Ergashova Ra’no To‘raevnaning filologiya fanlari doktori (DSc)
dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz, rus, o‘zbek tillaridagi aviatsiya terminlarining lingvistik xususiyatlari” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/Fil386
Ilmiy maslahatchi: Xo‘jamurod Jabborov, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti
IK raqami: DSc.03/2025.27.12.Fil.11.05
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Mirsanov G‘aybullo Qulmurodovich; filologiya fanlari doktori, professor Ahmedov Oybek Safarbaevich; filologiya fanlari doktori, professor Hamidov Xayrulla Xudoyorovich
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi aviatsiya terminlarini qiyosiy lingvistik tahlil qilish, ularning shakllanish yo‘llari, semantik, struktur, sotsiolingvistik, stilistik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz, rus, o‘zbek tillaridagi aviatsiya terminlari sohaviy qo‘llanilishiga ko‘ra harbiy aviatsiya terminlari aviatsiya qurollari va ularning qismlarini ifodalashda qo‘llanadigan terminlar hamda jangovar uchish apparatlari boshqaruvida ishtirok etadigan shaxslar faoliyatini ifodalashda qo‘llanadigan terminlarga egaligi bilan fuqaro aviatsiyasi terminlaridan farqlanishi dalillangan;
aviatsiya terminlarining leksik-semantik guruhlariga statistik aniqlik kiritilib, parvoz boshqaruvi va navigatsiyasiga doir tushunchalarning ingliz tilida ustunligi, rus tilida vositachilik mavqeyi hamda o‘zbek tilida ma’no kengayish omillari isbotlangan;
ingliz, rus, o‘zbek tillaridagi aviatsiya terminlarining tuzilishiga ko‘ra murakkab shakllari [ot + ot], [sifat + ot], [fe’l + ot], [ot + predlog], [ravish + ot] kabi faol kompozision qoliplar asosida yasalishi asoslangan;
aviatsiya sohasi mutaxassislarining nutqi o‘ziga xos professional identifikatsiya vositasi hisoblanganligi bois parvoz jarayonida uchuvchilar muloqotida ishlatiladigan terminlar texnik jarayonni ifodalashdan tashqari “kasbiy kod” sifatida ijtimoiy ahamiyat kasb etishi aniqlangan;
aviatsiya sohasida to‘liq tarjima qilinadigan (body armor → bronejilet → zirhnimcha), qisman moslashtiriladigan (aerodrome chart → aerodromnaya karta → aerodrom chizmasi), tarjima qilinmaydigan terminlar (mayday → mayday → mayday) mavjudligi misollar bilan asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz, rus, o‘zbek tillarida aviatsiya terminlarining qiyosi va lingvistik xususiyatlari tadqiqi yuzasidan erishilgan ilmiy natija va xulosalar asosida:
ingliz, rus, o‘zbek tillaridagi aviatsiya terminlari sohaviy qo‘llanilishiga ko‘ra harbiy aviatsiya terminlari aviatsiya qurollari va ularning qismlarini ifodalashda qo‘llanadigan terminlar hamda jangovar uchish apparatlari boshqaruvida ishtirok etadigan shaxslar faoliyatini ifodalashda qo‘llanadigan terminlarga egaligi bilan fuqaro aviatsiyasi terminlaridan farqlanishi haqidagi xulosalardan Qarshi davlat universitetida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan SUZ-800-21-GR-3181 “Reinforcing English Language Competence at Karshi state university” nomli xalqaro loyihasida foydalanilgan ( Qarshi davlat universitetining 2025-yil 24-dekabrdagi №04/7394-son ma’lumotnomasi). Natijada, fuqaro va harbiy aviatsiya terminlarining farqli jihatlariga oid fikrlarni dalillashga hissa qo‘shilgan;
aviatsiya terminlarining leksik-semantik guruhlariga statistik aniqlik kiritilib, parvoz boshqaruvi va navigatsiyasiga doir tushunchalarning ingliz tilida ustunligi, rus tilida vositachilik mavqeyi hamda o‘zbek tilida ma’no kengayish omillariga ko‘ra “Aviatsiya terminlari izohli lug‘ati” (ISBN 978-9910-608-56-8) tuzilgan. Natijada aviatsiya terminlari mazmuniy va funksional jihatdan tizimlashtirilib, ularning semantik chegaralari aniqlangan;
ingliz, rus, o‘zbek tillaridagi murakkab terminlar [ot + ot], [sifat + ot], [fe’l + ot], [ot + predlog], [ravish + ot] kabi faol kompozision qoliplar asosida yasalishi haqidagi xulosalardan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida 2022-2023 yillarda bajarilgan “Il-402104213. O‘zbek tilida elektron lingvistik ensiklopedik lug‘at ishlab chiqish” davlat innovatsion tadqiqot doirasidagi loyihada foydalanilgan (Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetining 2025-yil 27-dekabrdagi 04-5740-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha materiallarida keltirilgan o‘zbek tilidagi kompozisiya usulida so‘z yasalishining farqlari tadqiqi, tarjima modellarining ahamiyatiga oid ma’lumotlar aniqlashtirilgan;
aviatsiya sohasi mutaxassislarining nutqi o‘ziga xos professional identifikatsiya vositasi hisoblanganligi bois parvoz jarayonida uchuvchilar muloqotida ishlatiladigan terminlar texnik jarayonni ifodalashdan tashqari “kasbiy
kod” sifatida ijtimoiy ahamiyat kasb etishi borasidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti 2021-2023 yillarda bajarilgan “Qoraqalpoq folklorida olamning etnolingvistik ta’siri” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2026-yil 29-yanvardagi 39/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi aviatsiya terminlarining kasbiy kodni shakllantirishi bilan bog‘liq farqlarini ochib berishga erishilgan;
aviatsiya sohasida to‘liq tarjima qilinadigan (body armor → bronejilet → zirhnimcha), qisman moslashtiriladigan (aerodrome chart → aerodromnaya karta → aerodrom chizmasi), tarjima qilinmaydigan terminlar (mayday → mayday → mayday) mavjudligi borasidagi xulosalardan Farg‘ona davlat universitetida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan “English Access Microscholarship program” xalqaro loyihasida foydalanilgan ( Farg‘ona davlat universitetining 2025-yil 23-dekabrdagi №04/13568-son ma’lumotnomasi). Natijada, aviatsiya terminlarini o‘qitish va o‘zlashtirish jarayonida tarjima usullarini ongli tanlash, terminlarning semantik yuki, muloqotdagi vazifasini saqlab qolish, shuningdek, xalqaro aviatsiya muloqotida muhim bo‘lgan standartlashgan va tarjima qilinmaydigan birliklarga nisbatan tizimli yondashuvni shakllantirish imkoniyati yaratilgan.