Salieva Muyassar Kazimdjanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Ayrim geterotsiklik aldegid va ketonlarni alkinillash reaksiyalari yordamida atsetilen spirtlari sintezi», 02.00.03 – Organik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/K720.
Ilmiy rahbar: Ziyadullaev Odiljon Egamberdievich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti, DSc.01/2025.27.12.K.04.04.
Rasmiy opponentlar: Turgunov Erxon, kimyo fanlari doktori, professor; Qodirov Xasan Irgashovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli xil katalitik sistemalar yordamida tabiati jihatdan farqlanadigan bir qator geteroatomli aldegid va ketonlarni ayrim alkinlar ishtirokida etinillash reaksiyalari bo‘yicha terminal va noterminal atsetilen spirtlari sintez qilish va ular asosida diollar, ketonlar, efirlar va oksazollar olish hamda qo‘llanish sohalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor indiy, ruh, qalay, palladiy, mis kabi metall hosilalari asosida yangi avlod kompleks katalitik sistemalar tayyorlangan va hususiy konstantalari aniqlangan;
ilk bor geteroatomli aldegid va ketonlarni katalitik alkinillash asosida geterotsiklik atsetilen spirtlarini olishning yangi enantioselektiv usullari ishlab chiqilgan;
terminal alkinollarni aminlar va galloidalkanlar ishtirokida diazotirlash hamda alkillash orqali alifatik, aromatik va tsiklik atsetilen spirtlarini sintez qilishning samarali usullari aniqlangan;
ilk bor sintez qilingan spirtlarni karbonillash, vinillash, eterifikatsiyalash, oksidlash va amidlash reaksiyalari bo‘yicha diollar, vinil va murakkab efirlar, ketonlar va oksazollar hosil bo‘lishi aniqlangan, reaksiya mexanizmlari, samaradorlik va selektivlik qonuniyatlari asoslab berilgan;
atsetilen spirtlari va ularning hosilalarini sintez qilishda reaksiya tezligi, faollanish energiyasi aniqlangan, birikmalarning elektron va fazoviy xususiyatlari ko‘rsatilgan, mahsulot hosil bo‘lish samaradorlik qatorlari aniqlangan, kvant-kimyoviy parametrlari hisoblangan, tozaligi va tuzilishi element analiz, xromatografiya va spektroskopiya usullari yordamida isbotlangan;
sintez qilingan atsetilen spirtlari vinil efirlari gaz mahsulotlari tarkibidagi oltingugurtli birikmalarni ajratib oluvchi biologik faol ingibitor ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Geteroatom saqlagan aldegid va ketonlar- tiofen-2-karbaldegid, furan-2- karbaldegid, piridin-3-karbaldegid, 1-(tiofenil-2)etanon, 1-(furanil-2)etanon, 1-(piridinil-3)etanonlarning alkinlar- atsetilen, geksin-1, oktin- 1, fenilatsetilen bilan alkinillash asosida atsetilen spirtlari sintezi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
atsetilen spirtlarini sintez qilish usullari va qo‘llanilgan katalitik sistemalar yordamida biosidlar olish texnologiyasi Boshqirdiston davlat universitetining ilmiy-tadqiqot loyihalarini bajarishda foydalanilgan (Boshqirdiston davlat universitetining 2022 yil 24 iyundagi 370-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, metall konstruksiyalar biokorroziyasini sekinlashtirish imkonini bergan;
sintez qilib olingan 2-(furanil-2)oktin-3-ol-2 va 2-(furanil-2)desin-3-ol-2 vinil efirlaridan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ da tabiiy gaz tarkibidagi oltingugurt va oltingugurtli birikmalarni ajratib oluvchi ingibitorlar sifatida amaliyotga joriy qilingan (“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ ning 2023 yil 2 iyundagi 004/2149-son ma’lumotnomasi). Natijada, tabiiy gaz tarkibida oltingugurt va oltingugurtli birikmalar miqdorini kamaytirish imkonini bergan.