Tursunov Olim Toshtemir o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonning janubida tarqalgan kemiruvchilar (Rodentia) turkumining faunasi, ekologiyasi va epidemiologik ahamiyati”,  03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/B920. 
Ilmiy rahbar: Xolboev Faxriddin Rahmonqulovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.10.08.
Rasmiy opponentlar: Xurramov Alisher Shukurovich, biologiya fanlari doktori, professor; Ummatov Anvarjon Muxtorovich, biologiya fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonning janubida tarqalgan kemiruvchilar (Rodentia) turkuminining zamonaviy tur tarkibini, tarqalish areallarini aniqlash, ekologik xususiyatlari va ahamiyatini ochib berishdan iborat. 
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
O‘zbekistonning janubida Rodentia turkumining tur tarkibi tahlil qilinib, uning 7 oila, 16 avlodga mansub 21 turdan iboratligi va fauna tarkibida oilalar hissasi bo‘yicha Muridae 33,3%, Sciuridae va Cricetidae 19,0%, Dipodidae 14,3%, Gliridae, Hystricidae va Myocastoridae oilalari esa 4,8% ni tashkil etishi aniqlangan;
tadqiqot o‘tkazilgan hududda rodentofauna tur tarkibining kamayish tendensiyasiga egaligi aniqlangan va bu fauna tarkibida ilgari uchragan 5 turning (Allactaga bobrinskii, Alactagulus pumilio, Paradipus ctenodactylus, Eremodipus lichtensteini, Cricetulus migratorius) hozirgi vaqtda qayd etilmagani hamda faunaga yangi turlar qo‘shilmaganligi bilan asoslangan; 
kemiruvchilar biotopik tarqalishi bo‘yicha 6 ta guruhga ajratilgan, unga ko‘ra, 15 tur cho‘llarda, 14 tur tabiiy va 10 tur sun’iy suv havzalari va ularning qirg‘og‘ida, 8 tur agrosenozlarda, 8 tur qishloqlar va shaharlarda, 12 tur qabristonlarda uchrashi ochib berilgan;
o‘rganilgan turlarning sinantroplik darajalari aniqlangan va unga ko‘ra 6 tur (28,6%) eusinantroplar, 3 tur (14,3%) gemisinantroplar va 12 tur (57,1%) ekzoantroplar ekanligi asoslangan; 
O‘zbekistonning janubida keng tarqalgan va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kemiruvchilarning ekologik xususiyatlari aniqlangan va qiyosiy asoslangan;
O‘zbekistonning janubidagi kemiruvchilarning tabiatdagi, xo‘jalikdagi hamda epidemiologik ahamiyati baholangan; 
O‘zbekistonning janubidagi kemiruvchilarning biozararlanishlardagi ishtirokini kamaytirish va ayrim turlarni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonning janubida tarqalgan kemiruvchilar (Rodentia) turkumining faunasi, ekologiyasi va epidemiologik ahamiyati bo‘yicha olingan natijalar asosida:
O‘zbekistonning janubida tarqalgan kemiruvchilar turkumining 2 oila, 3 avlod va 3 turiga mansub 9 ta nusxadagi namunalari respublikada yetakchi sanalgan “Zoologiya kolleksiyasi” noyob obekti fondiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2025 yil 27 fevraldagi 4/1255-498-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, nusxalar kolleksiyaning rodentologiya fondini to‘ldirgan va respublikamizning janubida kemiruvchilarning hozirgi vaqtda tarqalishini baholash hamda elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini bergan;
“O‘zbekistonning janubiy hududlarida tarqalgan Rodentia turkumi vakillarining tur tarkibi va ekologiyasi” nomli tavsiyanomasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vazirligining Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 21 apreldagi 03-03/1-03-3804-son ma’lumotnomasi). Natijada, kadastr ma’lumotlarini O‘zbekistonning janubiy hududlarida tarqalgan kemiruvchilar populyasiyalarining zamonaviy holatini baholash va monitoring qilish hamda kadastr ma’lumotlarini tayyorlash, tavsiyanoma ma’lumotlari O‘zbekistonning janubiy hududlarida tarqalgan kemiruvchilar faunasini muhofaza qilish choralarini ishlab chiqish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish