Shukurova Zilola Yusufovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Adabiy maktablar muloqotida turkiy tildagi qo‘lyozma bayozlarning o‘rni” (XIX asr oxiri – XX asr boshi), 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.2.DSc/Fil809
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.41.01.
Rasmiy opponentlar: Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor; To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor, Nuriddinov Shahobiddin Boboyorovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: bayozning adabiy-estetik hodisa sifatida shakllanishi, tadrijiy takomili hamda ijtimoiy-ma’naviy, adabiy hayotdagi o‘rni va ahamiyatini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bayozlarning arab xalq she’riy to‘plamlaridan farqli holda adabiy ehtiyoj samarasi o‘laroq o‘ziga xos kompozisiyaga ega to‘plam sifatida shakllangani aniqlanib, ularning O‘rta Osiyoga kirib kelish zarurati kabi masalalar misollar orqali dalillangan;
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bayozlarning takomili natijasida an’anaviylik bosqichidan yangi shakl, mazmun, tuzilish va kompozisiyaga ega o‘zgacha uslubda yaratilgan adabiy hodisa bo‘lgani aniqlangan va xonliklar tarkibida bayozchilik maktablarining shakllanib taraqqiy etishida tashqi hamda ichki omillarning ta’siri katta ahamiyat kasb etgani asoslangan;
bayozlar adabiy maktablar muloqotini yuzaga keltirgani, Hindiston, Eron, Afg‘oniston va boshqa chet ellik shoirlar ijodining bayozlarda aks etishi, ularda jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan (nomi ko‘rsatilmagan faranglik shoir, istambullik shoir, eronlik shoir, Komiy Qunduziy, Fayziy Dakaniy, Bayramxon kabi) ijodkorlar biografiyasi va adabiy merosi ilmiy istifodaga olib kirilgan;
Qo‘qon, Xiva, Buxoro bayozchilik maktablarining shakllanishi va taraqqiyotini tekshirish orqali mavjud bayozlarning tarkibiy tuzilishi, tashqi belgilari, boshqa xonliklardan ajratib turadigan o‘ziga xos xususiyatlari, shakliy, mazmuniy o‘zgarishlar va ularning kelib chiqish sabablari asoslangan hamda bayozdagi shoiralarning adabiy maktablar va xonliklar bilan madaniy aloqalarni mustahkamlashda tutgan o‘rni aniqlangan;
xalqni zulm va zo‘ravonlikka qarshi ruhlantirishda musanniflarning o‘rni muhim bo‘lganligi xonliklar adabiy muhitida mustamlaka siyosati va unga qarshi kurash ruhida yaratilgan yangi she’rlar va jangnomalardan misollar asosida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mintaqaviy adabiy maktablar muloqotida turkiy tildagi qo‘lyozma bayozlarning o‘rni tadqiqi bo‘yicha ilmiy natijalar asosida:
bayozlarning adabiy ehtiyoj samarasi o‘laroq o‘ziga xos kompozisiyaga ega to‘plam sifatida shakllangani va turli adabiy-estetik maqsad hamda muddaolarni ko‘zda tutishiga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023 – 2024-yillarda bajarilgan AL-662205561 raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish (“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotidagi g‘azallar asosida)” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 28-martdagi 01/4-1145-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qo‘lyozma bayozlar orqali bayoz tabiati, unga xos xususiyatlarni aniqlashtirishga xizmat qilgan;
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bayozlarning takomili natijasida an’anaviylik bosqichidan yangi shakl, mazmun, tuzilish va kompozisiyaga ega o‘zgacha uslubda yaratilgan adabiy hodisa bo‘lgani aniqlangan va xonliklar tarkibida bayozchilik maktablarining shakllanib taraqqiy etishida tashqi hamda ichki omillarning ta’siri katta ahamiyat kasb etganiga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023 – 2024-yillarda bajarilgan AL-662205561 raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish (“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotidagi g‘azallar asosida)” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 28-martdagi 01/4-1145-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kutibxona va muzeylarda mavjud qo‘lyozma bayozlar tahlili orqali bayoz tabiati, unga xos xususiyatlar hamda shu turdagi to‘plam-majmualardan farqli tomonlarini aniqlashtirishga xizmat qilgan;
adabiy maktablar muloqotini yuzaga keltirishda bayozlar katta ahamiyat kasb etishi, xususan, Hindiston, Eron, Afg‘oniston va boshqa chet ellik shoirlar ijodining bayozlarda aks etishi, jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan shoir va shoiralarning ijod namunalari va u orqali ijodkor biografiyasi va adabiy merosini ilmiy istifodaga olib kirilgani haqidagi xulosalardan Bobur nomli Xalqaro Jamoat fondi tomonidan 2017-yil Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasini qayta nashrida foydalanilgan (Bobur nomli xalqaro jamoat fondining 2025-yil 24-martdagi 12-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Hindistonda boburiyzodalarga xizmat qilgan sarkarda va zullisonayn shoirlar ijodi tahlil qilinib, Hindistonda Movarounnahr va Iroq uslublari, Hind falsafasi ta’siri ostida “sabki hind” uslubining shakllangani haqida tahlilily ma’lumotlar berilib boyitilgan;
Qo‘qon, Xiva, Buxoro bayozchilik maktablarining shakllanishi va taraqqiyotini tekshirish orqali bayozlarning tashqi belgilari, tarkibiy tuzilishi, boshqa xonliklar bilan umumiy belgilari hamda ajratib turadigan o‘ziga xos xususiyatlari, shakliy, mazmuniy o‘zgarishlar, ularning kelib chiqish sabablari hamda shoiralarning adabiy maktablar va xonliklar bilan madaniy aloqalarni mustahkamlashda tutgan o‘rni asoslangani haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021 – 2023-yillarda bajarilgan F3-201912258-raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 28-martdagi 01/4-1146 sonli ma’lumotnomasi). Natijada XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning boshlarida xonliklarda bayoz taraqqiyoti va uning omillarini ko‘rsatishda, o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganishda xonliklar davri adabiyotida adabiy muhitning shakllanishi va taraqqiyotini belgilashda, O‘rta Osiyo davlatlari bilan chet el sharqining adabiy aloqalarni tadqiq qilishga oid ilmiy-nazariy konsepsiyasi yangi fikr-mulohazalar bilan boyishiga erishilgan;
bayoz taraqqiyoti natijasida bayoz strukturasidagi an’anaviylik va novatorlik, xalqni zulm va zo‘ravonlikka qarshi ruhlantirishda musanniflarning so‘z tanlashdagi mahorati, mustamlaka siyosati va unga qarshi kurash ruhida yaratilgan yangi she’rlar va jangnomalarda tarixiy va arxaik so‘zlarning ishlatilishi haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022 – 2023-yillarda bajarilgan PZ-2020042022 “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy tadqiqotda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 6-maydagi 01/6-1453 sonli ma’lumotnomasi). Natijada xonliklar davrida tuzilgan bayoz matnlari tahlil qilinib, XIX asrda iste’molda bo‘lgan va arxaiklashgan so‘zlar aniqlangan va mazkur leksemalar ma’nosiga ko‘ra tasniflanib, platformadagi bazaning tarixiy-arxaik so‘zlari qismini to‘ldirishda foydalanilgan.