Usmonov Safar Baxronovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ishlatilgan texnik moylar asosida burg‘ulash eritmalari uchun surkov qo‘shimchalarini olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.11 – Kolloid va membrana kimyosi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6106.
Ilmiy rahbar: Adizov Bobirjon Zamirovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.05/2025.27.12.K/T.19.01
Rasmiy opponentlar: Eshmetov Izzat Do‘simbatovich, texnika fanlari doktori, professor; Naubaev Temirbek Xasetullaevich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ishlatilgan motor moyi va gossipol qatroni asosida burg‘ulash eritmalari uchun surkov qo‘shimchalarini olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xom ashyoni kompleks tayyorlash natijasida suv va mexanik aralashmalarning qoldiq miqdori minimal darajada kamayishi aniqlangan: M-20A uchun suv 9,75 dan 0,25% gacha, mexanik aralashmalar 2,5 dan 0,05% gacha, ikki bosqichli tozalashda gossipol qatronidagi suv 37,2 dan 0,15% gacha va mexanik aralashmalar 12,5 dan 0,8% gacha kamaygan, bu esa dispers suv va mexanik aralashmalarni ajratib olish hamda koalessensiya va agregatsiya markazlarini bartaraflashga bog‘liq ekanligi aniqlangan;
MM-2 moylovchi materialning maqbul tarkibida (75% ishlatilgan M-20 moyi + 16% gossipol qatroni + 8,96% trietanolamin + 0,04% nenol 9-12) “metall-filtratsion qobiq” tizimida ishqalanish minimallashuvi natijasida qobiq qalinligi 0,5 mm va ishqalanish koeffisienti 0,15 gacha kamayishi mumkinligi aniqlangan;
burg‘ulash eritmasining massasiga nisbatan 2,5% miqdorda MM-2 aralashtirilganda kompozisiyadagi qutbli komponentlarning gilli zarrachalarda adsorbsiyalanishi natijasida filtratsion korkaning zichlashuvi va gidrofoblanishi hamda qobiq g‘ovaklik kanallari o‘tkazuvchanligining pasayishiga bog‘liq holda eritmaning suvberaoluvchanligi 9,0 dan 7,5 sm3/30 daqiqagacha kamayishi va shartli qovushqoqlik 28 dan 33 s gacha ortishi aniqlangan;
MM-2 qo‘llanilganda sirtning faol markazlarida komponentlarning qutbli guruhlari birikishini ta’minlaydigan moylovchi materialning adsorbsion-plyonka mexanizmiga bog‘liq holda metall yuzasida qalinligi 0,1-1 mkm li moylovchi plyonka hosil bo‘lishi aniqlangan;
24 soatlik cho‘ktirish va keyinchalik deemulgator (diproksamin-157) aralashtirilishi va texnologik sxemaga muvofiq adsorbsion tozalash natijasida moydagi suv miqdori 9,75 dan 0,25% gacha va mexanik aralashmalar 2,5 dan 0,05% gacha kamaytirishga erishish mumkin bo‘lgan M-20A markali ishlatilgan motor moyini kompleks tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqilgan;
xomashyo namligi 3-5% bo‘lganda 0,5 t/soat quvvatga ega bo‘lgan gilli minerallarning tayyorlanishi va roliklar orasidagi masofa 2-5 mm, elak tirqishlari diametri 5 mm va konveerdagi oqim qalinligi 15-20 mm bo‘lgan belgilangan miqdorda maydalash va emulgirlash jarayoniga dispers fazani bir xil me’yorda etkazib berishga asoslangan emulsion burg‘ulash eritmasini tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahalliy xomashyolar asosida moylovchi material olish va ular asosida burg‘ulash eritmasining yangicha resepturalarini olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar:
mahalliy xom ashyolar asosida moylovchi material olishning takomillashtirilgan texnologiyasi “O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari” MChJda amaliyotga joriy qilingan («O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari» MChJning 2025 yil 2 dekabrdagi 15/TA-473-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi moylovchi material olish imkonini bergan;
mahalliy xom ashyolar asosida olingan moylovchi materiallar asosida burg‘ulash eritmasini olish texnologiyasi “O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari” MChJda amaliyotga joriy qilingan («O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari» MChJning 2025 yil 2 dekabrdagi 15/TA-473-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, moylovchanlik xususiyati 1,1 martaga yaxshilangan burg‘ulash eritmasi olish imkonini bergan.