Yuldoshev Iskandar Qurbonazar o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Markaziy Farg‘ona sug‘oriladigan o‘tloqi saz tuproqlarining agrofizikaviy hossalari va ularning tuz tartiboti”, 06.01.03 – Agrotuproqshunoslik va agrofizika (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx999
Ilmiy rahbar: Sobitov O‘lmasboy Tojaxmedovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.06.01.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev G‘ulom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Musurmanov Alisher Amirqulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Markaziy Farg‘ona hududida tarqalgan o‘tloqi saz tuproqlarning umumfizikaviy, suv-fizikaviy xossalari va suv-tuz tartibotini aniqlash orqali agrofizikaviy xossalari va meliorativ holatini yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Markaziy Farg‘ona hududida keng tarqalgan o‘tloqi saz tuproqlarning kimyoviy, agrokimyoviy, agrofizikaviy xossalari, sug‘orish ta’sirida tuproq-meliorativ holatida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar dinamikasi aniqlangan;
og‘ir, o‘rta va engil qumoqli, qumloqli hamda qumli granulometrik tarkibli profilda qum (0,25-0,05 mm) va chang (0,05-0,001 mm) zararchalarining bir-biriga teskari proporsionallik qonuniyatiga bo‘ysungani holda o‘tloqi saz tuproqlar suv-tuz tartibotining turg‘un holatga kelganligi asoslangan;
hududda tarqalgan o‘tloqi saz tuproqlarning granulometrik tarkibi va sho‘rlanish darajasiga bog‘liq holda suv-fizikaviy xossalari (MG, SN, TNS, DNS, KNS)ni tuproqning genetik qatlamlari bo‘yicha o‘zgarishi aniqlangan;
o‘tloqi saz tuproqlarning sizot suvlari sathi va minerallashganlik darajasi (2000-2005-2010-2023 yillar) hamda tuz tartiboti (2016-2023 yillar) qiyosiy taqqoslangan, ularning yo‘nalishi va intensivlik darajasi asoslangan;
sug‘oriladigan o‘tloqi saz tuproqlarda umumiy tuzlarning yuvilish intensivlik darajasi og‘ir qumoqli (K =1 ga teng) tuproqlarga nisbatan o‘rta qumoqli (K = 3,9), engil qumoqli (K = 5,6), qumloqli (K = 8,1) va qumli tuproqlarda (K = 10) ortagnligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Markaziy Farg‘ona sug‘oriladigan o‘tloqi saz tuproqlarining agrofizikaviy xossalari va ularning tuz tartiboti mavzusida bajarilgan tadqiqotlardan olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Markaziy Farg‘ona hududida joylashgan F.Shamsiddinov nomli massivning o‘tloqi saz tuproqlari tarqalgan 1602,2 ga sug‘oriladigan tuproqlarining 1:10000 masshtabda mexanik tarkibli xaritasi tuzilgan hamda amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy Markaziyning 2024-yil 21-dekabrdagi 05/05-04-672-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqlar granulometrik tarkibi va sho‘rlanish darajasini hisobga olgan holda, agrofizikaviy va agromeliorativ tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, sho‘r yuvish, yer maydonlarini tabaqalashtirib sug‘orish, o‘g‘itlash va tuproqqa ilmiy asoslangan holda ishlov berish hamda tuproq xossa-xususiyatlarini va meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash imkonini bergan;
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanining Markaziy Farg‘ona hududida joylashgan F.Shamsiddinov nomli massivning o‘tloqi saz tuproqlari tarqalgan 1602,2 ga sug‘oriladigan tuproqlarining 1:10000 masshtabli tuproq sho‘rlanishi kartogrammasi tuzilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy Markaziyning 2024-yil 21-dekabrdagi 05/05-04-672-son ma’lumotnomasi). Natijada, turli darajada sho‘rlangan yerlarda sho‘r yuvish me’yori, muddatlari va sonini to‘g‘ri belgilash va sho‘r yuvish orqali yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini barqarorlashtirishga qaratilgan agromeliorativ tadbirlar belgilashga imkon yaratgan.