Musaeva Azadaxon Mubarakovnaning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa  doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turg‘un birikmalarning leksik-semantik ifoda imkoniyatlari (Qozog‘istondagi  o‘zbek shoirlari she’riyati misolida)” 10.00.01 – O‘zbek tili.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:  (Qozog‘iston Respublikasi)
Ilmiy rahbar: Xamraeva Xulkar Xamidullaevna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qozog‘iston Respublikasi J.Tashenev nomli universitet.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.10.05 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: S.M.Muminov, filologiya fanlari doktori, professor; Y.S.Saidov, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand  davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi. Turg‘un birikmalar talqinining  mezon va tamoyillarini aniqlash, shuningdek, Qozog‘istondagi o‘zbek shoirlari she’riyati misolida o‘zbek-qozoq tili muhitining o‘zbek ijodkorlari poetik nutqiga ta’siri, iboralar lingvopoetikasida o‘zbek-qozoq lingvomadaniy kodlarning ifodalanishi, turg‘un birikmalarning leksik-semantik ifoda imkoniyatlarini lingvopoetik jihatdan tadqiq qilish dissertatsiyaning asosiy maqsadini tashkil etadi.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
turg‘un birikmalarning til tizimidagi o‘rni va funksional xususiyatlarini o‘rganish hamda umumlashtirish asosida ular frazeologizm,  maqol, matal, hikmatli so‘zlar, tarkibli terminlar, birikmali onomastik nomlar, parafrazalar, turg‘un o‘xshatishlar kabi guruhlarga ajratilishi asoslangan;
turg‘un birikmalarning badiiy, publisistik matnlarda va jonli nutqda qo‘llanish usullari, tarixiy va etimologik asoslari, ushbu birliklar orqali tilda olamning leksik, frazeologik  va paremiologik manzarasi aks etishi, turg‘un o‘xshatishlar ham murakkab tabiatli til birliklari sifatida tahlilga tortilishi mumkinligi aniqlangan; 
Qozog‘istondagi o‘zbek shoirlari ijodida qo‘llangan Qozog‘iston, Turkiston, Qorabuloq, Turbat, Sayram, Sig‘noq toponimlari; Ko‘lkat ko‘l, Bodom daryo, Qashqasuv gidronimlari, Ato(lar), Ismoil ota, Yassaviy, Abay, Jibek, Jambul, Baurjon antroponimlari misolida ikki xalq hayotida milliy-madaniy tushunchalarning uyg‘unlashuvi eli bir, ma’naviy ildizlari bir bo‘lgan o‘zbek-qozoq milliy-madaniy itimoiy makon kodlarining til tashuvchilari ongidagi o‘ziga xos belgilari hisoblanishi dalillangan;
ayrim badiiy  tasvir va ifoda vositalarining shakllanishida  u yoki bu turg‘un birikmaning mantiqiy asosi yotishi, lirik qahramonning mag‘rur tolga o‘xshatilishida inson – daraxt  turg‘un o‘xshatishi, siniq ko‘ngil epiteti negizida esa ko‘nglini sindirmoq iborasi aktuallashishi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.  Qozog‘istondagi o‘zbek shoirlari asarlarining badiiyatini va obrazlilik qiymatini ta’minlovchi  turg‘un birikmalarning tadqiqi yuzasidan  olingan ilmiy natijalar asosida:
ayrim badiiy  tasvir va ifoda vositalarining shakllanishida  u yoki bu turg‘un birikmaning mantiqiy asosi yotishi, lirik qahramonning mag‘rur tolga o‘xshatilishida inson – daraxt  turg‘un o‘xshatishi, siniq ko‘ngil epiteti negizida esa ko‘nglini sindirmoq iborasi aktuallashishi isbotlanganligi haqidagi xulosa va tavsiyalardan 2022-2023-yillarda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida amalga oshirilgan «O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va multimedia mahsulotlari to‘plamini (elektron lug‘atlar) yaratish» mavzusidagi FZ – 2019081663 raqamli fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2024-yil dekabrdagi 1/ - 04- 27-son ma’lumotnomasi). Natijada  loyihaning  ilmiy-nazariy manbalari boyitilib,  lug‘atlarning mukammallashuviga erishilgan; 
Qozog‘istondagi o‘zbek shoirlari ijodida qo‘llangan Qozog‘iston, Turkiston, Qorabuloq, Turbat, Sayram, Sig‘noq toponimlari; Ko‘lkat ko‘l, Bodom daryo, Qashqasuv gidronimlari, Ato(lar), Ismoil ota, Yassaviy, Abay, Jibek, Jambul, Baurjon antroponimlari misolida ikki xalq hayotida milliy-madaniy tushunchalarning uyg‘unlashuvi eli bir, ma’naviy ildizlari bir bo‘lgan o‘zbek-qozoq milliy-madaniy itimoiy makon kodlarining til tashuvchilari ongidagi o‘ziga xos belgilari hisoblanishi dalillanganligiga  oid ilmiy xulosa va  tavsiyalardan Qozog‘istondagi ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “O‘zbek tili” dastur va darsliklarini tuzishda, “O‘zbek tili (5-8-sinflar uchun)” nomli metodik qo‘llanmalarni yaratishda foydalanilgan (Qozog‘iston Respublikasi o‘zbek etno-madaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyatining 2024-yil 12-dekabrdagi 10-son dalolatnomasi). Natijada Qozog‘istondagi ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan umumta’lim maktablari ona tili darslarida o‘quvchilarining ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va rivojlantirish, ta’lim jarayonining samaradorligini  oshirishga xizmat qilgan. 
turg‘un birikmalarning til tizimidagi o‘rni va funksional xususiyatlarini o‘rganish hamda umumlashtirish asosida ular frazeologizm,  maqol, matal, hikmatli so‘zlar, tarkibli terminlar, birikmali onomastik nomlar, parafrazalar, turg‘un o‘xshatishlar kabi guruhlarga ajratilishi asoslanganligi haqidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlarida foydalanilgan (O‘zMTRKning 2024-yil 28-noyabrdagi 04-27-2057-son dalolatnomasi). Natijada ushbu eshittirishlar amaliy jihatdan boyitilgan  va ilmiy dalillar bilan ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish