Saidov Utkir Uralboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Turizm sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish (O‘zbekiston Respublikasi misolida)”, 08.00.17 - Turizm va mehmonxona faoliyati.  
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Iqt1634 
Ilmiy rahbar: Nazarova Ra’no Rustamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.33/08.05.2024.I.176.01
Rasmiy opponentlar: Alieva Mahbuba To‘ychievna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor. Safarov Bahodir Shaxriyorovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turizm sohasida davlat-xususiy sheriklikning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish hamda ularni O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishda qo‘llash samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalarni shakllantirishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Turizmda DXSh mexanizmlaridan samarali foydalanishga oid “Turizm sohasida DXSh” tushunchasi mohiyati ijtimoiy-iqtisodiy hamda hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda aniqlashtirildi va nazariy jihatdan asoslab berilib, DXShning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini qo‘llash yo‘nalishlarini aniq belgilash hamda ularni amaliy jihatdan moslashtirish uchun asos yaratdi;
DXSh tizimida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini joriy etish hamda turistik loyihalarni amalga oshirish jarayonida davlat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishga qaratilgan “sektorlararo sheriklik” konsepsiyasidan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligi ilmiy jihatdan asoslab berildi;
Turizm sohasida DXShning optimal tashkiliy-boshqaruv tuzilmasi shakllantirildi. U DXSh mexanizmlaridan samarali foydalanish, loyiha boshqaruvini institutsional qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy tashkiliy-iqtisodiy elementlarni turistik tashabbuslarni amalga oshirish tizimiga integratsiya qilishga asoslangan;
Iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik komponentlarni o‘z ichiga olgan hamda barqaror rivojlanishning uchlik konsepsiyasiga asoslangan “Barqaror turizmni rivojlantirish” modeli (SDT) taklifi ilmiy asoslangan. Modelning samaradorligi 2016–2024 yillardagi statistik ma’lumotlarni tahlil qilish hamda 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash orqali ilmiy isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Agroturizmni rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi “Turizm to‘g‘risida”gi Qonunining yangi tahririni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etgan muallif tomonidan Qonunning 
6-moddasida “Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari”dan biri sifatida mazkur sohada “davlat-xususiy sheriklik”ni rivojlantirish masalasi bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilib, qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 2024-yil 14-noyabrdagi 03-12-17-8060-sonli ma’lumotnomasi). Bunda turizm sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini qo‘llashning asosiy tashabbuskori va tartibga soluvchi sektor sifatida davlat organlarining mas’uliyatini yanada oshirish nazarda tutilgan;
Mazkur dissertatsiya ishi doirasida ishlab chiqilgan xulosalar asosida turizm sohasi, jumladan madaniy meros obektlarining samarali boshqaruv tizimini yaratishda DXSh mexanizmlaridan foydalanish hamda uning aniq tartibini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 
6-apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6199-sonli Farmoni orqali amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 
2024-yil 14-noyabrdagi 03-12-17-8060-sonli ma’lumotnomasi). Jumladan, turizm va madaniy meros obektlarini DXSh asosida samarali boshqarish hamda sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish ushbu sohadagi davlat boshqaruv organining asosiy vazifalaridan biri sifatida mustahkamlangan;
Dissertatsiya ishida turizm sohasida “sektorlararo sheriklik” nazariyasi, ya’ni jamiyatdagi uch sektor (davlat-xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlari) hamkorligini rivojlantirish orqali turizm sohasini barqaror rivojlantirish hamda samarali boshqaruv tizimini joriy etish modeli tavsiya qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 2024-yil 14-noyabrdagi 03-12-17-8060-sonli ma’lumotnomasi). Bugungi kunda turizm sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat-notijorat tashkilotlari, tadbirkorlar va investorlar bilan ishlash tizimi yaratilgan bo‘lib, “sektorlararo sheriklik” mexanizmlari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 
PQ-135-sonli qarori asosida turizm sohasidagi nodavlat sektorni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilandi;
Dissertatsiya ishida bugungi kundagi ekologik muammolar hamda jahon miqyosida eng dolzarb masalalardan bo‘lgan “barqaror turizm”ni rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surilgan. Jumladan, turizm va yondosh sohalarni rivojlantirishga qaratilgan davlat qarorlari va normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga hamda madaniy merosga zarar etkazmaslik nuqtai nazaridan ekspertizadan o‘tkazilishi lozimligi, barqaror turizmni rivojlantirish yo‘nalishidagi DXSh loyihalari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish hamda barqaror turizm va DXSh loyihalarini monitoring qilish va baholash tizimini takomillashtirish. Ushbu tavsiyalar bugungi kunda ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash jarayonlarida foydalanilmoqda (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 2024-yil 14-noyabrdagi 
03-12-17-8060-sonli ma’lumotnomasi). Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-21-sonli qarori doirasida ekoturistik maskanlar loyihalarini tayyorlashda “barqaror turizm” mezonlariga tayanish belgilangan;
Turizm sohasidagi loyihalarni samarali amalga oshirishda DXSh mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar asosida Samarqand viloyatida turizm sohasida amalga oshirilgan yirik investisiya loyihalari davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida amalga oshirilgan (Samarqand viloyati Turizm boshqarmasining 2024-yil 15-noyabrdagi 02-13/1562-sonli ma’lumotnomasi). Jumladan, sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida bir nechta yirik mehmonxona loyihalari DXSh modeli asosida amalga oshirilmoqda. Xususan, xalqaro mehmonxona tarmoqlari bilan hamkorlikda yangi mehmonxona komplekslari, dam olish maskanlari, shuningdek, an’anaviy uslubdagi mehmon uylari barpo etilmoqda. Misol sifatida Samarqandda barpo etilgan “Silk Road Samarkand” turizm markazini keltirish mumkin. Bu zamonaviy turizm markazi DXSh asosida barpo etilgan yirik loyihalardan biri bo‘lib, unda mehmonxonalar, konferensiya zallari, dam olish maskanlari va ko‘ngilochar maskanlar joylashgan;
Mazkur dissertatsiya ishida turizm infratuzilmasini barpo etishda DXSh mexanizmlaridan samarali foydalanish hamda dunyoda qo‘llanilayotgan zamonaviy modellarni O‘zbekistonda joriy etish masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan bo‘lib, Samarqand viloyati turizm infratuzilmasi, jumladan, “Samarqand” xalqaro aeroportini zamonaviy rekonstruksiya qilish loyihasini ishlab chiqishda ushbu tavsiyalardan foydalanilgan (Samarqand viloyati Turizm boshqarmasining 2024-yil 15-noyabrdagi 02-13/1562-sonli ma’lumotnomasi). O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-dekabrdagi “Samarqand viloyatining turizm va transport salohiyatidan samarali foydalanish, viloyatni “Samarqand - Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasi asosida rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-455-sonli qarori asosida Samarqand xalqaro aeroporti DXSh mexanizmlari asosida rekonstruksiya qilindi. Aeroportni kengaytirish va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirish maqsadida xususiy sarmoyadorlar ishtirokida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Yangi terminalning qurilishi va transport infratuzilmasining yaxshilanishi sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilmoqda.
Dissertatsiya ishi doirasida berilgan turizm va yondosh sohalarni rivojlantirishga qaratilgan davlat qarorlari va normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga hamda madaniy merosga zarar etkazmaslik nuqtai nazaridan ekspertizadan o‘tkazish taklifi sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu asosda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlar  va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grant dasturi doirasida Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal va Forish tumanlarida amalga oshirgan “Oilaviy mehmon uylari – qishloq hududlarida ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish vositasi” nomli loyiha doirasida bo‘lajak tadbirkorlarga barqaror turizmni rivojlantirish, atrof-muhit va qadriyatlarni asrash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berilgan (O‘zbekiston mehmon uylari va xostel egalari assotsiatsiyasining 2025-yil 10-fevraldagi 25/3-sonli ma’lumotnomasi).

Yangiliklarga obuna bo‘lish