Allaberganova Firuza Ibraximovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
O‘zbek va ingliz tillarida so‘z birikmalarining qo‘shma so‘zlarga aylanish xususiyatlari 10.00.06. – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya bo‘yicha).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Fil3818
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Jumaniyazov Atabay, filologiya fanlari nomzodi, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.06.05
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Doniyor Tahirovich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Jumaboeva Jamila filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tillarida so‘z birikmalarining qo‘shma so‘zlarga aylanish xususiyatlari va lug‘at tarkibining boyish an’analarini ilmiy tahlil qilishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jahon tilshunosligi nazariyalaridagi so‘z birikmalari va qo‘shma so‘zlar tasnifi, o‘zaro differensatsiyasi bo‘yicha mavjud ilmiy fikrlarga tanqidiy yondashgan holda, o‘zbek va ingliz tillarida ushbu birliklar yasalishining lisoniy hamda falsafiy omillari aniqlanib, ularning tildagi ahamiyati ochib berilgan;
chog‘ishtirilayotgan tillardagi so‘z birikmalari va qo‘shma so‘zlarda har bir tilga xos milliy tafakkur hamda ruhiyat aks etishi ushbu birliklarga nafaqat lisoniy jihatdan, balki ham falsafiy, ham psixologik nuqtayi nazardan baho berish lozimligi, shuningdek, ularda ma’no mustaraklashuvi va har birining muloqotda alohida vazifalari mavjudligi misollar yordamida dalillangan;
chog‘ishtirilayotgan tillar uchun so‘z birikmalarini ajratib yozish va qo‘shma so‘zlarni qo‘shib yozish masalalari, ularning tavsif-tasniflanishi masalalaridagi ayrim chalkashliklarga tanqidiy munosabatlar bildirilib, mavjud ta’riflar konkretlashtirilgan hamda ikkala tilda ham so‘z birikmalarining qo‘shma so‘zlarga aylanishdagi o‘ziga xosliklari asoslangan;
milliy tilimiz va ingliz tilida so‘z birikmalarining qo‘shma so‘zlarga aylanish an’analari, xususan, leksemalashuv jarayoni tahlili asosida ushbu birliklarning til lug‘at tarkibining boyib borishiga ko‘maklashishi, tilning ifoda qudratini ham oshirishi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillaridagi so‘z birikmalarining qo‘shma so‘zlarga aylanish xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
chog‘ishtirilayotgan tillardagi so‘z birikmalari va qo‘shma so‘zlar differensiatsiyasi, ularning yasalishi va ma’no mushtaraklashuvidagi lisoniy va falsafiy omillarga oid ilmiy natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2021–2023-yillarda bajarilgan PF-201912258 raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy grant doirasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti OO‘MTVning 2024-yil 2-dekabrdagi №04/1-3483-ma’lumotnomasi). Natijada elektron platformada keltirilgan so‘z birikmalari va qo‘shma so‘zlarning izohlari ilmiy-manbaviy jihatdan takomillashgan;
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 2023-yil 1-iyundan 2025-yil 31-maygacha bajarilishi mo‘ljallangan IL-27-4722022413 raqamli “Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanining “Komparativistika” elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihasi doirasida “KOMPARATIVISTIKA” ilmiy elektron jurnalining 6-sonida “O‘zbek va ingliz tillarida so‘z birikmalari va qo‘shma so‘zlarning ma’no mushtaraklashuvi xususiyatlari” mavzusida maqola nashr qilingan (Comparative Studies jurnalining 24-maydagi 04-04-1/2501-sonli ma’lumotnomasi). Natijada elektron platformani yaratishdagi innovatsion loyihani yangi faktik ma’lumotlar bilan boyitish hamda ta’lim sifatini oshirish imkoni yaratilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida so‘z birikmalari va qo‘shma so‘zlarning yasalishi, ularning imlo qoidalari hamda ulardan nutqimizda foydalanish borasida bildirilgan ilmiy-amaliy fikr-mulohazalardan, shuningdek, ularning semantik imkoniyatlari borasidagi xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020–2025-yillarda “Kitobxonlik madaniyatini rivojantirish va qo‘llab-quvvatlash” milliy dasturi asosida 2020-yil 14-dekabr 781-son Qarori ijrosi bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviv kommunikatsiyalar agentligi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxonasi faoliyati doirasida tashkil qilingan “Til va tafakkur” nomli loyihada foydalanilgan (2025-yil 10-yanvardagi №02-01/09-ma’lumotnoma). Natijada dissertatsiyadagi ilmiy yangiliklar o‘zbek va ingliz tili izohli lug‘atlari, jonli tilidan izlab topilgan so‘z birikmalari va qo‘shma so‘zlarni manbalar asosida chuqur tahlil qilish bo‘yicha tadqiqotchi tomonidan chop qilingan bir qancha ilmiy maqola hamda tezislar Xorazm viloyati Mahmud Zamaxshariy nomidagi axborot kutubxona markazining https://t.melmurojaatakmxorazm web saytida va https://t.melxorazmakml telegramm kanalida joylangan, shuningdek, o‘quv zaliga taqdim qilingan va kitobxonlarda mavzu bo‘yicha batafsil tushuncha hosil bo‘lishiga erishilgan;
O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Allaberganova Firuza Ibraximovnaning “So‘z birikmalarining qo‘shma so‘zlarga aylanish tendensiyalari” nomli dasturi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ma’lumotlar bazasining rasmiy ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining DGU 2025-yil 6-fevralidagi № DGU 48467 raqamli guvohnomasi). Natijada o‘zbek tilida so‘z birikmalarining qo‘shma so‘zlarga aylanish tendensiyalari va lug‘at tarkibining boyish an’analari va ularning jonli nutqda faollik darajalari inobatga olingan hamda ularni foydalanuvchilarga atroflicha slaydlar va testlar orqali tushuntirilgan;
o‘zbek va ingliz tillarida kodifikatsiya qilingan va hali kodifikatsiya qilib ulgurilmagan, ya’ni hozircha faqat og‘zaki nutqda faol foydalaniladigan so‘z birikmalar asosida shakllangan qo‘shma so‘zlarning mazmun-mohiyati va semantik xususiyatlari haqidagi xulosalaridan Xorazm teleradiokompaniyasining “Najot – bilimda” radioeshittirshida foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2025-yil 4-apreldagi 133-son ma’lumotnomasi). Natijada adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy radioeshittirishlarning ilmiy-ommabopligi, ilmiy-ma’naviy saviyasi oshishi hamda tinglovchilarga tilimizga yangi kirib kelgan ushbu tip qo‘shma so‘zlarning ahamiyati va o‘ziga xosliklari kengroq etib borishi ta’minlangan.