Muzaffarov Javlon Kodirjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Jon Tolkin asarlarida mifologik arxetiplar va epik an’analarning zamonaviy badiiy talqini”, 10.00.04 – Evropa, Avstraliya va Amerika xalqlari tili va adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Fil5268
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti.
Ilmiy rahbar: Dadaboev Olimjon Ortiqovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.35.02.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Akmaljon Xamidjonovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor; To‘raeva Bahor Baxriddinovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jon Tolkinning “Xobbit” va “Uzuklar hukmdori” asarlaridagi arxetiplar, ramzlar va epik an’analar badiiy talqinining poetik xususiyatlarini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“Xobbit” an’anaviy arxetiplar adibning badiiy maqsadlari natijasida to‘liq va noto‘liq transformatsiyaga uchragani va bu orqali hikoyani zamonaviy kontekstda o‘quvchilar uchun tushunarli qilishga erishgani, transformatsion arxetiplar shaxsiy o‘sish, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash va o‘zlikni anglash allegoriyasiga aylanishi aniqlangan;
“Xobbit” hamda “Uzuklar hukmdori” asarlarida o‘quvchi bir vaqtning o‘zida hikoyani sarguzasht, yaxshilik va yomonlik haqidagi masal yoki Skandinaviya dostonlarining aks-sadosi sifatida qabul qilishi mumkinligi, arxetip qahramonning sayohati bir vaqtning o‘zida tom ma’noda ham geografik ko‘chish, ham ma’naviy o‘sishni anglatishi dalillangan;
“Xobbit” asarida qahramon arxetiplarning statik epik modeldan dinamik zamonaviy modelga aylanishi, bosh qahramonlarning anti-qahramonlik boshlang‘ich holatidan axloqiy-psixologik sinovlar orqali kichik jasorat etikasi asosida haqiqiy qahramonga aylanishi, ularning g‘alabasi kuch bilan emas, balki irodaning mustahkamligi, rahm-shafqat va sadoqat orqali qo‘lga kiritilishi, bu esa epik an’anani yangicha talqin etish bo‘lib, haqiqiy buyuklik jismoniy qudratda emas, balki axloqiy matonatda namoyon bo‘lishini ko‘rsatishi dalillangan;
“Uzuklar hukmdori” romanida boshqa epik an’analardan farqli ravishda O‘rta Er haqidagi afsonaviy dunyo kvenya, sindarin kabi tillarning yaratilishidan boshlanishi, asar o‘zida qadimgi eposlarga xos epik an’analar bilan birga ritsarlik romanlari xususiyatlarini ham mujassam etgani hamda arxaik epos hamda qahramonlik eposlari an’analarining zamonaviy talqinda tasvirlangani asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jon Tolkin asarlarida afsonaviy arxetiplar va epik an’analarni badiiy tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Jon Tolkin mifologik asarlarining falsafiy va estetik tamoyillari XX asr Evropa adabiyoti kontekstida jahon urushlari va ma’naviy inqiroz davrida o‘rta asr mifopoetik an’anasi va madaniy o‘ziga xoslikni izlashning noyob sintezi ekani haqidagi ilmiy xulosalardan 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan IL-402104209. “Axborot qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” bo‘yicha innovatsion loyiha doirasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan berilgan № 04/1-5642 sonli ma’lumotnoma). Natijada loyiha ishtirokchilari Tolkin XX asrdagi ma’naviy inqirozni mifologiya orqali yangi tarzda izohlaganini tushundilar. Bundan tashqari, ular adib o‘rta asr miflarini zamonaviy g‘oyalar bilan birlashtirib, madaniy o‘ziga xoslikni qayta ko‘rsatganini angladilar.
“Xobbit” hamda “Uzuklar hukmdori” asarlaridagi obrazlar tizimidagi markaziy arxetiplarning mifologik asoslari, turli badiiy detallarning ramziy ma’nolari hind-evropa xalqlarining eng qadimgi mifologik an’analariga borib taqaladigan ko‘p qatlamli semantik yukni ko‘tarishi, “Uzuklar hukmdori” romani o‘zida qadimgi eposlarga xos epik an’analar bilan birga ritsarlik romanlari xususiyatlarini ham mujassam etgani hamda asarda arxaik epos hamda qahramonlik eposlari an’analarining zamonaviy talqinda tasvirlangani haqidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston–24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan tayyorlangan “Jahon adabiyoti”, “Ta’lim va taraqqiyot” hamda “Adabiy jarayon” nomli dasturlarining 2025-yil fevral va avgust oylari sonlari senariysida amaliy qo‘llanildi. (Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Respublika teleradiomarkazi davlat muassasasining 2025-yil 28-noyabrdagi 05-09-1913-son ma’lumotnomasi). Natijada teleradiodasturlar mazmuni badiiy va ilmiy jihatdan boyitildi hamda teletomoshabinlar Tolkin asarlaridagi obrazlar va ramzlarning asl ma’nosi hamda ularning qadimgi mifologiyaga bog‘liqligi haqida aniq tushunchaga ega bo‘lishdi.
“Xobbit” asarida adib tomonidan an’anaviy arxetiplardan unumli foydalanilgani, biroq ayrim holatlarda bu arxetiplar adibning badiiy maqsadlari natijasida to‘liq va noto‘liq transformatsiyalarga uchragani va zamonaviy talqinda tasvirlangani haqidagi ilmiy ma’lumotlardan bajarilishi 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “ERASMUS+ Capacity Building Project 101129076 EMPOWER: Women Entrepreneurship, Empowerment, employability and self-confidence” loyihasi doirasida foydalanilgan (Namangan davlat chet tillari instituti tomonidan berilgan EMPOWER-0129-sonli ma’lumotnoma). Natijada tadqiqot Tolkin “Xobbit” asarida arxetiplarni qayta o‘zgartirib, ularga yangi va zamonaviy ma’no berganini ko‘rsatdi. Shuning uchun, bu o‘zgarishlar mifologik obrazlarning mazmunini yanada ochiqroq va tushunarliroq qilib namoyon etdi.