Sultonova Gulbaxor Murtazaxonovnaning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Badiiy matnning kognitiv-pragmatik tadqiqi”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2025.2.PhD/Fil6405
Ilmiy rahbar: Nosirova Umidaxon Ikromovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Qoʻqon davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.34.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xayrullaev Xurshidjon Zaynievich, filologiya fanlari doktori, professor;
Xasanov Akbarjon Abdurashidovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi badiiy matn implikaturasi va uni yuzaga chiqaruvchi konseptual va implikativ metaforalarning kognitiv-pragmatik xususiyatlarini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
badiiy matnni idrok etish bilan bog‘liq interpretatsiya jarayoni inson tafakkuridagi umumiy lisoniy bilim fondi asosida assotsiatsiyalanishi, assotsiatsiyalanuvchi g‘oya va fikrlar olamning badiiy konseptual manzarasini shakllantirishi, inson tasavvuri orqali yuzaga kelgan konseptual mazmuniy strukturada badiiy matn mazmuniga muvofiq tarzda modusga asoslangan fikrlar tizimining paydo bo‘lishi isbotlangan;
olamning lisoniy manzarasi va badiiy konsept orasidagi uzviylik mexanizmlari kognisiyaning bosqichlari sifatida namoyon bo‘lishi, badiiy matn mazmuni kognisiya qonuniyatlariga ko‘ra assotsiatsiyalanishi, badiiy matndagi metaforik va ironik implikatsiya inson tafakkuriga xos badiiy konseptlarga asoslangan holda yuzaga chiqishi misollar tahlilida dalillangan;
badiiy matnning implikativ birliklari tipologik jihatdan tasnif qilinib, ularning ifoda imkoniyatlari, tasviriy shakllari pragmatik munosabatlarni yuzaga chiqaruvchi birlik sifatida qabul qilingan hamda kommumikatsiya jarayonida matnlarning implikatsion va eksplikatsion tarzda taqdim etilishi, badiiy matnni tushunishda tasvir, sxema va freymlar asos sifatida xizmat qilishi asoslangan;
badiiy matndagi lingvomadaniy xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan konseptual va implikativ metaforalar yashirin asosda interpretatsiya qilinishi, implikatsiyaning har ikki turi ijodkor tafakkuridagi badiiy konseptlar asosida lisoniy moddiylashishi, badiiy matn implikatsiyasi insonning olam haqidagi umumiy bilimlari, kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarining pragmatik natijasi ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Badiiy matnning kognitiv-pragmatik tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
badiiy matn idroki bilan bog‘liq interpretatsiya jarayoni inson tafakkuridagi umumiy lisoniy bilim fondi asosida assotsiatsiyalanishi, assotsiatsiyalanuvchi g‘oya va fikrlar olamning badiiy konseptual manzarasini shakllantirishi, inson tasavvuri orqali yuzaga kelgan konseptual mazmuniy strukturada badiiy matn mazmuniga muvofiq tarzda modusga asoslangan fikrlar tizimining paydo bo‘lishiga doir ilmiy natija va xulosalardan 2020-2021-yillar “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va multimedia mahsulotlari (elektron lug‘atlar) to‘plamini yaratish mazmunidagi FZ-2019081663 raqamli fundamental loyihani bajarishda, xususan, “O‘zbekiston folklor san’ati terminlarining qisqacha o‘zbekcha-inglizcha-fransuzcha izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston davlat Xoreografiya akademiyasining 2025-yil
12-iyundagi 1/04-256-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy matnlarda mavjud oshkora va yashirin ma’noli konseptual axborotlar loyiha materiallarini, xususan, umumiy mazmun haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirishga, loyiha doirasida yaratilgan lug‘atning samaradorligini oshirishga va boyitishga xizmat qilgan;
olamning lisoniy manzarasi va badiiy konsept orasidagi uzviylik mexanizmlari kognisiyaning bosqichlari sifatida namoyon bo‘lishi, badiiy matn mazmuni kognisiya qonuniyatlariga ko‘ra assotsiatsiyalanishi, badiiy matndagi metaforik va ironik implikatsiya inson tafakkuriga xos badiiy konseptlarga asoslangan holda yuzaga chiqishiga doir xulosalardan 2021-2023-yillarda bajarilgan “O‘zbek tilining milliy korpusini loyihalash va dasturiy majmua ishlab chiqish mavzusidagi amaliy loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining 2025-yil 20-iyundagi 362/01-01-son ma’lumotnomasi). Natijada amaliy loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar to‘plamlari hamda til korpusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarning ilmiy saviyasi oshishi va takomillashuviga erishilgan;
badiiy matndagi lingvomadaniy xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan konseptual va implikativ metaforalar yashirin asosda interpretatsiya qilinishi, implikatsiyaning har ikki turi ijodkor tafakkuridagi badiiy konseptlar asosida lisoniy moddiylashishi, badiiy matn implikatsiyasi insonning olam haqidagi umumiy bilimlari, kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarining pragmatik natijasi ekanligi haqidagi ilmiy natija va xulosalardan 2024-2025-yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlari ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokanali davlat muassasasining 2025-yil 12-iyundagi 26-36-1002-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallar mazmuni ma’rifiy jihatdan boyitilgan va ilmiy asoslar bilan dalillangan.