Mirzabdullaev G‘olibjon Nurali o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi yumshoq bug‘doyning hosildor, kleykovina miqdori yuqori va stress omillarga bardoshli seleksion ashyolarini yaratish”, 06.01.05– Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Qx1383
Ilmiy rahbar: Egamov Ilhomjon Urayimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
Rasmiy opponentlar: Jo’raev Sirojiddin Turdiqulovich, biologiya fanlari doktori, professor; G‘aybullaev G‘ulom Saydalimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Farg‘ona vodiysi tuproq-iqlim sharoitiga mos, hosildor, kleykovina miqdori yuqori, tashqi muhit omillari va kasalliklarga chidamli kuzgi yumshoq bug‘doyning tizmalari va navini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marta, Farg‘ona vodiysi tuproq-iqlim sharoitlariga mos kuzgi yumshoq bug‘doyning stress omillarga, yotib qolishga va zang kasalligiga bardoshli 97 ta duragay kombinatsiyalari tadqiq qilinib, kompleks baholangan va yuqori seleksion qiymatga ega bo‘lgan 10 ta seleksion ashyo ajratib olingan; 
kuzgi yumshoq bug‘doyning ajratib olingan seleksion ashyolarida qimmatli xo’jalik belgilarning shakllanishi qiyosiy tahlil qilinib, AC-2010-D21 va AC-2010-D45 tizmalarida 1 m2 maydondagi mahsuldor poyalar soni bilan 1 boshoqdagi boshoqchalar soni (r=0,44 va r=0,42), 1 boshoqdagi don vazni (r=0,39 va r=0,38) va kleykovina miqdori (r=0,34 va r=0,31) orasidagi ijobiy korrelyativ bog‘liqliklar aniqlangan;
kuzgi yumshoq bug‘doyning mahalliy tuproq-iqlim sharoitida hosildor, kleykovina miqdori yuqori, yotib qolishga va zang kasalligiga bardoshlilik belgilari o’zaro uyg‘unlashgan T-309, T-307 tizmalari va Turon navi yaratilgan;
yangi yaratilgan Turon navi, T-307 va T-309 tizmalari yuqori oqsil va kleykovina miqdorini hamda stressga chidamlilikni mujassamlashtirgan mustahkam genotiplar sifatida baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kuzgi yumshoq bug‘doyning hosildor, kleykovina miqdori yuqori va stress omillarga bardoshli seleksion ashyolarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
xorijiy hamda mahalliy nav va namunalar ishtirokida yaratilgan hosildor, donining texnologik ko‘rsatkichlari yuqori, stress omillarga bardoshli Turon navi (AS-2010-D21) hamda T-309 (AS-2010-D45), T-307 (AS-2013-D33) tizmalari ajratib olingan va ularni boshlang‘ich manbalar sifatida amaliy seleksiya jarayonida foydalanishga tavsiya etilgan. Ushbu nav va tizmalar Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Boshoqli don ekinlari kolleksiyasi fondiga topshirilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi 05/05-03-429-son ma’lumotnomasi). Natijada, institut genofondi hosildor, donning texnologik sifat ko‘rsatkichlari yuqori, stress omillarga bardoshli nav va tizmalar bilan boyitilgan.
Kuzgi yumshoq bug‘doyning Turon navi (AS-2010-D21) hamda T-309 (AS-2010-D45), T-307 (AS-2013-D33) tizmalari Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani “Mirzohit Muzaffar Shams” fermer xo‘jaligi 0,5 gektar va Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Namangan ilmiy-tajriba stansiyasida 0,5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi 05/05-03-429-son ma’lumotnomasi). Natijada, Turon navi va T-307, T-309 tizmalari doni tarkibidagi oqsil miqdori andoza “Chillaki” naviga nisbatan 0,4-0,6 % gacha, kleykovina miqdori 3-5 % gacha yuqori bo‘lgan, gektaridan 72,0-80,9 s hosil olinib, andoza navlarga nisbatan 20,9-31,4 s/ga yuqori bo‘lishiga erishilgan.
yangi yaratilgan Turon navi, T-307 va T-309 tizmalarining dastlabki urug‘chilik ko‘chatzorlari Don va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot institutida tashkil etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi 05/05-03-429-son ma’lumotnomasi). Natijada, Davlat nav sinovini tashkil etish hamda ekin maydonlarini kengaytirish uchun etarli miqdordagi navdorligi yuqori bo‘lgan original urug‘liklari tayyorlangan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish