Ashirov Yusufboy Raximberganovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘za navlarini sug‘orishda suvdan foydalanish samaradorligini oshirishning ilmiy-amaliy asoslari”, 06.01.02–Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Qx353.
Ilmiy maslahatchi: Isaev Sabirjan Xusanbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
Rasmiy opponentlar: Suvanov Boymurod Uralovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ziyatov Musulman Panjievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Jo‘raev Umid Anvarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi respublikamizning turli tuproq-iqlim sharoitlarida sizot suvlari sathi turlicha bo‘lgan erlarda g‘o‘za navlarini etishtirishda har xil sug‘orish tartiblarida egatga beriladigan suv sarflari samaradorligini baholash texnikasi elemenlarining ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, Sirdaryo viloyatining och tusli bo‘z, Jizzax viloyatining o‘tloqlashib borayotgan bo‘z va Xorazm viloyatining o‘tloqi allyuvial tuproqlari sharoitida sizot suvlari sathi turli chuqurlikda joylashgan erlarda g‘o‘zaning S-6524, Paxtakor-1 va Sulton navlarini sug‘orishda tuproqning 70-100-70 sm hisobiy qatlamini namlash, sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNS ga nisbatan 70-70-60% tartibda, g‘o‘za egatiga berilayotgan 0,15 l/s suv sarflab sug‘orish maqbul ekanligi aniqlangan va ilmiy asoslangan;
g‘o‘za navlarini sug‘orishda egatga beriladigan suv sarflari (0,10; 0,15 va 0,20 l/s) bo‘yicha texnik elementlar matematik tahlil qilingan va bunda 0,15 l/s suv sarfi texnik jihatdan xavfsiz bo‘lishi, oqim barqarorligini ta’minlashi, suvdan foydalanish samaradorligini oshirishi hamda yuqori hosil olish imkoniyatini yaratishi asoslab berilgan;
g‘o‘za navlarini sug‘orish jarayonini EHM dasturlari asosida matematik jihatdan modellashtirish orqali egatga beriladigan 0,15 l/s suv sarfi texnik jihatdan egatda barqaror suv harakati, to‘yinish intensivligi va sizot suvlari chuqurligi dinamikasini samarali boshqarishga erishilgan va mazkur natijalar DGU-25240, DGU-25241, DGU-32542 va DGU-32540 raqamli guvohnomalar bilan tasdiqlangan;
ChDNSga nisbatan 70-70-60 % tartibda sug‘orish qo‘llanilganda, och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida C-6524 navi hosildorligi 29,5 s/ga, 1 s hosil uchun mavsumiy suv sarfi 33,0 m³/s, umumiy suv iste’moli esa 119,3 m³/s ni, o‘tloqlashib borayotgan bo‘z tuproqlar sharoitida Paxtakor-1 navi hosildorligi 29,8 s/ga, 1 s hosil uchun mavsumiy suv sarfi 53,4 m³/s, umumiy suv iste’moli 138,8 m³/s ni va o‘tloqi allyuvial tuproqlar sharoitida Sulton navi hosildorligi 31,2 s/ga, 1 s hosil uchun mavsumiy suv sarfi 83,1 m³/s va umumiy suv iste’moli 166,8 m³/s ni tashkil etganligi aniqlangan;
g‘o‘za navlarini parvarishlashda maqbul sug‘orish tartibi qo‘llanilganda och tusli bo‘z tuproqlarda sizot suvlari sathi 1,5–2,0 metr sharoitda mavsumiy sug‘orish me’yorlari 970 m³/ga, o‘tloqlashib borayotgan bo‘z tuproqlarda sizot suvlari sathi 2,0–2,5 metrda 1700 m³/ga, o‘tloqi allyuvial tuproqlarda sizot suvlari sathi 2,5–3,0 metrda 2600 m³/ga ni tashkil etishi, shuningdek, egatga berilayotgan suv sarfi 15-20 % ga kamaytirilishi natijasida 550–685 m³/ga sug‘orish suvi tejalishi va rentabellik darajasi 31,4–38,4 % oshishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘za navlarini sug‘orishda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish ilmiy-amaliy asoslari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
turli tuproq-iqlim va sizot suvlari sathi turlicha bo‘lgan sharoitda g‘o‘za navlarini sug‘orish tartiblariga ko‘ra egatga berilayotgan 0,10; 0,15 va 0,20 l/s suv sarflari texnik elementlarining maqbul miqdori ishlab chiqilgan, shuningdek, DGU-25240 “Ekinlarni sug‘orishda suv resurslaridan samarali foydalanish texnologiyalarining bashorati”, DGU-25241 “Iqlim o‘zgarishida g‘o‘zani sug‘orishda suvdan samarali foydalanish dinamikasini boshqarish”, DGU-32542 “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini etishtirishda suv resurslaridan foydalanish tenglamalarini operatsion hisob usulida echishning dasturiy vositasi”, DGU-32540 “G‘o‘zani etishtirishda suv resurslaridan foydalanishda egatda barqaror suv harakati, to‘yinish intensivligi va sizot suvlari chuqurligi dinamikasini o‘zaro bog‘liqligini matematik modelining dasturi” nomli EHM dasturlari yaratilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 14-maydagi 04/09-20960-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sirdaryo viloyatining och tusli bo‘z tuproqlarida har gektar erdan 11,5-12,0 %, Jizzax viloyatining o‘tloqlashib borayotgan bo‘z tuproqlarida 520-590 m3/ga va Xorazm viloyatining o‘tloqi allyuvial tuproqlarida 550-600 m3/ga gacha sug‘orish suvi iqtisod qilingan;
Sirdaryo viloyatining och tusli bo‘z, Jizzax viloyatining o‘tloqlashib borayotgan bo‘z va Xorazm viloyatining o‘tloqi allyuvial tuproqlari sharoitida g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olish maqsadida “G‘o‘za navlarini parvarishlashda egatga berilayotgan suv sarfi va sug‘orish tartiblariga rioya qilish samaradorligi” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 14-maydagi 04/09-20960-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tavsiyanoma paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va klasterlar uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
g‘o‘zaning “S-6524” navi uchun maqbul sug‘orish tartibi — ChDNSga nisbatan 70-70-60 % hamda har bir egatga 0,15 l/s miqdorda suv berish texnologiyasi Sirdaryo viloyati Guliston tumanida 10,0 gektar maydonda ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o‘tkazilib, amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 14 maydagi 04/09-20960-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalariga ko‘ra, har bir gektar maydon hisobidan 550–600 m³ sug‘orish suvi tejalishi ta’minlangan hamda qo‘shimcha 2,3–2,8 s/ga paxta hosili olishga erishilgan;
g‘o‘zaning “Paxtakor-1” navi uchun maqbul sug‘orish tartibi — ChDNSga nisbatan 70-70-60 % hamda har bir egatga 0,15 l/s miqdorda suv berish texnologiyasi Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida 23,0 ga maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 14 maydagi 04/09-20960-son ma’lumotnomasi). Natijada, egatlarga berilayotgan suv sarflarini ilmiy asoslangan me’yorlarda qo‘llash hisobiga sug‘orish suvlari sarfi o‘rtacha 15–20 % kamayishiga, shu bilan birga, erdan foydalanish koeffisienti (EFK) 0,82 dan 0,89 gacha oshishiga, o‘z navbatida sug‘orish jarayonining texnik-iqtisodiy samaradorligi ham sezilarli darajada oshishiga erishilgan.
o‘tloqi allyuvial tuproqlar sharoitida, sizot suvlari sathi 2,5–3,0 m chuqurlikda joylashgan maydonlarda g‘o‘zaning “Sulton” navi uchun maqbul sug‘orish tartibi — ChDNSga nisbatan 70-70-60 % hamda har bir egatga 0,15 l/s miqdorda suv berish texnologiyasi Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida 25,0 ga maydonda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 14 maydagi 04/09-20960-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur sug‘orish tartibi va suv berish me’yorlarini qo‘llash hisobiga g‘o‘zadan qo‘shimcha 2,3–2,8 s/ga paxta hosili olishga, shu bilan birga, ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligi rentabellik darajasi 31,4–38,4 % oshirishga erishilgan.