Osmanov Shokirjon Zokirjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘tloqi bo‘z tuproqlar unumdorligi va g‘o‘za hosildorligiga siderat ekinlar ta’siri (Andijon viloyati misolida)”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Qx1003
Ilmiy rahbar: Xatamov Salimjon Raximjon o‘g‘li, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.08/2025.27.12.Qx.03.01.
Rasmiy opponentlar: Namozov Fazliddin Baxromovich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, professor; O‘razmatov Nasibjon Nazirovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Andijon viloyatining o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida siderat ekinlarini tuproq unumdorligini saqlash va g‘o‘za hosildorligiga ta’sirini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Andijon viloyatining o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doydan so‘ng siderat ekinlar parvarishlanib, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish usuli ishlab chiqilgan;
siderat ekinlarini alohida va qo‘shib ekish natijasida gektaridan 18,8–29,6 tonna yashil biomassa va 2,2–5,4 tonnagacha quruq organik qoldiq to‘plash imkoniyati mavjudligi aniqlangan;
siderat sifatida ekilgan tritikale, xantal va vika ekinlari tuproqning hajm massasi va g‘ovaklik ko‘rsatkichlarini yaxshilashi, jumladan, kuzgi sideratsiyada g‘o‘za vegetatsiyasi boshida 0–30 sm qatlamda tuproqning hajm massasi nazoratga nisbatan 0,071–0,101 g/sm³ ga kamayishi va g‘ovaklik ko‘rsatkichi 52,7–53,3 % gacha ortishi aniqlangan;
siderat sifatida tritikale, xantal va vika qo‘shib ekilib, ko‘k massa hosilining 100 % qoldirib kuzgi shudgor qilingan maydonlarda tuproqdagi o‘simliklar uchun zarur ozuqa elementlari miqdori sezilarli darajada ortganligi, jumladan, 0–30 sm qatlamda N-NO3 miqdori nazoratga qaraganda 1,9–0,1 mg/kg ko‘proq, P2O5 miqdori 1,0–0,9 mg/kg yuqori, K2O miqdori esa nisbatan 15 mg/kg ortiq bo‘lishi aniqlangan;
g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligiga sideratsiyaning ta’siri tahlil qilingan hamda yozda g‘alladan bo‘shagan maydonlarda siderat ekin sifatida tritikale, xantal va vika ekinlarini qo‘shib ekib, parvarishlanishi hamda etishtirilgan yashil biomassani ko‘kat o‘g‘it qilib maydalab, shudgor ostiga haydash, tuproqning  agrokimyoviy xossalari yaxshilanishi evaziga yuqori paxta hosili olish imkoniyati asoslangan;
g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olishda sideratlarni qo‘llashning iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Andijon viloyatining sug‘oriladigan o‘tloqi bo‘z tuproqlari sharoitida siderat ekinlarini tuproq unumdorligi va g‘o‘za hosildorligiga ta’sirini ilmiy asoslash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun “Tuproqlar unumdorligi va g‘o‘za hosildorligini oshirishda siderat ekinlardan foydalanishga oid tavsiyalar” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 11-oktyabrdagi 05/04-04-496-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanomadan Andijon viloyatining qishloq xo‘jaligi sohasida paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida muhim qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda;
Andijon viloyati ishlab chiqarish sharoitida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga yozda tritikale, xantal va vika ekinlari qo‘shib ekib, ularning yashil biomassani siderat sifatida kuzda 100 foiz haydab yuborish orqali tuproq unumdorligini oshirish va g‘o‘zadan yuqori hosil olish agrotexnologiyasi Qo‘rg‘ontepa tumani 45,8 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 11-oktyabrdagi 05/04-04-496-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur agrotexnologik tadbirni qo‘llash orqali o‘rtacha 39,6–41,2 s/ga paxta hosili olishga erishilib, 6 329 783 – 6 585 477 so‘m miqdorida sof daromad olinib, rentabellik darajasi 38,8–40,3 % ni tashkil etgan;
g‘alladan bo‘shagan maydonlarga yozda tritikale, xantal va vika ekinlarini qo‘shib ekib, ularning yashil biomassasini siderat sifatida kuzda 100 foiz haydab yuborish orqali tuproq unumdorligini oshirish va g‘o‘zadan yuqori hosil olish agrotexnologiyasi Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida 36,5 ga maydonga, Paxtaobod tumanida 34,4 ga maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 11-oktyabrdagi 05/04-04-496-son ma’lumotnomasi). Natijada, fermer xo‘jaliklarida o‘rtacha 42,5–43,4 s/ga paxta hosildorligiga erishilib, gektaridan 7 955 644 – 8 124 117 so‘m miqdorida sof daromad olinib, rentabellik darajasi 43,1–44,0 % ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish