Axmedova Go‘zal Yusufovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Rang nomlari va ularning o‘quv lug‘atlarda berilishi (inglizcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-inglizcha o‘quv lug‘atlari misolida)” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2022.2. PhD/Fil 2524.
Ilmiy maslahatchi: Baxriddinova Bashorat Madievna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Turon universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.39.01. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: birinchi rasmiy opponent sifatida Danieva Maysara Djamalovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; ikkinchi rasmiy opponent sifatida Yuldashev Akmal Gulyamjanovich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida rang nomlari, ularning lingvomadaniy xususiyatlarini qiyosiy o‘rganish asosida leksikografik talqinlarini mukammallashtirish hamda ularning o‘zaro tarjima masalalarini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ingliz va o‘zbek tillarida rang fenomeni, uning tabiiy, semantik va konseptual talqini, ranglarga nom berishning nominativ asoslari, genezisi aniqlangan; rang lingvistikasining basic colour terms, colouronym, colour naming, colourema, chromatonym, occasional chromatonym, linguo-colour image of the world kabi terminologik va leksikografik tushunchalari majmuaviy mexanizm sifatida asoslangan;
ingliz va o‘zbek tillariga mansub asosiy va rang jilolari bilan bog‘liq koloronimlar aniqlangan, leksik-semantik, struktur-grammatik va derivatsion xususiyatlariga ko‘ra tasniflangan; rang-tus sifatlari, konversiyaga uchragan rang otlari, sodda, yasama, qo‘shma va birikmali rang nomlari, shuningdek, rang komponentli terminlar, frazeologik birliklar chog‘ishtirilgan, farqli va o‘xshash jihatlari ochib berilgan;
olamning lingvorang manzarasi (linguo-colour image) tushunchasidan kelib chiqib ingliz va o‘zbek tillarining ranglarga xos, ranglar bilan bog‘liq olami, rangning milliy-madaniy merosning tarkibiy qismi sifatida xalqning etnolingvistik madaniyatida konsept sifatida mavjudligi, til egalarining milliy-madaniy tafakkurida individual aks etishi blue – ko‘k, black – qora, green – yashil koloremalari orqali dalillangan;
umumiy va ikki tilli o‘quv izohli lug‘atlarda rangning real, lisoniy va lingvomadaniy talqinini berishda madaniy sharh (cultural note), fonetik, grammatik, etimologik, hududiy pometalar, illyustrativ misollarning funksional ahamiyatga ega ekanligi asoslangan; ranglar semantikasiga xos milliy-madaniy xususiyatlarni tarjima va talqinda aks ettirish, o‘zlashma rang nomlarini milliylashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillariga mansub asosiy va rang jilolari bilan bog‘liq koloronimlar, ularning leksik-semantik, struktur-grammatik va derivatsion xususiyatlariga ko‘ra tasnifi, rang-tus sifatlari, konversiyaga uchragan rang otlari, sodda, yasama, qo‘shma va birikmali rang nomlari, shuningdek, rang komponentli terminlar, frazeologik birliklarning farqli va o‘xshash jihatlari hamda umumiy va ikki tilli o‘quv izohli lug‘atlarda rangning real, lisoniy va lingvomadaniy talqinini berishda madaniy sharh, fonetik, grammatik, etimologik, hududiy pometalar, illyustrativ misollarning funksional ahamiyati, ranglar semantikasiga xos milliy-madaniy xususiyatlarni tarjima va talqinda aks ettirish, o‘zlashma rang nomlarini milliylashtirishga doir taklif va tavsiyalardan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021–2023-yillarda bajarilgan PF-201912258 raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 20-sentabrdagi 01/4-4330-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu platforma ingliz va o‘zbek tillaridagi asosiy va rang jilolari bilan bog‘liq koloronimlar, ularning madaniy sharhi hamda leksikografiya rivojiga oid boy ilmiy manba va ma’lumotlar bilan boyitilgan. Bu jarayon leksik-semantik tahlillar asosida so‘z boyligini tizimlashtirish va lug‘at tuzish tamoyillariga yangicha yondashuvni shakllantirishga hissa qo‘shgan;
olamning lingvorang manzarasi tushunchasidan kelib chiqib ingliz va o‘zbek tillarining ranglarga xos, ranglar bilan bog‘liq olami, rangning milliy-madaniy merosning tarkibiy qismi sifatida xalqning etnolingvistik madaniyatida konsept sifatida mavjudligi, til egalarining milliy-madaniy tafakkurida individual aks etishi blue – ko‘k, black – qora, green – yashil koloremalari orqali dalillanganiga oid qiyosiy tahlillardan “Ranglar lug‘ati (inglizcha-oʻzbekcha o‘quv izohli lug‘at)” nomli elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi № DGU 54990-sonli guvohnoma). Ushbu dastur ranglarning til va madaniyatdagi o‘rnini chuqur o‘rganish, ikkinchi chet tili sifatida o‘rganilayotgan tilni egallash jarayonini soddalashtirish bilan birga lingvistik tadqiqotlar uchun amaliy asos vazifasini o‘tagan;
ingliz va o‘zbek tillarida rang fenomeni, uning tabiiy, semantik va konseptual talqini, ranglarga nom berishning nominativ asoslari, genezisi, rang lingvistikasining basic colour terms, colouronym, colour naming, colourema, chromatonym, occasional chromatonym, linguo-colour image of the world kabi terminologik va leksikografik tushunchalarining majmuaviy mexanizm sifatida asoslanganiga oid fikrlar va xulosalardan esa Qashqadaryo viloyati teleradiokanali “Fayzli kun” dasturining 2025-yil 17-sentabr kuni efirga uzatilgan sonida (Qashqadaryo viloyati teleradiokanalining 2025-yil 17-sentabrdagi 17-05/143-son ma’lumotnomasi) hamda “Qashqadaryo viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi “Oltin voha” radiosining “Quvnoq nonushta” nomli radioeshittirishining 2025-yil 17-sentabr sonini (“Qashqadaryo viloyati teleradiokanali” davlat muassasasining 2025-yil 17-sentabrdagi 17-05/144-sonli ma’lumotnomasi) tayyorlashda foydalanilgan. Natijada dastur ingliz va o‘zbek tillarida ranglarga nom berish, olamning lingvorang manzarasini jamiyat hayotida tutgan o‘rni hamda ularning ingliz va o‘zbek tili leksikografiyasi rivojidagi ahamiyati haqidagi ma’lumotlar bilan boyigan. Bu O‘zbekistonda lug‘atshunoslik sohasidagi ilmiy yangiliklar mohiyatini ommaga tushunarli tarzda targ‘ib etib, ilmiy tafakkur va madaniy taraqqiyot rivojiga hissa qo‘shishga xizmat qilgan.