Ortiqova E’zoza Zokirjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Mikroto‘lqinlar yordamida pillalarni dastlabki ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishini 05.06.02 – “To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish” (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T5120.
Ilmiy rahbar: Axmedov Jaxongir Adxamovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSs.03/2025.27.12.T.21.01
Rasmiy opponentlar: Nabieva Iroda Abdusamatovna texnika fanlari doktori, professor; Raximov Akmal Alisherovich texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Respublikamizda mahalliy sharoitda etishtirilayotgan Xitoy duragayi pillalarga mikroto‘lqinlar yordamida dastlabki ishlov berishning texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
birinchi va ikkinchi takroriy mavsumlarda, mahalliy sharoitda etishtirilgan Xitoy duragayi pillalari g‘umbagini mikroto‘lqinlar yordamida jonsizlantirishda ularning qobiq xususiyatlariga salbiy ta’sir qilmaydigan rejimlar tanlangan, g‘umbakni shikastlanishini inobatga olgan holda mikroto‘lqinlar yordamida dastlabki ishlov berishning texnologiyasi takomillashtirilgan;
mikroto‘lqinlar yordamida pillalarga dastlabki ishlov berish orqali g‘umbakni quritish jarayonida pilla sifatiga ta’sir etuvchi issiqlik va namlik ajralishi omillarining ratsional qiymatlari qurilgan regressiya modellari tahlili asosida aniqlangan;
birinchi va ikkinchi takroriy mavsumlarda, mahalliy sharoitda etishtirilgan Xitoy duragayi pilla qobig‘i qalinligiga mos ravishda mikroto‘lqinlar yordamida g‘umbakni jonsizlantirish texnologik parametrlarining ratsional qiymatlari ishlab chiqilgan;
quritish jarayoniga tavsiya etilgan mikroto‘lqinlar yordamida pillalarga dastlabki ishlov berish texnologik rejimlari birinchi va ikkinchi takroriy mavsumlarda etishtirilgan pilla o‘lchamlariga, qobiq qalinligiga va uning pishganligiga bog‘lanishlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Mikroto‘lqinlar yordamida pillalarni dastlabki ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va ishlab chiqilgan takliflar asosida:
tavsiya etilgan takomillashtirilgan quritish texnologiyasi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarda, jumladan Surhondaryo viloyatidagi “Surxondaryo agro pilla” MChJ, hamda Samarqand viloyatidagi “IShTIHON SILK” MChJ korxonalariga joriy qilingan. (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2025-yil 25-noyabrdagi 4-2/2000-son, ma’lumotnomasi). Natijada korxonalarda pillalarni quritish uchun sarflanadigan yoqilg‘i tejab qolishga, soyali quritish vaqti 30 kundan 10 kunga qisqartirishga, pillakashlik korxonalarida amaldagi standart talablarining “A” sinfiga mos ishlab chiqarilayotgan xom ipak sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga, pillaning qobiq xususiyatlari tabiiy yaxshi saqlanishi hisobiga standart talablarining “3A” sinfiga mos yuqori sifatli xom ipak olish imkoniyati yaratishga hamda pillalarni quritish vaqti 1,5 soatdan 3 daqiqaga kamaytirilishiga erishilgan.