Qurbonova Shaxlo Shuxrat qizining filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Amerika va o‘zbek adabiyotida “yo‘qotilgan avlod” fojiasining psixologik hamda ijtimoiy aspektlari”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Fil1018
Ilmiy konsultant: Ilhom G‘aniev, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK raqami: Qarshi davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.11.05  
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, Qarshi davlat universiteti professori Damin To‘raev, filologiya fanlari doktori, Buxoro davlat universiteti  professori Xajieva Feruza Melsovna va filologiya fanlari doktori O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti professori, Ikromxonova Feruza Ikromova.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi Amerika va o‘zbek adabiyotida “yo‘qotilgan avlod” fojiasining psixologik hamda ijtimoiy aspektlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Yo‘qotilgan avlod” tushunchasi urushdan keyingi inson ongining transformatsiyasini ifodalaydigan badiiy-psixologik model sifatida talqin qilindi;  qiyosiy tadqiq etish orqali o‘zbek adabiyotida – kollektiv ruhiy jarohatlanish, ma’naviy ildizlardan uzilish hamda milliy o‘zlikni yo‘qotish fojiasi sifatida, Amerika adabiyotida – individual ruhiy inqiroz ustuvorligi o‘laroq namoyon bo‘lishi, shuningdek, hodisaning transmadaniy invariant belgilari aniqlandi;
yo‘qotilgan avlod fojiasi: G‘arb adabiyotida – Birinchi jahon urushidan keyingi davr kishilarining ruhiy-ma’naviy degradatsiyasi, qadriyatlar inqirozi, beqaror turmush tarzi va kelajakka ishonchsizlikni ifodalaydigan badiiy timsollar orqali ko‘rsatilgani, o‘zbek prozasida – mustamlakachilik asoratlari, mardikorlik uqubatlari, majburiy safarbarlik hamda tarixiy xotiraning fojiaviy talqini negizida voqelanishi, shuningdek, muhabbatning yuksak qadriyat sifatida mazkur inqirozga qarshi qo‘yilishi har ikki adabiyotga xos badiiy qonuniyat ekani ilmiy dalillandi;
“yo‘qotilgan avlod” mavzuidagi nasriy asarlarda poetik mahorat: Amerika adabiyotida – aysberg nazariyasiga asoslangan sodda dialoglar orqali urush keltirib chiqargan jismoniy-ma’naviy jarohatlanishning implisit (ramziy-kontekstual) ifodalanishida; o‘zbek adabiyotida – interer va peyzaj detallariga boy murakkab sintaktik uslubda, qahramon ichki dunyosining chuqur tahliliga asoslangan introspektiv syujetda hamda yozuvchi pozisiyasining qadriyatlar va dilemmalar ziddiyatida, binar oppozisiyalar orqali namoyon bo‘lishi qiyosiy tadqiq asosida isbotlandi;
“yo‘qotilgan avlod” kontekstida urushdan keyingi gender rollari almashinuvi: ayol emansipatsiyasi Amerika adabiyotida – lakonik dialog, tashqi harakatlar va implisit konflikt orqali berilgani; o‘zbek adabiyotida – majburiy xiyonatning tavba va afsus bilan yakunlanishi hamda ichki monolog, maishiy-interer tasvirlari orqali yoritilgani; shuningdek, milliy qadriyatlar fonida axloqiy-psixologik buhronga asoslangan yagona tematik yadro mavjudligi izchil ravishda aniq tahlillar orqali asoslab berildi;
“yo‘qotilgan avlod” adabiyotida har ikki millat yozuvchilari qahramon ruhiyatini urushdan orttirilgan jismoniy jarohatlar, ma’naviy-axloqiy tanazzul, dekadent kayfiyat va kelajakka ishonchsizlik kabi mushtarak psixologik belgilar asosida tasvirlaganlari; shuningdek, psixologik inqiroz Amerika adabiyotida – qahramonning ekzistensial izolyasiyasi va hayotiy orientatsiya yo‘qolishi shaklida; o‘zbek adabiyotida –   siyosiy-ijtimoiy tuzum adolatsizligi hamda oilaviy-axloqiy munosabatlar emirilishi ta’sirida fojiaviy yakun topishi shaklida voqelangani qiyosiy-tipologik rakursda isbotlandi. 
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.  Amerika va o‘zbek adabiyotida “yo‘qotilgan avlod” fojiasining psixologik hamda ijtimoiy aspektlari mavzusida olib borilgan tadqiqot davomida erishilgan ilmiy natijalar asosida: 
Amerika va o‘zbek adabiyotida “yo‘qotilgan avlod” poetik mahorat qo‘llanilgan tasvir vositalari – peyzaj, portret va interer detallari orqali qahramonlarning ruhiyati, kayfiyati, yashash tarzi hamda jamiyatdagi o‘rni, tasvir poetikasi esa voqealar rivojiga ramziy ishoralar, kelajakdagi fojialarni sezdiruvchi badiiy belgilar ustivorligida voqelanganligini yuqori darajada ko‘rsatilgan hamda va ilmiy natijalaridan mazkur loyiha ishlanmalarida foydalanildi. Dissertatsiyada foydalanilgan ilmiy-metodik tavsiyalar loyiha ishlanmalarining takomillashishiga xizmat qildi va ular asosida ishlab chiqilgan tavsiyalarning amaliyotga tatbiq etilishi yuzasidan erishilgan ijobiy ilmiy natijalari va materiallaridan A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot institutida Xalq ta’limi vazirining 2023-yil 18-maydagi 156-son buyrug‘i asosida 2023-2024-yillarda bajarilishi nazarda tutilgan AI-201704-sonli “Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining ona tili (o‘zbek tili) fani bo‘yicha malakasini baholash hamda 14 ta fandan test tizimini ishlab chiqish” nomli fundamental loyihasida foydalanilgan. (2025-yil, 16-dekabrdagi №03-17-09-997-son ma’lumotnomasi). 
“Yo‘qotilgan avlod” tushunchasining universal badiiy modeli ingliz yozuvchilari qahramonlarida ekzistensial begonalashuv markazda bo‘lsa, o‘zbek yozuvchilarida bu holat milliy o‘zlikni yo‘qotish orqali ifodalangani har ikkala adabiyotda “yo‘qotilgan avlod” fojiasining transmadaniy invariant belgilarini aniqlashda ustuvorlik kasb etishiga oid xulosa va natijalardan “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazida 2022-2024-yillarda bajarilgan APC2C/10 “Sustainable Collection of Research Data for the Protection of Intangible Cultural Heritage: Focus on Central Asia and Small Island Developing States (2022-2024 Fiscal Ear)” mavzusidagi fundamental va xalqaro loyihasida foydalanilgan (“Umrboqiy me’ros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazining 2025-yil 2-iyundagi №ML01/01-32-son ma’lumotnomasi). Natijada “yo‘qotilgan avlod”  tushunchasining  badiiy-estetik vazifalari ingliz va o‘zbek tilida yaratilgan asarlar misolida boyitishga xizmat qilgan; ingliz adabiyotida “yo‘qotilgan avlod” fojiasi urushdan keyingi insonning ruhiy-ma’naviy iztiroblari, jamiyatdan begonalashuvi, qadriyatlar inqirozi, beqaror turmush, ichkilikbozlik, umidsizlik, hayotda ma’naviy yo‘nalishini yo‘qotgan, kelajakka ishonchsiz qaragan yoshlar taqdiri ifodalangan badiiy timsollarda namoyon bo‘lsa, o‘zbek adabiyotida urush mavzusi ichida “yo‘qotilgan avlod” timsollari mustamlaka va mardikorlik fojialari bilan bog‘liq tarixiy xotira, majburiy safarbarlik, sovuq o‘lkalardagi og‘ir mehnat, boquvchisiz qolgan oilalar, majruhlik va etimlik motivlari negizida voqelanganligiga oid xulosa va natijalardan “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazida 2024-yilda bajarilgan 90-01/38 “Jadidlarning jamiyat huquqiy madaniyatini shakllantirishga ta’siri” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (“Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazining 2025-yil 19-iyundagi №ML01/01-42-son ma’lumotnomasi). Natijada “yo‘qotilgan avlod” ning paydo bo‘lishi, ijtimoiy tanazzuli,  ularda kelajakka bo‘lgan umidning so‘nishi, jtimoiy motivlar, uslubdagi farq va mushtarakliklar, ijodkorlarning tasvir poetikasi bir-biridan farqli ikki mintaqada yaratilgan asarlar misolida o‘zaro qiyoslanib o‘rganishga xizmat qilgan;
psixologik aspektda ingliz adabiyotidagi “yo‘qotilgan avlod” Ernest Xeminguey, F. Skott Fitzjerald, Uilyam Folkner qahramonlarining urushdan keyingi ma’naviy bo‘shliq, ekzistensial iztirob va hayot ma’nosini yo‘qotish hissi o‘zbek adabiyotidagi S.Ahmad, O‘.Hoshimov, U.Hamdam, N.Eshonqul asarlaridagi milliy ozodlik, ijtimoiy beqarorlik va ma’naviy izlanish muammolari bilan tizimli psixologik parallelda  namoyon bo‘lishiga oid xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limida 2024-2025 yillarda bajarilgan 54-10/104 “Mitti yulduz jilolari yoxud Abdulla Oripov izdoshlari huzurida” mavzusidagi loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limining 2025-yil 7-maydagi №26-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlar kitobxonlikka targ‘ib qilingan, adabiyotshunoslik fanining dolzarbligi haqida tushunchalar teranligiga erishilgan; ijtimoiy aspektda ingliz “yo‘qotilgan avlod” vakillarining G‘arb modernizmi ta’siridagi individualistik inqirozi o‘zbek yozuvchilari asarlaridagi milliy qadriyatlarning emirilishi, jamiyatdagi adolatsizlik va shaxsning ijtimoiy begonalashuvi “yo‘qotilganlik” holati har ikki adabiyotda turlicha tarixiy sharoitda namoyon bo‘lsa-da, ularni axloqiy-psixologik bo‘hron va jamiyatga ishonchning so‘nishi kabi umumiy tematik yadrosi birlashtirishi bilan bog‘liq xulosa va natijalardan Qashqadaryo viloyati teleradiokanalida turkum ko‘rsatuvlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Qashqadaryo viloyati teleradiokanalining 2025-yil 8-maydagi №17-05/87-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlanib, yosh avlodning badiiy-estetik takomiliga oid fikr-mulohazalar bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish