Azimova Munira Xasan qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar: Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Mashina detallariga mexanik ishlov berishda qo‘llaniladigan mahalliy va ikkilamchi xomashyolar asosidagi kompozision moylovchi-sovituvchi suyuqliklarni ishlab chiqish», 05.02.01 - Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6165.
Ilmiy rahbar: Yulchieva Surayyo Baxramovna, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DM.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DM, DSc.03/2025.27.12.T.02.06.
Rasmiy opponentlar: Abed Nodira Sayibjanovna, texnika fanlari doktori, professor; Xalimjonov Toxir Salimovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mashina detallariga mexanik ishlov berishda qo‘llaniladigan mahalliy va ikkilamchi xomashyolar asosidagi kompozision moylovchi-sovituvchi suyuqliklarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy va ikkilamchi xomashyolar asosida kompozision moylovchi-sovituvchi materiallarni sintez qilish jarayonida kompozisiya organomineral ingredientlarining o‘zaro ta’sir mexanizmi va fizik-kimyoviy jarayonlarning xususiyatlari aniqlangan;
fizik-kimyoviy va texnologik xossalarining zaruriy darajasini shakllantirishda kompozision moylovchi-sovituvchi materiallarning optimal tarkibi ishlab chiqilgan;
kesish zonasida «K-SOJ-4» qo‘llanilganda haroratning pasayishi va diffuzion eyilish hisobiga kesuvchi asbobning chidamliligi 1,5-2,0 martaga ortishi aniqlangan;
metallurgiya korxonalarida metallarga kesib ishlov berish uchun kompozision moylovchi-sovituvchi materiallar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mashina detallariga mexanik ishlov berishda qo‘llaniladigan mahalliy va ikkilamchi xomashyolar asosidagi kompozision moylovchi-sovituvchi suyuqliklarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ishlab chiqilgan «K-SOJ-4» markali kompozision moylovchi-sovituvchi suyuqlik «Olmaliq KMK» AJning Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodida mashina va mexanizmlarning detallari va buyumlariga mexanik ishlov berish jarayonida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJning 2025 yil 31 oktyabrdagi SL927-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy xomashyolar asosida ishlab chiqilgan kompozision moylovchi-sovituvchi suyuqliklar bilan ishlov berish kesuvchi asbobning chidamliligini 1,5-2 barobarga oshirish imkonini bergan;
«K-SOJ-4» markali kompozision moylovchi-sovituvchi suyuqliklarni ishlab chiqarishning maqbul texnologik rejimlari va texnologiyasi «Olmaliq KMK» AJning Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJning 2025 yil 31 oktyabrdagi №SL927-son ma’lumotnomasi). Natijada, kompozision moylovchi-sovituvchi suyuqlikning 10%-li eritmasidan foydalanilganda detallarning antifriksion, moylash va sovitish xususiyatlari yaxshilanib, metallarning qizib ketishi natijasida ularning mikrostrukturasining o‘zgarishi va deformatsiyalanishining oldini olish imkonini bergan.