi seminarini o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazining 2025 yil 11 sentyabrdagi 525/25-son ma’lumotnomasi). Natijada, ilmiy tadqiqot natijalari va xulosalari globallashuv jarayonida insonlar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilikka barham berish va murosa madaniyatini shakllantirish, shuningdek, istiqbolda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalar rivojiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish