Bobokulov Akbar Nosirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):“Maxalliy xom ashyolar, ekspanzer gazi va dietilamin ishtirokida xlorsiz kaliyli tuzlar olishni resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish”, 02.00.13 - Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi, 11.00.05 - Atrof muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/T695.
Ilmiy maslahatchilar: Erkaev Aktam Ulashevich, texnika fanlari doktori, professor; Namozov Shafoat Sattorovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Bir martalik IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.05/2025.27.12.K/T.19.01.
Rasmiy opponentlar: Zakirov Baxtiyar Sabirjanovich, kimyo fanlari doktori, professor; Nurmurodov To‘lqin Isamurodovich, texnika fanlari doktori, professor; Mamataliev Abdurasul Abdumalikovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sanoat va energetika sohalaridan chiqayotgan uglerod dioksidi emissiyasini kamaytirish, maxalliy xom-ashyolar, ekspanzer gazi va dietilamin ishtirokida xlorsiz kaliyli tuzlardan K2CO3, K2SO4, KH2PO4 olishni resurstejamkor chiqindisiz texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
chiqindi karbonat angidriddan foydalanib kaliy gidrokarbonatni aminli usulda olish texnologiyasini asoslashda Et2NH+,K+//Cl-,HCO3--H2O o‘zaro tizimini maqbul o‘zgarish oraliqlari grafanalitik tahlil usuli bilan aniqlangan;
chiqindi karbonat angidridning 28,57-99% konsentratsiyali gazlaridan foydalangan holda 68,4-87,2% unum bilan kaliy xloriddan kaliy bikarbonat olish imkoniyati ilmiy isbotlangan;
resurslardan oqilona foydalanib texnologik kattaliklarni keng diapazonlarida DEA-H2SO4-H2O tizimining olingan tajriba qiymatlarini tahlil qilish asosida (Et2NH2)2SO4 ni hosil bo‘lishining maqbul sharoitlari aniqlandi va ularning fizik-kimyoviy xossalari aniqlangan;
25ºC da Et2NH2+,K+//Cl-,H2PO4--H2O o‘zaro tizimi va uning kaliy xloriddan kaliy digidrofosfatni aminli usulda olish texnologiyasini asoslashda maqbul o‘zgarish oraliqlari grafanalitik tahlil usuli aniqlangan;
energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha termodinamik hisoblar, kaliy bikarbonati kalsinatsiya jarayoni kinetikasiga 150-190ºS haroratda va 30-60 minutda vaqtning ta’sir qilish xususiyatlari asoslangan hamda kaliy sulfat olishda konversiya jarayonining kinetikasiga ta’sir etuvchi asosiy omillar aniqlangan;
resurstejamkor va chiqindisiz texnologiyani joriy etishda kaliy xloriddan aminli usulda xlorsiz kaliyli tuzlar olishda hosil bo‘lgan aylanma eritmalarni bo‘g‘latish jarayonlari va aylanma eritmalardan DEA ni 17-34%li ohak suti ishtirokida ajratishning maqbul sharoitlari aniqlangan;
atrof muhitni muhofaza qilish doirasida xlorsiz kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqarishda olingan oraliq eritmaning agrokimyoviy sinovlari o‘tkazilib, ularning urug‘ unishi, nihol uzunligi va massasiga ijobiy ta’siri ilmiy isbotlangan;
resurstejamkor texnologiya asosida olingan xlorsiz kaliyli tuzlarning fizik-kimyoviy va tovar xossalari aniqlangan va kaliy xloriddan DEA ishtirokida kaliy karbonat, kaliy sulfat, kaliy digidrofosfat olishning texnologik sxemasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «Yashil texnologiyalar»ni joriy etish bo‘yicha kaliy xlorididan dietilamin ishtirokida xlorsiz kaliyli tuzlar olishni resurstejamkor texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
chiqindi karbonat angidrid gazi bilan kaliy xlorid eritmasini dietilamin ishtirokida karbonizatsiya qilib kaliy bikarbonat olish va uni kalsinatsiya qilib kaliy karbonat (potash) olish texnologiyasi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ QKning “2023-2030 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati’’ga kiritilgan (“Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ QKning 2023 yil 30 noyabrdagi 943-02-son ma’lumotnomasi). Natijada, chiqindi karbonat angidridini kamaytirish, kaliy xloriddan, kaliy bikarbonat, kaliy karbonat va xlorsiz kaliyli o‘g‘itlar olish assortimentini kengaytirish imkonini beradi;
oq kaliy xlorididan aminli usulda kaliy karbonat (potash) olish bo‘yicha texnik shart “O‘zR Sanitariya-epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi” tomonidan tasdiqlangan (Tsh 201053370-04:2023). Natijada kaliy karbonat ishlab chiqarishda texnologik jarayonni va mahsulot sifatini nazorat qilish imkonini bergan;
sulfat va fosfat kislota bilan kaliy xloriddan dietilamin ishtirokida K2SO4 va KH2PO4 ishlab chiqarish texnologiyasi “Elektrokimyozavod” QK AJning “2026-2028 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati’’ga kiritilgan (“Elektrokimyozavod” QK AJning 2025 yil 30 iyuldagi 81-, 82-son ma’lumotnomalari). Natijada, tabiiy resurslardan oqilona foydalanib mahalliy xom-ashyo asosida kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan xlorsiz kaliyli tuzlar K2SO4 va KH2PO4 importini kamaytirish va ishlab chiqarish imkonini beradi.