Usmanova Shaxodat Validjanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Yoshlik konining monsonitoidlari va ularning ma’dandorligi (Olmaliq ma’dan maydoni)», 04.00.03 – Geotektonika va geodinamika. Petrologiya va litologiya (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/GM143.
Ilmiy rahbar: Karimova Feruza Baxtiyorovna, geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Geologiya va geofizika instituti DM, DSc.31/2025.27.12.GM.06.01.
Rasmiy opponentlar: Turapov Mirali Kamalovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor; Qurbonov Abduhakim Abduvakil o‘g‘li, geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Olmaliq maʼdan maydoni Yoshlik koni monsonitoidlarining geologik-petrografik, petrokimyoviy va geokimyoviy xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Olmaliq ma’dan maydonidagi Yoshlik konining monsonitlari kichik intruziyalari monsodioritlar, monsonitlar va kvarsli monsonitlar, o‘rta ishqorli kvarsli sienitlardan tashkil topganligi aniqlangan;
Yoshlik koni ma’danlanishuvining shakllanishida diorit magmatik tog‘ jinslari, xususan, monsodiorit va monsonit kichik intruziv tanalarning joylashishi genetik jihatdan chambarchas bog‘liqligi aniqlangan;
monsonitoid tog‘ jinslarning tarkibida mis, oltin, kumush, molibden, selen, tellur va reniy elementlariga nisbatan geokimyoviy ixtisoslashuvi mavjudligi aniqlangan;
monsonitoid tog‘ jinslari chuqurlikga tushib borishi tufayli ular tarkibida molibden elementining miqdori ortib borishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yoshlik koni monsonitoidlarining petrologik-geokimyoviy xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Yoshlik koni ma’danlari hosil bo‘lishi dioritlar, asosan monsodiorit va monsonitlarning mayda intruziyalarining oltin, kumush va planitoidlarning minerallashuviga ixtisoslashganligi “O‘zbek geologiya qidiruv”AJ amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024-yil 22-apreldagi 08/1419-son maʼlumotnomasi). Natijada, monsodiorit va monsonitlarning mayda intruziyalari oltin, kumush va planitoidlarning minerallashuvi plutonik shtok shakllanishini qayta ko‘rib chiqishga va hududdagi magmatik majmualar hosilalarini batafsil tavsiflashga imkon bergan;
mis-porfir konidagi monsonitoid tog‘ jinsining chuqurlikka tushgan sari molibden miqdorining ortishi bilan asoslanganligi “O‘zbek geologiya qidiruv”AJ amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024-yil 22-apreldagi 08/1419-sonli maʼlumotnomasi). Natijada, monsonit tarkibidagi molibdenni uchrashi mis konlarini bashorat qilishda xizmat qilgan;
qimmatbaho, noyob er elementlari hamda nodir metallarning petro-geokimyoviy xususiyatlari “O‘zbek geologiya qidiruv”AJ amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024-yil 22-apreldagi 08/1419-sonli maʼlumotnomasi). Natijada, Yoshlik koniga yondosh hududlarda istiqbolli maydonlarni aniqlash imkonini bergan.