Atamuratova Mirjaxan Jumanazarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpoq xalqi ma’naviy hayotiga tasavvuf ta’limoti ta’sirining ijtimoiy-falsafiy tahlili”, 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fal484.
Ilmiy rahbar: Embergenov Ansatbay Paluanovich, falsafa fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nukus davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.F.01.07.
Rasmiy opponentlar: Xolmuminov Ja’far Muhammadievich, falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent, Norov Toji Omonovich, falsafa fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tasavvuf ta’limotining qoraqalpoq xalqi ma’naviy hayotiga ta’sirini ijtimoiy-falsafiy jihatdan tahlil etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tasavvuf ta’limoti birinchi marta qoraqalpoq xalqining ma’naviy hayoti kontekstida ijtimoiy-falsafiy fenomen sifatida talqin etilib, uning shaxs, jamiyat hamda madaniyat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi aksiologik tizim ekani asoslab berilgan;
qoraqalpoq jamiyatida tasavvufiy axloqning xalq og‘zaki ijodi, urf-odatlar va adabiy meros orqali institutsionallashishi etnomadaniy o‘ziga xoslikni saqlash hamda barqaror ijtimoiy xulq-atvor modellarini shakllantirishning muhim omili ekani isbotlangan;
globallashuv sharoitida tasavvuf merosining ijtimoiy integratsiya determinanti hamda konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlovchi omil sifatidagi o‘rni dalillangan;
tasavvufiy axloqiy qadriyatlarning yoshlar ijtimoiy subektligini shakllantirishdagi resurs salohiyati hamda zamonaviy ijtimoiy-madaniy tahdidlarga qarshi ma’naviy immunitetni ta’minlash mexanizmi sifatidagi roli asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpoq xalqi ma’naviy hayotiga tasavvuf ta’limoti ta’sirining ijtimoiy-falsafiy tahlili natijalarida ishlab chiqilgan takliflar asosida:
tasavvuf ta’limoti birinchi marta qoraqalpoq xalqining ma’naviy hayoti kontekstida ijtimoiy-falsafiy fenomen sifatida talqin etilib, uning shaxs, jamiyat hamda madaniyat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi aksiologik tizim ekani asoslab berilganligiga oid ilmiy xulosadan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining 2024-yil 6-fevraldagi 01-12/05-74-sonli “2024-yilda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil qilishga mo‘ljallangan Yo‘l xarita”da 34-bandida belgilangan “Milliy qadriyatlar bilan ma’naviy kamolot sari” shiori ostidagi tadbirlar rejasini ishlab chiqishda, 96-bandi “Ma’naviyat manzillari” mavzusidagi maxsus ko‘rsatuvni yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, “Jaholatga qarshi ma’rifat g‘oyasi asosida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil qilish” bo‘limida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mazkur tadqiqot natijalaridan samarali foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 28.09.2024-yildagi 01-13/90-son ma’lumotnomasi). Natijada tasavvufiy-ma’naviy merosning tarbiyaviy salohiyati amaliyotga joriy etilib, aholining ma’naviy ongini yuksaltirish va milliy o‘zlikni anglash darajasini oshirishga xizmat qilgan;
qoraqalpoq jamiyatida tasavvufiy axloqning xalq og‘zaki ijodi, urf-odatlar va adabiy meros orqali institutsionallashishi etnomadaniy o‘ziga xoslikni saqlash hamda barqaror ijtimoiy xulq-atvor modellarini shakllantirishning muhim omili ekani isbotlanganligiga oid ilmiy xulosadan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining 2023-yil ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi doirasida qo‘llanildi va dasturining 13-bandida belgilangan “Ulug‘ ajdodlardan meros – shijoat” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda, shuningdek 15-bandiga muvofiq ta’lim muassasalari, mahallalar hamda harbiy qismlarda yoshlar o‘rtasida aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm xavfiga qarshi kurashish maqsadida o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi uchrashuv va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining 02.10.2024-yildagi 02-06/700-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur taklif va tavsiyalar yoshlar tarbiyasi hamda milliy identitetni mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning amaliy samaradorligini oshirishga, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, vatanparvarlik, insonparvarlik va diniy bag‘rikenglik tuyg‘ularini shakllantirish, Vatanga daxldorlik hissini kuchaytirish hamda umuminsoniy g‘oyalarni mujassam etgan komil inson idealini qaror toptirishga xizmat qilgan;
globallashuv sharoitida tasavvuf merosining ijtimoiy integratsiya determinanti hamda konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlovchi omil sifatidagi o‘rni dalillanganligiga oid ilmiy xulosa Qoraqalpog‘iston teleradiokanali tomonidan 2024-yilda efirga uzatilgan “Davr nafasi” va “Ma’naviyat bo‘stoni” ko‘rsatuv-hamda eshittirishlarining dastur ssenariylarini tayyorlash jarayonida amaliyotda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining 07.10.2024-yildagi 05-22/440-son ma’lumotnomasi). Natijada, qoraqalpoq xalqining ma’naviy hayotida asrlar davomida shakllangan tasavvufiy qadriyatlar ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik ongiga ilmiy asosda etkazildi. Bu esa aholining xalqning boy ma’naviy merosi haqidagi xabardorligini oshirish, milliy g‘ururni yuksaltirish, avlodlar davomiyligini saqlash hamda jamiyatda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qilgan;
tasavvufiy axloqiy qadriyatlarning yoshlar ijtimoiy subektligini shakllantirishdagi resurs salohiyati hamda zamonaviy ijtimoiy-madaniy tahdidlarga qarshi ma’naviy immunitetni ta’minlash mexanizmi sifatidagi roli asoslanganligiga oid ilmiy xulosadan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturining II rejasidagi 6.4-band - “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash” bandlari ijrosini ta’minlashda foydalanildi va ular ma’rifiy-profilaktik uchrashuvlar mazmuniga kiritildi (O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining 05.05.2025-yildagi 81-son ma’lumotnomasi). Natijada, globallashuv sharoitida kuchayayotgan ma’naviy tahdidlar fonida qoraqalpoq xalqining ma’naviy merosi, ayniqsa tasavvuf qadriyatlariga tayanib, jamiyatda ma’naviy barqarorlikni mustahkamlash, milliy urf-odat va an’analar qadriyatini oshirish hamda milliy-ma’naviy yuksalish tashabbuslarini nazariy asoslashda ushbu tadqiqot muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan.