Niyozmatov Elnur Xusin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
“Hozirgi o‘zbek she’riyatida tashxis va tazod san’atlari tadriji” 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Fil3014
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti
Ilmiy rahbar: Miliev Suvonqul, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti
IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.FIl.06.05
Rasmiy opponentlar: Boltaeva Gulchehra Shokirovna, filologiya fanlari doktori, professor; Matyakubov Sa’dulla Gaipovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot:  Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tashxis va tazodning obrazli tafakkur va badiiy san’atlar tizimidagi ahamiyatini aniqlash va hozirgi o‘zbek she’riyatidagi tadrijini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Tashxis san’atining mumtoz adabiyotdagi an’anaviy tasvir obektlar(tabiat unsurlari, samoviy jismlar) doirasidan chiqib, hozirgi o‘zbek she’riyatida inson ruhiyati bilan bog‘liq mavhum-psixologik tushunchalar (xayol, xiyonat, sukunat) hamda ijtimoiy-maishiy detallar tasviriga ko‘chish jarayonidagi tadrijiy evolyusiyasi va yangilangan poetik funksiyalari ochib berilgan;
hozirgi o‘zbek she’riyati materiallarining qiyosiy tahlili asosida tashxis san’atining yangi tematik-funksional tasnifi (inson his-tuyg‘ulari, tana a’zolari, moddiy borliq unsurlari va toponimlar tashxisi) ishlab chiqilgan hamda uning poetik obraz yaratishdagi tizim yasovchi (strukturoobrazuyushhiy) ahamiyati dalillangan;
tazod san’atining an’anaviy “oshiq-ma’shuqa”, “raqib-oshiq” kabi didaktik-lirik muqobillardan zamonaviy she’riyatdagi “men – sen” paradigmasi orqali “ijodkor – jamiyat”, “shaxs – taqdir”, “borliq – yo‘qlik” kabi falsafiy-ekzistensial ziddiyatlarni ifodalash vositasiga aylanish qonuniyatlari va kontekstual (nolug‘aviy) antonimlarning she’riy matndagi o‘rni asoslangan;
tashxis va tazod san’atlarining hozirgi she’riyatda o‘zaro hamda boshqa badiiy san’atlar (nido, istiora, kinoya) bilan sintezlashgan (qorishiq) holda kelishi natijasida ko‘p qatlamli, murakkab assotsiativ obrazlar va yangicha falsafiy mazmun yaratishdagi lingvopoetik imkoniyatlari isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Dissertatsiyada olingan ilmiy natijalar quyidagicha amaliyotga joriy qilingan:
1.    Dissertatsiyada ishlab chiqilgan tashxis san’atining yangilangan tematik-funksional tasnifidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirlida 2021-2022-yillarda bajarilgan “O‘zbek tili (Davlat tili) fanidan adabiy o‘qishni tashkil etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish (umumta’lim maktablarining 10-11-sinflar darsligi asosida)” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyihasida (NukusPIning 2024-yil 21-maydagi №01-20-09/834 ma’lumotnomasi) keng foydalanilgan. Loyiha natijalari asosida “Adabiy o‘qish (10-sinf...)” va “Adabiy o‘qish (11-sinf...)” elektron nashrlari yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligining DGU14919 va DGU14918 sonli guvohnomalari olingan.
2.    Tadqiqotning tashxis va tazodning poetik obraz yaratishdagi ahamiyati hamda boshqa san’atlar bilan qorishiq qo‘llanilishi haqidagi nazariy xulosalaridan Davlat ilmiy-texnik dasturlar doirasidagi 2021-2023-yillarda bajarilgan OT-FI-030 “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish fundamental loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 30-apreldagi № 01/4-1789 sonli ma’lumotnomasi).
3.    Dissertatsiyada ishlab chiqilgan tashxis va tazodning yangilangan tematik tasniflari hamda ularning poetik mazmun ifodalashdagi xususiyatlariga oid tahliliy materiallardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanali” DM (27.05.2024. 02-12-321-ma’lumotnoma) “Siyrat”, “Ziyo darg‘alari” ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarida hamda “O‘zbekiston” teleradiokanali” DM (31.05. 2024. 04-36-698- ma’lumotnoma) “Bedorlik”, “G‘azal bo‘stoni”, “Adabiy jarayon” eshittirishlari (2022-2024) ssenariysini tayyorlashda foydalanildi. Natijada ko‘rsatuv va eshittirishlarning ilmiy-ma’rifiy jihatdan salohiyati ortishiga erishildi.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish