Mamadalieva Zaxro Sho‘xratjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “So‘roq gaplarning kontekstual va kommunikativ-pragmatik tadqiqi” 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Fil5987.
Ilmiy rahbar: Mamajonov Muhammadjon Yusubjonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.10.05 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Yuldasheva Dilafruz Maxamadalievna, ikkinchi rasmiy opponent sifatida filologiya fanlari doktori, professor Usmonova Xuriniso Sharapovna. 
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilshunosligida so‘roq gaplarning grammatik xususiyati bilan birga, uning struktural-semantik va pragmatik xususiyatlarini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
     tadqiqot ishida o‘zbek tilida so‘roq mazmunini ifodalovchi vositalar monografik planda ilk bor kompleks va tizimli ravishda o‘rganilgan, shuningdek, mavjud tadqiqotlar va adabiyotlar bilan solishtirish orqali mazkur vositalarning lingvistik jihatdan qanday o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekani va ularning til tizimidagi o‘rni aniqlangan;
    so‘roq mazmunini ifodalovchi vositalarning paradigmatic (so‘z va shakllar tizimi) hamda pragmatik (nutqdagi maqsad va kontekstga bog‘liqligi) aspektlarda tahlili berilgan va bu vositalarning faqat grammatik tarkibi emas, balki kommunikativ birlik sifatidagi o‘rni ham ochib berilgan;
    so‘roq gaplarning tuzilishi tarixiylik va zamonaviylik jihatdan yoritilgan va shakllanish mexanizmlari hamda zamonaviy nutqda so‘roq konstruksiyalarning qo‘llanilishi haqida chuqur tasavvur hosil qilingan;
    tadqiqotda matn qo‘llangan so‘roq shakllari orqali shaxs xususiyatlarining ifodalanishi, nutq sub’ektining kommunikativ niyati va pragmatik pozisiyasi aniqlangan. 
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.  So‘roq gaplarning semantik-struktur va pragmatik xususiyatlariga bag‘ishlangan ushbu tadqiqot ishida erishilgan ilmiy natijalar asosida: 
so‘roq gaplarning tuzilishi tarixiylik va zamonaviylik nuqtayi nazaridan tadqiq etilgani o‘zbek tili taraqqiyotidagi so‘roq konstruksiyalarining shakl va mazmun jihatdan rivojlanish qonuniyatlarini ko‘rsatib berilganligiga doir ilmiy natija va xulosalaridan 2022-2023-yillarda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida amalga oshirilgan “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va mul`timedia mahsulotlari (elektron lug‘atlar) to‘plami yaratish” mavzusidagi F3-2019081663 raqamli fundamental loyihani bajarishda, xususan, “O‘zbek fol`klor san’ati terminlarining qisqacha o‘zbekcha-inglizcha-nemischa izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 1/04-242-sonli ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya materiallari loyiha doirasida tayyorlangan lug‘atlarning mukammallashishi va ilmiy-amaliy dalillar bilan boyishiga xizmat qilgan;
o‘zbek tilida so‘roq mazmunini ifodalovchi vositalar ilk bor monografik tarzda umumiy tadqiq etilishi natijasida muammoning til tizimidagi o‘rni va kommunikativ birlik sifatidagi funksiyasi yoritilgani; so‘roq mazmunini ifodalovchi vositalarning paradigmatik va pragmatik aspektlarda tahlil qilinishi orqali muammoning nutqiy faoliyatda shakllanish mexanizmlari hamda muloqot jarayonidagi ta’sirchanlik darajasi ochib berilganiga doir xulosa va tavsiyalardan 2023-2024-yillarda O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlari ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2025-yil 10-sentyabrdagi 26-36-1031-sonli ma’lumotnomasi). Natijada radiodasturlarda foydalanilgan ushbu ilmiy natijalar so‘roq gaplarning struktural, semantik va pragmatik xususiyatlari haqida kengroq tasavvur hosil qilish, ularning nutqiy muloqotdagi o‘rnini ko‘rsatish hamda kommunikativ birlik sifatida ta’sirchanlik kuchini yoritish imkonini bergan;
o‘zbek tilida so‘roq mazmunini ifodalovchi vositalarni o‘rganishda matn doirasida qo‘llangan so‘roq shakllari orqali shaxs xususiyatlari, nutq sub’ektining kommunikativ niyati va pragmatik pozisiyasi ifodalanishi pragmalingvistik jihatdan dalillanganligiga doir xulosa va tavsiyalardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2022–2024-yillarda bajarilgan IL-402104209-sonli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google Translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 1-dekabrdagi 04/1-5745-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotda keltirilgan nazariy xulosalar va tahliliy ma’lumotlar o‘zbek tilining morfoleksik bazasini boyitish, so‘roq konstruksiyalarining lingvistik xususiyatlarini tizimlashtirish hamda ularni avtomatik tahlil jarayonlarida samarali qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish