Yuldashev Olimjon Ashurovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus ta’limni raqamlashtirish tarixi (1991–2025 yy.)”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Tar 1834
Ilmiy rahbar: tarix fanlari nomzodi, professor Pulatova Sevara Akmalovna.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi, DSc.03/2025.27.12.Tar.01.01.
Rasmiy opponentlar: Ishanxodjaeva Zamira Rayimovna, tarix fanlari doktori, professor; Elmuratova Umida Farxadovna, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimini raqamlashtirishda amalga oshirilgan islohotlarning tarixiy ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustaqillikning ilk yillarida oliy va o‘rta maxsus ta’limni jahon andozalariga muvofiq tarzda moddiy-texnika bazasi bilan ta’minlanmaganligi hamda axborotlashtirish muammosi mavjud bo‘lganligi sababli, tizimni shakllantirish uchun uning huquqiy bazasini mustahkamlash barobarida xorijiy tajribaning ilg‘or yutuqlarini tizimga joriy etish birlamchi vazifa bo‘lganligi asoslangan;
1997-yilda qabul qilingan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturida” “...distansion ta’lim tizimi texnologiyasi va vositalarini ishlab chiqish va o‘zlashtirish” belgilangan bo‘lsa-da, 1991-2015-yillarda sohada mazkur muammolarni hal etilmasligi jahon oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimidan ortda qolish barobarida ta’lim sifati darajasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatganligi dalillangan;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimini raqamlashtirish, xususan, elektron platformalarga zaruriy manba va materiallarni joylashtirish, bilim olish uchun zarur bo‘lgan elektron saytlarni kiritish orqali yoshlarni internetdagi foydasiz yoki yot g‘oyalar bilan sug‘orilgan manbalardan ehtiyotlash choralarni ko‘rish mumkinligi asoslangan;
Yangi O‘zbekiston sharoitida oliy ta’lim tizimi oldiga yangi maqsad va vazifalarning qo‘yilishi, shu bilan birga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi ta’limning sifat va samaradorligini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib, ta’lim subektlari va isteʼmolchilarida rivojlangan mamlakatlarda qo‘llanilayotgan qulay ta’limning zamonaviy shakllarini tajribadan o‘tkazish va ulardan amaliyotda foydalanishni taqozo etayotganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus ta’limni raqamlashtirish tarixi (1991-2025 yy.)” mavzusiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Mustaqillikning ilk yillarida oliy va o‘rta maxsus ta’limni jahon andozalariga muvofiq tarzda moddiy-texnika bazasi bilan ta’minlanmaganligi hamda axborotlashtirish muammosi mavjud bo‘lganligi, ularni bartaraf etish uchun hukumat tomonidan dastlab mamlakatda ma’lumotlar uzatish tizimini amaliyotga kiritish uchun texnik jihatdan tashkil etish chora-tadbirlarini ko‘rish birlamchi omil bo‘lganligi haqidagi natijalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Tarix maydoni” ko‘rsatuvining ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 4-apreldagi 01-30/213 – son ma’lumotnomasi). Natijalarining qo‘llanilishi ko‘rsatuvning mazmunan boyitilishi va ilmiy asoslanishiga xizmat qilgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimini raqamlashtirish, xususan, elektron platformalarga zaruriy manba va materiallarni joylashtirish, bilim olish uchun zarur bo‘lgan elektron saytlarni kiritish orqali yoshlarni internetdagi foydasiz yoki yot g‘oyalar bilan sug‘orilgan manbalardan ehtiyotlash choralarni ko‘rish mumkinligi to‘g‘risidagi natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazning 2022-2025-yillarda bajarilgan F3202009302-“Yangi O‘zbekiston: tizimli liberallashtirish va Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashning tashqi siyosiy strategiyasi” mavzusidagi fundamental loyihasi doirasida nashr etilgan monografiyaning O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijasiga doir bobini yozishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazning 2025-yil 30-iyundagi 3/1255-1865-son ma’lumotnomasi). Natijalar mustaqillik yillarida O‘zbekistonda Oliy va o‘rta maxsus ta’limni raqamlashtirish jarayonining shakllanish va rivojlanish bosqichlari, davrlar almashinuvida yuzaga chiqqan sohadagi muammo va erishilgan yutuqlarni yoritishga imkon bergan.
Oliy, o‘rta maxsus ta’limda raqamli texnologiyalardan foydalanishda ta’lim jarayonini individuallashtirish, ta’lim jarayonini ta’lim oluvchiga yo‘naltirish, raqamli ta’lim texnologiyalaridan foydalanish asosida talabalarning bilimlarini tartibli, tushunarli shaklda o‘zlashtirishi, qog‘ozbozlikni minimallashtirish, pedagoglar faoliyati, talabalarning bilim olish jarayonini soddalashtirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 24-avgustdagi “Akademik liseylar va professional ta’lim muassasalari faoliyatiga axborot tizimlarini joriy etish va ulardan samarali foydalanish to‘g‘risida”gi 324-son hamda 2024-yil 24-martdagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida joriy etilgan axborot tizimlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi 92-son buyruqlarini tayyorlashda foydalanildi. (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 24-iyundagi 3/17-2025-776-7–son ma’lumotnomasi). Natijada oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish imkonini bergan.
Axborot tizimlarini amaliyotga joriy etish, foydalanish reglamentlari yuzasidan takliflardan “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integrallashuv platformasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiyasini amalga oshirishda foydalanilganligi yuzasidan dalolatnomalar mavjudligi aniqlandi. (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 24-iyundagi 3/17-2025-776-7–son ma’lumotnomasi). Natijada faoliyatga oid joriy etilgan axborot tizimlaridan ta’lim tashkilotlarida foydalanish samaradorligi monitoringini tashkil etish, axborot tizimlarini amaliyotga joriy etish, foydalanish bo‘yicha namunaviy reglament loyihasini ishlab chiqish imkonini bergan.