Tursinbaev Mirzabek Urinbay ulining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qumli-cho‘l tuproqlarning degradatsiyaga moyilligini tahlil qilish va ularning unumdorligini tiklash imkoniyatlarini baholash (Nurota tumani misolida)”, 03.00.13 – Tuproqshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Qx954
Ilmiy rahbar: Saidova Munisa Ergashevna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.B/Qx.01.16.
Rasmiy opponentlar: Ruzmetov Maqsud Ismailovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Haqberdiev Obid Eshniyozovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Navoiy viloyati Nurota tumani qumli-cho‘l tuproqlarining degradatsiyaga moyilligini tizimli ravishda aniqlash, ushbu tuproqlarning unumdorligini tiklash imkoniyatlarini zamonaviy usullar asosida baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Nurota tumani Qizilcha massivi qumli-cho‘l tuproqlarining degradatsiyaga moyilligi hududning tabiiy-iqlim omillari va tuproqning morfologik tuzilishi, agrofizikaviy va agrokimyoviy xossalari bilan bogʻliq holda ekanligi kompleks ilmiy asosda aniqlangan;
Qumli-cho‘l tuproqlarining degradatsiyaga moyilligini kompleks baholashda cho‘l hududlari sharoitiga mos indekslar (NDVI, MSAVI, VCI, Clay, Rainfall, SOCS) o‘rtasidagi korrelyasion bogʻliqliklar statistik tahlil orqali ilmiy asoslangan;
Ilk bor Qizilcha massivi degradatsiyaga uchragan qumli-cho‘l tuproqlariga mos diskret-dinamik agroekologik tiklanish modeli (urugʻ-hosil-maydon) yaratilgan;
Geoaxborot texnologiyalari va masofaviy zondlash ma’lumotlari integratsiyasi asosida qumli-cho‘l tuproqlarining degradatsiya holatini baholash va prognozlashning amaliy mexanizmi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Qumli-cho‘l tuproqlarning degradatsiyaga moyilligini tahlil qilish va ularning unumdorligini tiklash imkoniyatlarini baholash (Nurota tumani misolida)” bo‘yisha olingan ilmiy natijalari asosida:
geoaxborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda Navoiy viloyatining Nurota tumani Qizilcha massivida 2108,3 ga maydon uchun qumli-cho‘l tuproqlarning o‘ziga xos xususiyatlarini (hajm og‘irligi, solishtirma ogʻirlik, gʻovaklik) tavsiflovchi 1:10000 masshtabli turli mavzuli elektron xaritalar yaratilgan va Navoiy viloyatining Nurota tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limida ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy Markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-631-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaratilgan elektron xaritalardan hudud tuproqlarining unumdorlik holatini monitoring qilishda, qumli-cho‘l tuproqlardan samarali foydalanish bo‘yicha agromeliorativ tadbirlarni belgilashda ilmiy asos sifatida xizmat qilgan;
cho‘l yaylov yerlari holatini ko‘p yillik (2013, 2018, 2023) dinamikasini tahlil qilishga asoslangan masofaviy zondlash ma’lumotlari asosida yaratilgan turli indeks xaritalar (VCI, NDVI, MSAVI, Clay, Rainfall, SOCS) Navoiy viloyatining Nurota tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy Markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-631-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaratilgan xaritalar degradatsiyaga uchragan cho‘l yaylovlar maydonini aniqlash va baholash, cho‘l yaylovlari hududida tobora rivojlanib borayotgan qurgʻoqchilik jarayonini oldini olishda hududning tabiiy-iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha kompleks tadbirlarni belgilashda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan;
“Tuproq degradatsiyasini tahlil qilish va shular asosida ularni bartaraf etishda prognoz ishlarini olib borish” mavzusida elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturga guvohnoma olingan va Navoiy viloyatining Nurota tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy Markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-631-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaratilgan mazkur dasturiy ta’minot degradatsiyaga uchragan yer maydonlarini aniqlash va yer yuzasini o‘simlik bilan qoplashni bashorat qilish hamda tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni avtomatlashtirish imkonini bergan. 
“Qumli-cho‘l tuproqlaridan samarali foydalanish yo‘llari” bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Navoiy viloyatining Nurota tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy Markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-631-son ma’lumotnomasi). Natijada, qumli-cho‘l tuproqlari sharoitida ozuqabop o‘simliklarni ko‘paytirish va ekinzorlarni barpo qilish, degradatsiya jarayonlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish