Irgashev Nuriddin Normurod o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Temir yo‘l harakat tarkibi buksalarining texnik holatini nazorat qilish usullarini takomillashtirish, 05.08.03 – Temir yo‘l transportini ishlatish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6254.
Ilmiy rahbar: Kurbanov Janibek Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.10/2025.27.12.T.01.06 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Adilova Ziyoda Gafurjonovna, texnika fanlari doktori, professor, Tajiev Janibek Adamboevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi temir yo‘l harakat tarkibi buksalarining texnik holatini nazorat qilish usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
temir yo‘l harakat tarkibi g‘ildirak juftligining haroratini baholash imkonini beruvchi datchiklar orqali infraqizil nurlanish darajasini baholash asosida buksaning belgilangan chegara qiymatlaridan ortiq qizishini aniqlashning matematik modeli ishlab chiqilgan;
buksalar qizishi haqidagi ogohlantirish signallarini elektr markazlashtirish tizimiga simsiz onlayn uzatish usuli g‘ildirak juftligini nazorat qilish qurilmalaridan olinadigan ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash tamoyillarini hisobga olgan holda takomillashtirilgan;
infraqizil datchiklar ishlash aniqligi va o‘lchash jarayonidagi ehtimoliy xatoliklarining stoxastik matematik modeli tasodifiy omillar parametrlaridagi o‘zgarishlarni hisobga olish imkonini beruvchi markaziy chegara nazariyasiga asoslangan holda ishlab chiqilgan;
temir yo‘l buksalarining texnik holatini real vaqt rejimida nazorat qilish va diagnostik ma’lumotlarni texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi vagon ko‘ruvchi-ta’mirlovchilariga xavfsiz va uzlyuksiz etkazishni ta’minlash imkonini beruvchi masofaviy tashxislash usuli yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Harakat tarkibi buksa qismining texnik holatini nazorat qilish usullarini takomillashtirish boʻyicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
buksalar qizishi haqidagi ogohlantirish signallarini elektr markazlashtirish tizimiga simsiz onlayn uzatish usuli, temir yo‘l uchastkalarida buksa qismining qizish holatini masofaviy nazorat qilish qurilmasi “Temiryo‘linfratuzilma” AJ tasarrufidagi “Toshkent signallashtirish va aloqa masofasi” filiali Paxta stansiyasi PK3406+9 joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 20-yanvardagi 4/E82-sonli ma’lumotnomasi). Natijada texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi vagon ko‘ruvchi-ta’mirlovchilari tomonidan buksa qismining qizish holatini tashxislash jarayonini avtomatlashtirish orqali harakat tarkibini texnik ko‘rikdan o‘tkazish vaqti 2 barobarga qisqartirilgan;
harakat tarkibi buksa qismini nazorat qilish tizimi “Temiryo‘linfratuzilma” AJ tasarrufidagi “Toshkent signallashtirish va aloqa masofasi” filiali Yangiyo‘l-Paxta peregonida sinovdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 20-yanvardagi 4/E82-sonli ma’lumotnomasi). Natijada buksa qizish holatlarini ±0,5 °C aniqlikda tezkor aniqlash, ma’lumotlarni 120-150 ms kechikish bilan uzatish hamda inson omilining ta’sirini 30 % gacha kamaytirish orqali poezdlar harakati uzlyuksizligini ta’minlash imkoniyati yaratilgan;
temir yo‘l buksalarining texnik holatini masofaviy tashxislash usuli, temir yo‘l uchastkalarida harakat tarkibi buksa qismini nazorat qilish qurilmasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Vagonlardan foydalanish boshqarmasi” Paxta stansiyasi nazorat punktida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 20-yanvardagi 4/E82-sonli ma’lumotnomasi). Natijada temir yo‘l harakat tarkibi g‘ildirak juftliklari holatini uzlyuksiz masofaviy tashxislash orqali buksalar qizishi holatini erta aniqlash va harakat xavfsizligi ta’minlanganlik darajasini oshirish imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish