Ubaydullaeva Ra’no Axmadalievnaning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida rang-tus bildiruvchi so‘zlar assotsiatsiyasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.4.PhD/Fil5224.
Ilmiy rahbar: Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Qo‘qon davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.34.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Hakimova Muhayyo Karimovna, filologiya fanlari doktori, professor;
Hamroeva Hulkar Xamidullaevna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilida rang assotsiatsiyasining ifodalanishi muammosini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tili egalari ustida o‘tkazilgan erkin assotsiativ tajriba metodi yordamida kishilarda rang-tus bildiruvchi so‘zlarga nisbatan hosil bo‘ladigan javob reaksiyalari aniqlangan va ularning ushbu turtki so‘zlar bilan assotsiativ aloqaga kirishuviga sabab bo‘lgan omillar ochib berilgan;
“O‘zbek tili ta’limiy korpusi” yordamida o‘zbek tilida faol qo‘llanuvchi rang-tus bildiruvchi so‘zlar ajratib olingan, ularga nisbatan o‘zbek tili egalarida hosil bo‘lgan assotsiatsiyalarning lingvistik strukturasi yoritilgan, sinaluvchilarda takrorlanish chastotasi aniqlangan;
o‘zbek tilida rang-tus bildiruvchi so‘zlarga nisbatan har xil assotsiatsiyalarning yuzaga kelishiga turtki bergan lisoniy (semantik, funksional, grammatik omillar) va nolisoniy (til egalarining ranglarni bilish darajasi, rang bilan bog‘liq tasavvurlari, yoshi, jinsi kabilar) omillar ajratilgan;
o‘zbek tili egalarida rang-tus bildiruvchi turtki so‘zlarga nisbatan hosil bo‘lgan javob reaksiyalarining assotsiativ maydoni belgilangan, ularning tuzilishi tasvirlangan, yadro va chegara qismlari ajratilgan, turtki so‘z bilan bog‘lanish kuchi belgilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili egalarida assotsiativ tajriba jarayonida rang-tus bildiruvchi so‘zlarga nisbatan javob reaksiyalarining hosil bo‘lishi, turtki so‘zlar bilan assotsiativ aloqaga kirishuvi omillari, lingvistik strukturasi hamda sinaluvchilarda takrorlanish chastotasiga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida IL-52-21091433. “O‘zbek tili realiyalariga oid maqolalar bazasi platformasini yaratish “Vikipediya elektron platformasi mezonlari asosida” mavzusidagi loyiha (№ 04/1-382)ni amalga oshirish jarayonida foydalanilgan. Natijada loyihada yaratilgan elektron platforma bazasi rang-tus bildiruvchi so‘zlar assotsiatsiyasiga doir materiallar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilida rang-tus bildiruvchi so‘zlarga nisbatan assotsiatsiyalarning yuzaga kelishiga turtki bergan lisoniy (semantik, funksional, grammatik omillar) va nolisoniy (til egalarining rang bilan bog‘liq tasavvurlari, yoshi, jinsi kabilar) omillar tahliliga oid xulosalardan Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan Davlat ilmiy-texnik dasturi doirasidagi 2020-2022-yillarda bajarilgan AM-F3-201908172. “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi loyiha (№04/1-383)da foydalanilgan. Natijada ushbu korpus bazasidan rang-tus bildiruvchi so‘zlar va ularning assotsiatsiyalari aks etgan matnlar ham o‘rin ogan;
o‘zbek tili egalarida rang-tus bildiruvchi so‘zlarga nisbatan hosil bo‘ladigan javob reaksiyalarining assotsiativ maydoni, uning yadro va chegara qismlari haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DMda efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Adabiy jarayon” nomli dasturlar (05-09-280-sonli ma'lumotnoma) ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan. Natijada ushbu dasturlarda til o‘rganishda, badiiy nutqda rang-tus bildiruvchi so‘zlar assotsiativ majmiyidan foydalanish masalasiga oid qarashlar mazmunan boyitilgan.