Saidkulov Fayzullo Ravshan o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aromatik birikmalar asosida yangi sirt-faol moddalar sintezi va kolloid kimyoviy xossalari», 02.00.11 – Kolloid va membrana kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/K1010.
Ilmiy rahbar: Maxkamov Ravshan Raximovich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.05/2025.27.12.K/T.19.01 
Rasmiy opponentlar: Abdikamalova Aziza Baxtiyarovna, kimyo fanlari doktori, professor;  Sidiqov Abdujalil Sidiqovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aromatik birikmalar asosida har xil uzunlikdagi uglevodorod zanjiriga ega bo‘lgan sirt-faol moddalar qatorini sintez qilish  va ularning kolloid-kimyoviy xossalari asosida sanoatning turli sohalarida ishlatilish yo‘llarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aromatik birikmalar bo‘lgan fenol va naftalinni konsentrlangan sulfat kislotasi bilan reaksiyasi natijasida olingan p-fenolsulfokislotasi va β-naftalinsulfokislotasini bir atomli spirtlar bilan eterifikatsiya qilish va mahsulotni neytrallash asosida har xil uzunlikdagi uglevodorod zanjiriga va qarama-qarshi ionlarga ega bo‘lgan p-fenolsulfokislotasi va β-naftalinsulfokislotasining sirt-faol hosilalari qatori sintez qilingan;
yangi sintez qilingan sirt-faol moddalarning kimyoviy tuzilishi bilan xossalari orasida o‘zaro bog‘liqlik aniqlangan, bunda p-fenolsulfokislotasi va β-naftalinsulfokislotasining murakkab efirlarining molekulasi tarkibida uglevodorod zanjiri uzunligining ortishi bilan birikmalar sirt faolligining, ko‘pik hosil qilish va ho‘llash qobiliyatining  ortishi aniqlangan va bu natijalarni o‘rganilgan sirt-faol moddalar eritmalarida gidrofob o‘zaro ta’sirlarning kuchayib borishi bilan isbotlangan;
sirt-faol moddalarning kolloid-kimyoviy xossalari orasida bog‘liqlik mavjudligi aniqlangan, bunda birikmalarning sirt faolligining ortishi bilan misella hosil qilish kritik konsentratsiyasining kamayishi, emulgirlash xususiyati, ko‘pik hosil qilish va ho‘llash qobiliyatining ortib borishi  va bu natija birikmalarning fazalar yuzasidagi adsorbsiyasining ortishi orqali aniqlangan;
p-fenolsulfokislotasi va β-naftalinsulfokislotasining murakkab efirlarining suvli eritmalarida konsentratsiyaning ortib borishi bilan eritmalarda kritik opolesensiya hosil bo‘lishi aniqlangan va bu natija o‘rganilgan sirt-faol moddalarning sferik, slindrik, plastinkali miselyar tuzilishlar hosil qilishi bilan isbotlangan;
p-fenolsulfokislotasi va β-naftalinsulfokislotasining bir atomli spirtlar bilan murakkab efiri tuzlarining suvli eritmalari liofob yuzalarni gidrofillash xususiyatiga egaligi aniqlangan va bu natijani birikmalar molekulalarining yuzada monoqavatlar hosil qilishi bilan isbotlangan;  
fenol va naftalin asosida sintez qilingan sirt-faol moddalarni rangli metallarni flotatsiya usulida boyitish uchun samarali ko‘pirtiruvchi kompozisiyalar tarkibida, sement dispers tizimlarining barqarorligi va mustahkamligini oshirish va qotish vaqtini boshqarishda hamda tog‘-kon yoʻllarida changni bostiruvchi eritmalar tarkibida samarali qo‘llash imkoniyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Aromatik birikmalar asosida yangi sirt-faol moddalar sintezi va kolloid kimyoviy xossalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
aromatik birikmalar asosida sintez qilingan SFMlar yordamida ko‘pirtiruvchi kompozisiyalar olish usuli «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ ning «2025-2026-yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2024 yil 17 sentyabrdagi 09-24/42-00026-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sintez qilingan sirt-faol moddalar va ular asosida olingan ko‘pirtiruvchi kompozisiyalar ruda tarkibidagi mis konsentratini 88,6% dan 93,5% gacha boyitish imkonini beradi;  
ko‘pirtiruvchi AFS-2, FAB-9, BN-0,25 kompozisiyalarni rudalarni boyitishda qo‘llash usuli «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ ning «2025-2026-yillarda amaliyotga joriy  etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2024 yil 17 sentyabrdagi  09-24/42-00026-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, olingan ko‘pirtiruvchi kompozisiyasini 40 g/t miqdorida qo‘llanilganda ruda tarkibidagi mis konsentratini hozirda amalda ishlatilayotgan T-92 preparatiga nisbatan 91,1% dan 93,5% ga qadar boyitish imkonini beradi. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish