Jumaeva Feruza Uralovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “So‘zning semantik qurilishi: shakllanishi, taraqqiyoti (diskursiv-sinergetik tahlil)”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Fil201.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.41.01 (bir martalik kengash).
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Muhamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor Sobirov Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor Djusupov Nursulton Maxanbet o‘g‘li.
Yetakchi tashkilot: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi so‘zning semantik qurilishini o‘rganish, voqelik idroki, ma’noning shakllanish va taraqqiy etish jarayonlarini diskursiv-sinergetik paradigma doirasida ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kognitiv-diskursiv faoliyat ta’sirida so‘zning semantik strukturasida yuz beradigan sinergetik jarayonlar: tartibsizlik va tartibning nochiziqli almashinuvi ma’no taraqqiyotiga ta’sir etuvchi omil ekanligi isbotlangan;
diskurs ta’sirida ema va semalar miqdori ortib, ma’noni murakkab tizimga aylantirishi hamda har bir ema yoki sema muayyan bifurkatsiya nuqtasida o‘zini tashkil etib, semema yaratish imkoniyatiga ega ekanligi sinergetikaning murakkablik, ochiqlik tamoyillari orqali dalillangan;
paradigmatik, sintagmatik munosabatlar ta’sirida ema, sema, sememalarning shakllanishi, taraqqiy etishi hamda ular o‘rtasida qarama-qarshilik, ziddiyatning paydo bo‘lishi va kuchayib borishi ma’no taraqqiyoti va takomiliga sabab bo‘luvchi omil ekanligi sinergetikaning ko‘p funksionallik, nochiziqlilik tamoyillari asosida isbotlangan;
semantik strukturadagi o‘zgarishlar, siljishlarning polisemiya va polifunksiyaga olib boruvchi yo‘llari, ularni harakatlantiruvchi kuchlar manbai diskursiv-sinergetik tahlillar asosida aniqlangan;
sodda yasama, qo‘shma, juft va takroriy so‘zlarning yasalishi, shakliy yoki ma’noviy o‘zgarishlarga uchrashi diskursiv faoliyat, sinergetik jarayonlar tasarrufida kechadigan hodisa ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. So‘zning semantik qurilishi: shakllanishi, taraqqiyoti tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
so‘z tarkibida diskursiv-kognitiv faoliyat ta’sirida ro‘y beradigan semantik tartibsizlik va tartibning nochiziqli almashinuvi ma’no taraqqiyotiga ta’sir etuvchi lingvosinergetik omil ekanligi; so‘z ma’nosi idroki: psixologik va kognitiv tahlil; ma’no va tushuncha munosabati: tarkibi, nochiziqli, murakkab tuzilishi; sememaning turlari va semalarning semema tarkibida tutgan o‘rni, vazifasiga ko‘ra tiplariga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan 2017-2020-yillarda bajarilgan FZ-2016-0908165532 raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” nomli fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2025-yil 17-fevraldagi 73-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha materiallari so‘z ma’nosining shakllanishi va taraqqiy etish sabablari, ma’no o‘zgarishlariga olib keluvchi omillar, ularni harakatlantiruvchi kuchlarning lisoniy tabiati xususidagi fikrlar; so‘z va leksemaning ma’nolari: tarkibi, taraqqiyoti va turlariga oid ilmiy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
diskursiv-kognitiv faoliyat ta’sirida sema va emalar miqdori oshib, ma’noni murakkab tizimga aylantirishi va har bir sema yoki ema muayyan bifurkatsiya nuqtasida semema yaratish imkoniyatiga ega ekanligiga doir ilmiy nazariy xulosalardan O‘zRFA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-A1-G007 raqamli “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot obekti sifatida” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zRFA QB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 14-fevraldagi 65/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, naql va maqollardagi so‘zlarning ma’nolarini izohlash, semantik o‘zgarishlarni tahlil etishda aniqlik kiritilgan;
semema tarkibida sema va emalarning ortib borishi, ular o‘rtasidagi qarama-qarshilik, ziddiyatning kuchayishi ma’no taraqqiyoti va takomiliga sabab bo‘luvchi omil ekanligi; diskursiv-sinergetik tahlillar asosida so‘z ma’nosining shakllanishi va taraqqiyotini tekshirish hamda polisemiyaning hosil bo‘lishi va ma’no taraqqiyotiga ta’sirini aniqlashga doir tahlil usullari va nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2024-yillarga mo‘ljallangan PZ-20170926459 raqamli “Navoiyshunoslik tarixi (XX-XXI asrlar)” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zR Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUning 2024-yil 17-dekabrdagi №01-4177-son ma’lumotnomasi). Natijada, badiiy tafakkurning ma’no taraqqiyotiga ta’sirini aniqlashga doir nazariy umumlashmalar chiqarishga xizmat qilgan;
semantik strukturadagi o‘zgarishlar, siljishlarning polisemiya va polifunksiyaga olib boruvchi yo‘llari, ularni harakatlantiruvchi kuchlar manbai; ko‘p ma’noli so‘zlarning hosil bo‘lishi va semantik tuzilishini sinergetikaning ochiqlik, ko‘p vazifalilik, nochiziqlilik, murakkablik tamoyillari asosida tekshirish; leksik ma’no turlari, polisemem leksemaning sememalari va semalari tahliliga doir ilmiy-nazariy qarashlar va ularni asoslash uchun keltirilgan maqol, matal, iboralardagi so‘zlarning semik tahliliga oid xulosalardan O‘zRFA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-A1-G007 raqamli “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot obekti sifatida” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zRFA QB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 14-fevraldagi 65/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, bunday tahlillar so‘z semantik strukturasining lisoniy tabiati va taraqqiyot asoslariga doir nazariy qarashlarni boyitishga xizmat qilgan;
sodda yasama, qo‘shma, juft va takroriy so‘zlarning ma’nosidagi o‘zgarishlar, ema, sema, sememalarining shakllanishi va taraqqiyoti diskursiv-sinergetik jarayonlar tasarrufida kechishini asoslovchi tadqiqot natijalaridan “Semasiologiya” o‘quv qo‘llanmasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 27-dekabrdagi 485-sonli buyrug‘iga asosan 837174 raqamli ruxsatnoma). Natijada, ma’no shakllanishi va taraqqiyotining diskursiv-sinergetik tavsifini yoritishga erishilgan;
so‘z ma’nosining shakllanishi va taraqqiyoti Alisher Navoiy asarlari misolida tahlil qilingan xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining Jizzax viloyati teleradiokanali orqali 2025-yil 9-fevralda efirga uzatilgan “Sarchashma” eshittirishining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Jizzax viloyati teleradiokanalining 2025-yil 13-martdagi 149/13-10-son maʼlumotnomasi). Natijada, ko‘rsatuvning mazmuni yangi manbalar bilan boyitilib, ilmiy ommabopligi ta’minlangan.