Ruzimbaev Xurrambek Saparbaevich
Filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“Go‘ro‘g‘li” eposining Xorazm versiyasi genezisi, tipologiyasi va badiiyati” 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Fil861.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat pedagogika instituti.
Ilmiy maslahatchi: Eshonqulov Jabbor Salievich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Yormatov Isomiddin Turg‘unovich; filologiya fanlari doktori (DSc), professor Sariev San’at Matchonboevich; filologiya fanlari doktori (DSc), professor Achilov Nasim Kamolovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Xorazm “Go‘ro‘g‘li” turkumining genezisi, yetakchi motiv va obrazlar tizimini tipologik jihatdan o‘rganish, eposning mustaqil versiya sifatidagi o‘rnini aniqlash, uning badiiy til xususiyatlari va ijro usullarini tahlil etish hamda boshqa turkiy xalqlar versiyalari bilan qiyosiy tadqiqini amalga oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
epos shoxobchalarining o‘g‘uz yodnomalari va “Avesto” mifologiyasi bilan munosabati ochib berilgan hamda Xorazm vohasiga xos bo‘lgan baxshi, xalfa va qissaxonlar ijrochiligining epik an’analarda tutgan o‘rni va badiyati qiyosiy tadqiqi bo‘yicha ahamiyatli nazariy xulosalar chiqarilgan;
eposdagi yetakchi motiv va obrazlar shu hududda yashagan xalqlarning tarixi, qadim mifologik tasavvurlari bilan uzviy bog‘liq holda shakllangani va taraqqiy topganligi, bu tasavvurlar epos strukturasi va badiiyatiga ta’sir ko‘rsatganligi qiyosiy dalillangan;
eposning yozma manbalarda aks etgan mumtoz adabiyotga xos g‘azal, muxammas, musaddas hamda yangi topilgan 12 misralik bandlardan tashkil topgan she’riy shakllar ilk bor tahlil doirasiga tortilib, ularning aruz qoidalari asosida tadqiqi amalga oshirilib, musiqaviylik bilan uzviy aloqadorligi asoslangan;
turkman va ozarbayjon versiyalari asosida “Go‘ro‘g‘li” eposi motivlarining tipologiyasi to‘liq tahlil qilinib, mazkur o‘xshashliklarning turkiy xalqlarning dini, tili, turmush tarzi va marosimlaridagi mushtarak jihatlar bilan bevosita bog‘liqligi isbotlangan;
eposda badiiy tasvir vositalarining o‘rni, epik matnni harakatga keltiruvchi voqealar tizimi hamda baxshi va tinglovchi o‘rtasidagi uzviy muloqotni ta’minlovchi inisial, medial va final formulalarning vazifaviy xususiyatlari asoslangan hamda epos tilining leksik, fonetik, morfologik va sintaktik resurslarining asar badiiyatini ta’minlashdagi o‘rni chuqur tahlil qilinib, nasriy bayondagi badiiy mahoratning o‘ziga xos jihatlari ilmiy asosda tadqiq etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Go‘ro‘gli” eposining Xorazm versiyasi genezisi, tipologiyasi va badiiyati” mavzusini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
dissertatsiyaning ilmiy xulosa va mulohazalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida amalga oshirilgan FA-F1-005 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2017-2020 yy.) mavzusidagi fundamental ilmiy loyihada foydalanildi (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 3-apreldagi 187/1-son ma’lumotnomasi). Xorazm o‘zbeklari orasida qadimdan mavjud bo‘lib, bizgacha og‘zaki va yozma holda etib kelgan “Go‘ro‘g‘li” dostonlari to‘laligicha badiiy manba sifatida tahlil etilishi, “Go‘ro‘g‘li” turkumi genezis jihatdan o‘g‘uz eposiga mansubligi nuqtayi nazaridan uni o‘g‘uz arxaik eposi bilan qiyoslash, uning tarkibidagi mifologik lavhalarni ilk bor “Avesto”ga munosabatini belgilash hamda “Go‘ro‘g‘li” eposining Xorazm versiyasini qardosh turkiy xalqlar versiyalari bilan qiyosiy ravishda o‘rganish uning tarkibida ishlatilgan motivlar tipologiyasini yoritish epos genezisini va tarqalish doirasini aniqlashga oid asosiy muammolarni echib berishi va bu, o‘z navbatida, folklorshunoslikka muayyan yangiliklarni qo‘sha olishi mumkinligi borasidagi xulosalaridan qoraqalpoq folklorshunosligi bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarda keng foydalanilgan. Natijada, dissertatsiya doirasida muomalaga kiritilgan ko‘plab yangi ma’lumotlar qoraqalpoq folkloriga ayrim asarlarning syujeti, motivi va genezisini aniqlashtirish imkonini bergan;
“Go‘ro‘g‘li” turkumidagi dostonlarning tipologiyasi, tarqalish areali, badiiyati, Xorazm vohasiga xos bo‘lgan turkum dostonlarning xususiyatlari borasidagi mulohazalaridan Xorazm Ma’mun akademiyasida bajarilgan A-FA-2019-9 shifrli “Qadimiy yozma va noyob qo‘lyozma manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limi – Xorazm Ma’mun akademiyasining 2025-yil 5-avgustdagi 197/2-25-sonli ma’lumotnomasi). Natijada xulosalar mazkur loyihani boyitishga va grant ilmiy bazasining taraqqiyotiga xizmat qilgan;
dissertatsiyaning natijalari, jumladan, Xorazm eng qadimgi madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lib, unda yashab kelayotgan xalqlarning etnogenezisi murakkab kechgani, shu sababdan bu erdagi eposga ushbu etnogenetik jarayonlar katta ta’sir ko‘rsatgani hamda ishda ilk bora eposning shakllanishidagi asosiy ta’sirlar mintaqaga bog‘liq bo‘lgan yangi dallillar asosida yoritilib, “Go‘ro‘g‘li” turkumining mahalliy manbalari ilmiy jihatdan asoslab berilganligi borasidagi ilmiy xulosalari Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati bo‘limi faoliyatida foydalanilib kelinmoqda (Xalqaro “Oltin meros” XJF Xorazm viloyati bo‘limi 2025-yil 18-iyundagi 113/42-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu xulosalar Xalqaro “Oltin meros” XJF Xorazm viloyat bo‘limi faoliyati xalq og‘zaki ijodiga oid qo‘lyozma va yozma manbalar izohlarini takomillashtirish imkonini bergan;
dissertatsiyaning natijalari, jumladan, eposning yozma manbalardagi mumtoz adabiyotga xos bo‘lgan g‘azal, muxammas, musaddas va yangi topilgan 12 misralik bandlardan tuzilgan she’riy shakllarning tahlil doirasiga tortilishi va ularning aruz qoidalari asosida o‘rganilishi hamda musiqaviylik bilan aloqadorlikning yoritilishi ham muhim yangiliklarni ochish imkonini berishi isbotlanganligi borasidagi ilmiy xulosalari Xorazm viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan 2025-yil 10-yanvar kuni efirga uzatilgan “Assalom, Xorazm!” dasturida foydalanildi (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining Xorazm viloyati teleradiokanali davlat muassasasi 2025-yil 26-fevraldagi 202-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu ma’lumotlar dasturni ilmiy-ommabop uslubda yoritilishiga imkon berdi va tomoshabinlarning xalq og‘zaki ijodi bo‘yicha tushunchalarining boyishiga erishildi.