Amonova Dildora Bahodirovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Soya (Glycine max L.) o‘simligining fiziologik va biokimyoviy jarayonlariga mikrobiologik preparatlarning ta’siri», 03.00.07 – O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/B1472.
Ilmiy rahbar: Matniyazova Hilola Xudaybergenovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.05/2025.27.12.B.24.01.
Rasmiy opponentlar: Sherimbetov Anvar Gulmirzaevich, biologiya fanlari doktori, professor; O‘roqov Sirojiddin Xudayberdievich, biologiya fanlari  doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: sho‘rlangan tuproq sharoitida takroriy ekin sifatida etishtirilgan soya o‘simligining fiziologik, biokimyoviy ko‘rsatkichlari va morfo-xo‘jalik belgilariga turli mikrobiologik preparatlarning ta’sirini aniqlash va samarali preparatlarni tavsiya etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘rtacha sho‘rlangan tuproq sharoitida takroriy ekin sifatida etishtirilgan soyaning donlaridagi oqsil va yog‘ miqdorlariga mikrobiologik preparatlar turlicha ta’sir ko‘rsatishi, bunda ba’zi navlarda oqsil miqdorining ortishi va yog‘ miqdorining kamayishi, boshqalarida esa aksincha, oqsilning kamayishi va yog‘ning ortishi aniqlangan; 
soya o‘simligi urug‘lariga mikrobiologik preparatlar bilan ishlov berish superoksiddismutaza (SOD) fermenti faolligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, katalaza fermentining faolligiga (15%) nisbatan Askorbat peroksidaza (APO) fermentining faolligi (20,9%) yuqoriroq bo‘lishi va bu sho‘rlanish stressida Askorbat peroksidaza fermentining (H2O2) molekulasiga bog‘lanish qobiliyati yuqori ekanligi asoslangan;
soya o‘simligida nazoratga nisbatan mikrobiologik preparatlar ta’sirida malondialdegid miqdorining kamayishi va prolin aminokislotasi miqdorining oshishi asosida mikrobiologik preparatlarning tuz stressiga qarshi o‘simliklarning himoya tizimini faollashtirishi isbotlangan;
bioazot preparatining ta’sirida sho‘rlangan tuproq sharoitida soya o‘simligining tuz stressiga himoya mexanizmini faollashtirishi va fotosintetik jarayonlarining barqarorligini ta’minlashi natijasida malondialdigid va xlorofill o‘rtasida mavjud bo‘lgan kuchsiz salbiy korrelyasiya kuchli salbiy korrelyasiyaga, askorbat peroksidaza va xlorofill o‘rtasidagi o‘rtacha salbiy korrelyasiya kuchsiz ijobiy, 3-barg sathi va xlorofill pigmentlar o‘rtasidagi kuchsiz ijobiy korrelyasiya kuchli ijobiy korrelyasiyaga o‘zgarganligi aniqlangan;
o‘rtacha sho‘rlangan tuproq sharoitida takroriy ekin sifatida etishtirilgan soya donining miqdor va sifat ko‘rsatkichlari namoyon bo‘lishida  genotip omilining ta’siri ustun bo‘lishi =amda antioksidant fermentlar (SOD, APO) faolligi, prolin va fotosintetik pigmentlar miqdorida mikrobiologik preparatlarning ta’siri genotipga nisbatan kuchliligi aniqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Soya (Glycine max L.) o‘simligining fiziologik va biokimyoviy jarayonlariga mikrobiologik preparatlarning ta’sirini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
soya (Glycine max L.) o‘simligining fiziologik va biokimyoviy jarayonlariga mikrobiologik preparatlarning ta’sirini o‘rganish asosida tanlab olingan mikrobiologik preparatlar hamda olingan nazariy ma’lumotlardan EU-AGRIN #2/2023 “Toshkent viloyati tuproq-iqlim sharoitiga mos, hosildorligi, oqsili va moydorligi yuqori bo‘lgan soyaning yangi “Ehtiyoj” va “Xotira” navlari urug‘chiligini tashkil etish va amaliyotga keng joriy etish” (2023y) mavzusidagi innovatsion loyihasida tadqiqot obekti sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 13-may 4/1255-1176-son ma’lumotnomasi). Natijada, Bioazot mikrobiologik preparati barglardagi umumiy xlorofill miqdorini 13,0% ga, karotinoid miqdorini 18,7% ga, dondagi umumiy oqsil miqdorini 14,2% ga, hosildorlikni 18,9% ga oshirish va bu preparatni amaliyotga tavsiya etish imkonini bergan;
tanlab olingan azot o‘zlashtiruvchi Azotobacter chroococcum N1 shtammi asosida olingan Bioazot mikrobiologik preparati Buxoro viloyatining Kogon va Vobkent tumanlari ekin maydonlarida soya o‘simligining urug‘lariga inokulyasiya qilinib hamda o‘suv davrida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 29 may №05/05-02-536-son ma’lumotnomasi). Natijada, an’anaviy qo‘llanib kelinayotgan texnologiyaga nisbatan soyaning Ehtiyoj navidan 2,85 s/ga, Hosildor navidan 2,41-2,52 s/ga, Arleta navidan 2,53-2,66 s/ga miqdorda qo‘shimcha hosildorlikka erishish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish