Alimova Iroda Xayritdinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Audiovizual tarjima matnlarida leksik birliklarning lingvomadaniy xususiyatlari; 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: -
Ilmiy rahbar: Djafarova Dildora Ilxomovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.01.11
Rasmiy opponentlar: J.Sh.Djumabaeva filologiya fanlari doktori (DSc), professor; D.A.Abduazizova , filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi audiovizual tarjima matnlarida verbal va noverbal komponentlarning lingvomadaniy xususiyatlarini ochib berish, ularning o‘zbek tiliga dublyaj va subtitr orqali majmuaviy dominant tarjima strategiyalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
audiovizual tarjima turi, tarjimashunoslik sohalari tizimida sinxron, badiiy, yozma hamda og‘zaki tarjimalarning alohida – alohida xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan holda, ularning ma’lum bir funksional va struktur jihatlarini birlashtiruvchi murakkab va ko‘p qatlamli tarjima turi sifatida namoyon bo‘lishi, ushbu jarayonga kommunikativ, texnik va lingvomadaniy omillarning ta’siri qo‘shilib o‘ziga xos komplekslik yasalishi nazariy va amaliy misol va xulosalar orqali dalillandi;
subtitrlash jarayonida madaniy realiyalar tarjimasi uchun strategiya tanlash masalasi bevosita subtitr matnining vaqt va makon bilan bog‘liq texnik cheklovlari natijasida yuzaga keladigan kompressiya usuli bilan uzviy aloqador ekani, ya’ni madaniy birlikning semantik yadrosini saqlagan holda ixchamlashtirish zarurati lingvistik ko‘nikma orqali amalga oshirilishi audiovizual tarjima materiallar misolida qiyosiy-tahliliy usullar orqali isbotlandi;
kino va multfilmlarda uchraydigan realiyalarning asosiy qismi qaysi turkumga mansub bo‘lishi mazkur audiovizual asarning mavzu yo‘nalishi hamda audiovizual asar janri bilan bevosita bog‘liq holda shakllanishi, ya’ni, drama, komediya, fentezi va jangari janrlarda realiyalarning ma’lum turkumining ko‘p uchrashi, xususan, mifologik turkumga xos realiyalar audiovizual asarlarning fentezi hamda komediya janrlarida miqdor jihatdan ko‘p keltirilishi empirik dalillar asosida aniqlandi;
audiovizual tarjima matnini shakllantirish jarayonida verbal komponentlar bilan bir qatorda vizual noverbal komponentlar sirasiga kiruvchi – imo-ishora, mimika, proksemika, kinesika, va fon elementlarining tarjima jarayonida e’tiborga olinishi xabar mazmunining to‘liq va adekvat etkazilishini ta’minlovchi muhim omil ekani, ushbu komponentlarning o‘zaro uyg‘unligi tarjima sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi ilmiy jihatdan o‘ta dolzarbligi isbotlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Audiovizual matnda uchraydigan leksik birliklarning lingvomadaniy xususiyatlarini aniqlashdan olingan natijalar asosida:
natijalarning joriy qilinishi chet tilini o‘rganishda va o‘rgatishda, ayniqsa tarjima jarayonida subtitr va dublyajdagi tarjimaning qiyosiy o‘rganish, leksik birliklarning ikki tildagi lingvomadaniy jihatlarini keltirish, lingvistik bilimlarni professional tarjimonlikda qo‘llash uchun ham amaliy yordam beradi. Mazkur dissertatsiyasining ilmiy natijalari asosida audiovizual tarjima matnlarida uchraydigan verbal komponent sirasiga kiruvchi realiya va vizual noverbal vositalar tarjimasining birgalikda e’tiborga olinganligi tahlili xulosalaridan va materiallaridan hamda realiyalarning turkumlanishi audiovizual asarning janri va mavzusiga taaluqliligi bo‘yicha O‘zbekiston Milliy universitetida bajarilgan Ya-1-06-sonli “Professional tarjimonlarni tayyorlashda sifat nazoratini tashkillashtirishga komponent yondashuv” mavzusidagi amaliy ilmiy-tadqiqot loyihasi doirasida foydalanildi.
Mazkur ishning ilmiy natijalari va materiallaridan Erasmus+ dasturining Project № 598340-EPP-1-2018-1-ES-EPPKA2-CBHE-JP University Cooperation Framework for Knowledge Transfer in Central Asia and China (UNICAC) nomli innovatsion tadqiqotlar loyihasida foydalanilgan. Xususan, uning asosiy tushuncha va tamoyillari haqidagi nazariya va fikrlaridan, shuningdek, audiovizual tarjimaning nazariy va amaliy asoslari, audiovizual tarjima matn yaratilishining texnik ko‘nikmalaridan olingan xulosalari va tahlillaridan loyiha doirasida OTM magistratura talabalari uchun onlayn darslar tashkil etishda, milliy va mintaqalararo tavsiyalarni ishlab chiqishda, shuningdek xalqaro mobillik va hamkorlik uchun UNICAC loyihasining strategik rejalarini ishlab chiqishda qo‘llanildi.
Dissertatsiyada zamonaviy tilshunoslikning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri bo‘lgan lingvokulturologiya fani, uning asosiy tushuncha va tamoyillari haqidagi nazariya va fikrlaridan, shuningdek, audiovizual tarjima bo‘limlaridan – subtitr orqali tarjimaning farqli jihatlari, tarjima yaratilishining texnik ko‘nikmalari hamda realiya tarjimasiga oid strategiyalar subtitrning texnik jaqrayoni bilan birga bog‘liqligi xulosalari va tahlillaridan loyiha doirasida strategik rejalarini ishlab chiqishda qo‘llanildi. Jumladan, ilmiy natijalari, amaliy taklif va tavsiyalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan tayyorlangan 2025-yil 25-avgust hamda sentyabr oylarida efirga uzatilgan “Til-millat ko‘zgusi”, “Ta’lim va taraqqiyot” nomli eshittirishlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan.