Jumaqulova Go‘zal Sayfiddin qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Biologik faollikka ega bo‘lgan to‘qimali biostimulyatorlarni organizmga ta’siri va ularning immunologik solishtirma ko‘rsatkichlari», 03.00.08 – Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/B1565.
Ilmiy rahbar: Kaxorov Bolta Abdugafarovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.V.11.06.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Nurali Azamovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Shaxmurova Gulnora Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: biostimulyator preparatlarning (qoramol jigari gidrolizati, solishtirish uchun “Timozin” immunomodulyator preparati) chorvachilik hayvonlarini gematologik ko‘rsatkichlari va immun tizimiga stimullovchi ta’sirini tavsiflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qoramol jigari gidrolizati ta’sirida sichqonlar talog‘ida CCl₄-indusirlangan toksik gepatit fonida ikkilamchi immunotanqislik modelida antitelo hosil qiluvchi hujayralarning miqdori, qonning gematologik, biokimyoviy ko‘rsatkichlari optimallashi aniqlangan;
jigar gidrolizati ta’sirida (0,5% li eritma) buzoqlar qonidagi T-limfotsitlarning nazoratga nisbatan 14,66% ga, B-limfotsitlarning 14,57% ga, T-xelperlarning 8,86% ga, T-killer/supressorlarning 31,25%ga va neytrofillarning 12,18% ga ortish ko‘rsatkichlari bilan organizm immun tizim faolligi oshganligi isbotlangan;
ozuqa ratsioni tarkibini qoramol jigari gidrolizati (12 g/sutka) asosida optimallashtirish orqali buzoqlar tana vazni ko‘rsatkichini nazoratga (80±0,5 kg) nisbatan 16,70% ga oshishi va qonning immunologik, gematologik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilanishi isbotlangan;
ozuqa ratsioni tarkibini qoramol jigari gidrolizati (ozuqa tarkibiga nisbatan 3,4%) asosida optimallashtirish sigirlarda ozuqaning hazm bo‘lish koeffisientini yaxshilashi, quruq (14,31±0,24%) va organik (11,04±0,15%) moddalar hazm bo‘lish darajasini oshirishi, gumoral immun tizim funksional tarkibi ko‘rsatkichlarini yaxshilashi aniqlangan;
qoramol jigari gidrolizatining qo‘ylar qonining gematologik ko‘rsatkichlarini yaxshilashi, leykotsitlar sub-populyasiyasining antigen eritrotsitlar bilan bog‘lanish (rosette) hosil qilish darajasini oshirishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Biostimulyator preparatlarning (qoramol jigari gidrolizati, solishtirish uchun “Timozin” immunomodulyator preparati) chorvachilik hayvonlarida gematologik ko‘rsatkichlar va immun tizimiga stimullovchi ta’sirini tavsiflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ishlab chiqilgan to‘qima tarkibli eritmaning chorva hayvonlari organizmiga miqdoriy ta’sir mexanizmlari, immun tizimiga stimullovchi ta’siri, hayvonlardagi turli immunotanqislik holatlariga davolovchi ta’siri bo‘yicha olingan ko‘rsatkichlardan O‘zMU huzuridagi Biofizika va biokimyo institutida 2021-2024 yillarda bajarilgan IZ-202103021/F-OT-2021-465 “Inson va hayvonlarning patologik holatlari va kasalliklarining in vitro va in vivo imitatsion modellarini ishlab chiqish” loyihasida surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitda yallig‘lanishni korreksiyalashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 16-sentyabrdagi 02/17-2025-7-171-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, aftoz stomatitda yallig‘lanishni kamaytirishni ilmiy asoslash imkonini bergan;
qoramol jigari gidrolizatini chorva mollari immunologik ko‘rsatkichlariga ta’sir mexanizmlari bo‘yicha ma’lumotlardan O‘zMUda 2021-2023 yillarda bajarilgan A-OT-2021-380 “Yirik shoxli qoramollar ozuqasiga bioqo‘shimcha sifatida ishlatiladigan peptid bog‘lamga ega biostimulyatorlar yaratish” loyihasida biostimulyatorlar ta’sirida buzoqlarda T-, B-limfotsitlar miqdorini tahlil qilish, biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqish texnologiyasi elementlarini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 9-oktyabrdagi 02/17-2025-13-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, biostimulyatorlarning ta’sirini o‘rganish, baholash, immuno-gematologik tizimda farmakologik faollikning o‘ziga xosligi, immuntanqislikda hayvonlar, immun tizimining tiklanishini ilmiy asoslash imkonini bergan;
biostimulyatorlardan chorva mollarining ozuqa tarkibiga quruq qo‘shimcha va ineksiya shaklida qo‘llash dozalari bo‘yicha tavsiyalardan Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan “Azbo Bosh” fermer ho‘jaligida buzoqlarda mahsuldorlikni oshirish maqsadida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/06-02-1076-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, buzoqlarda faollik darajasi, tana vazni ortishiga erishish imkonini bergan.