Sadikova Bahora Maxmurovnaning
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Italyan paremiologiyasida antonimik korrelyasiyali maqollarning semantik xususiyatlari” 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil1771
Ilmiy rahbar: Suvonova Nigorabonu Nizomiddinovna, filologiya fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.37.02
Rasmiy opponentlar: Shamaxmudova Aziza Furkatovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor, Jo‘raeva Malohat Muhammadovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi italyan tili paremiologiyasidagi antonimik korrelyasiyali maqollarning lingvosemantik tadqiqini amalga oshirish hamda antonimik komponentli paremiyalarni ularga xos mantiqiy-semantik va mikro konsteptual xususiyatlar asosida lingvosemantik va lingvokognitiv jihatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
antonimik paremiologiya sohasining korrelyasiya hodisasi bilan uzviy bog‘liqligi, ularga xos oppozitiv tamoyillarni hosil qiluvchi belgilar zidligi, binar oppozisiya, bir-birisiz mavjud bo‘lmaslik, bir-birini inkor etish va antonimik korrelyativlik singari mantiqiy-semantik ko‘rsatkichlar mavjudligi asoslangan;
zid komponentli paremiyalarni “ziddiyat va muvozanat” rakursi, “ziddiyat”ning qarama-qarshi ma’nolar bilan, “muvozanat”ning esa zid ma’nolarga xos semantik umumiylik bilan aloqadorligi ochib berilgan va bunday yondashuv antonimik maqollarni til sathlariaro, kognitiv, paradigmatik va struktur-semantik jihatdan tasniflashning asosiy omili ekanligi isbotlangan;
italyancha antonimik komponentli maqollarda aks etgan ijtimoiy va lingvosemantik xususiyatlarning grammatik va milliy-madaniy jihatlari ularga xos yashirin mantiqiy-semantik ma’noni ifodalashga xizmat qilishi hamda paremiyalarning hayotiy-situativ omillarga asoslangan ijtimoiy fenomen ekanligi dalillangan;
uomo va donna komponentli maqollarga xos genderli etnomadaniy stereotiplar, bene va male komponentli maqollarga xos kontrast paremiologik obrazlar, vita va morte komponentli maqollarga xos ijtimoiy-falsafiy qarashlar ustuvorligi antonimik paremiologiyaning mikro konsteptual tamoyillari orqali italyan tili antonimik paremiologiyasining semantik va lingvokognitiv xususiyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqot jarayonida ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
antonimik paremiologiya o‘zining oppozitiv xususiyatlari orqali lisoniy korrelyasiya bilan uzviy bog‘liqligi hamda ularga xos oppozitiv tamoyillarni hosil qiluvchi belgilar zidligi, binar oppozisiya, bir-birisiz mavjud bo‘lmaslik, bir-birini inkor etish va antonimik korrelyativlik singari mantiqiy-semantik mezonlar mavjudligi haqidagi ilmiy xulosalardan 2021-2023- yillarda “Musiqa va san’at o‘quv muassasalari uchun “Bolalar raqslari” fanidan interaktiv o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratish” mavzusidagi F3 -2019081773-raqamli fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2025-yil, 07.05.dagi № 1/04-230 - raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida amalga oshirilgan “O‘zbek bolalar raqslari, raqs liboslari va taqinchoqlari nomlarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha qisqacha izohli lug‘ati”ni yaratishda antonimik korrelyasiyali maqollarni semantik va kognitiv jihatdan o‘rganish jarayonida aniqlashtirilgan etnomadaniy, lingvosemantik va ijtimoiy-falsafiy tushunchalar mazkur lug‘atning kirish qismidagi izohli tushuntirishlarni to‘ldirishga yordam qilgan;
zid komponentli paremiyalarni “ziddiyat va muvozanat” rakursi, “ziddiyat”ning maqollar ichki sistemasidagi qarama-qarshi ma’nolar bilan aloqadorligini, “muvozanat”ning esa zid ma’nolarning semantik jihatdan umumiyligini isbotlovchi xulosalardan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2025-yil 19-may kuni efirga uzatilgan “Assalom, Samarqand!” dasturi ssenariysida foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2025-yil 29-maydagi №01-07/199-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, jonli muloqotda dissertant tomonidan Samarqand davlat chet tillar institutida italyan tili mutaxassislarini tayyorlash jarayonida olib borilayotgan islohotlar hamda mazkur dissertatsiyaning italyan tili doirasida erishilgan ilmiy natijalari yuzasidan intervyu berilgan;
italyancha antonimik komponentli maqollarda aks etgan ijtimoiy va lingvosemantik xususiyatlarning grammatik va milliy-madaniy jihatlari ularga xos yashirin mantiqiy-semantik ma’noni ifodalashga xizmat qilishi hamda paremiyalarning hayotiy-situativ omillarga asoslangan ijtimoiy fenomen ekanligiga doir xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida 2017-2020- yillarda bajarilgan FA-F-1-005 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq qilish” nomli fundamental ilmiy tadqiqot loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2025-yil, 14.05.dagi №283\2 – raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiya tadqiqotlaridagi tushuntirish hamda xulosalar loyiha doirasidagi folklor asarlaridan olingan 30 dan ortiq paremiyalarni izohlashga, lug‘atdagi leksikografik tahlillarni takomillashtirishga, so‘z ma’nolarini oydinlashtirishga xizmat qilgan;
uomo va donna, bene va male, vita va morte komponentli antonimik korrelyastiyali maqollarda aks etgan gender asosli etnomadaniy stereotiplar, kontrast paremiologik obrazlar va oppozitiv ijtimoiy-falsafiy qarashlarni mikro konsteptual tamoyillar asosida ochib berish orqali hosil bo‘lgan ilmiy natija va xulosalardan 2022-2023- yillarda “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va multimedia mahsulotlari (elektron lug‘atlar) to‘plami
yaratish” mavzusidagi F3-2019081663 raqamli fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2025-yil, 07.05.dagi № 1/04-231 - raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida amalga oshirilgan “O‘zbek folklor san’ati terminlarining qisqacha o‘zbekcha-inglizcha-nemischa izohli lug‘ati”ni yaratishda folklor asarlaridagi qahramonlar obrazi orqali tarannum etilgan binar oppozisiyali stereotiplar folklor san’ati terminlarining ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini kontrast tarzda izohlash masalasida muhim ilmiy manba bo’lib xizmat qilgan.