Yarmuxamedov Akmal Sharapovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Organik va noorganik muhitlarda komplekslar lazer spektroskopiyasi”, 01.04.05 – Optika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1. DSc/FM291
Ilmiy maslahatchi: Nizomov Negmat, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.05/2025.27.12.FM/T.09.01.
Rasmiy opponentlar:
Nematov Sherzod Qalandarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor;
Nuritdinov Izzatillo, fizika-matematika fanlari doktori, professor;
Payziev Shermuxammad Dalievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Tadqiqotning maqsadi neodim ionlari bilan faollashtirilgan murakkab oksidli kristallarda ionlararo o‘zaro ta’sir mexanizmi va ba’zi stirilsianin bo‘yoqlarining sirt-faol moddalar hamda biologik ob’ektlar bilan kompleks hosil qilish tabiatini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kinetik tadqiqotlar asosida murakkab oksid Sr3LaNb3O12 kristalida neodim ionlari oʻrasida energiya uzatilishi Fyorster mexanizmi orqali sodir bo‘lishi aniqlangan. Ionlararo o‘zaro ta’sir samaradorligini xarakterlovchi parametrlar hisoblangan.
energiya uzatilishi donor va akseptorlarning lyuminessensiya spektrlarida namoyon bo‘lishi kuzatilgan. Birinchi marta spektral migratsiya asosida energiya uzatilishi davomida akseptor lyuminessensiyasining yonib borishi kinetikasi hisoblangan;
monomer va gomodimer stirilsianin boʻyoqlarining fotofizik xossalari erituvchilarning qutbligi va qovushqoqligiga bog‘liq ekanligi va ularning molekulyar rotor xususiyatlarini namoyon etishi aniqlangan;
monomer va gomodimer stirilsianin boʻyoqlarining sirt-faol moddalar, odam qon zardobi albumini va DNK bilan komplekslarining asosiy spektral va fotofizik xossalari aniqlangan;
ilk bor tajribada olingan natijalar asosida monomer va gomodimer stirilsianin boʻyoqlarining sirt-faol moddalar SDS va Triton X-100 misellalarida solyubilizatsiya mexanizmlari aniqlangan;
birinhci marta eksperimental natijalar va molekulyar modellashtirish asosida tadqiq etilgan stirilsianin byoqlarining odam qon zardobi albumini domenlarida bog‘lanish joylari hamda bog‘lanish parametrlari aniqlangan;
ilk bor monomer va gomodimer stirilsianin boʻyoqlari DNK ning azotli asoslari bilan ta’sirlari natijasida nuklein kislotaning borozdkasida joylashshi va barqaror kompleks hosil qilishi aniqlahgan;
tadqiq etilayotgan birikmalarning sirt-faol moddalar misellalari, DNK va odam qon zardobi albumini bilan bog‘lanish tabiati boʻyoqlarning molekulyar tuzilishiga bog‘liq ekanligi koʻrsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Faollashtirilgan murakkab oksidli kristallarda ionlararo o‘zaro ta’sir mexanizmlarni hamda stirilsianin boʻyoqlari biologik molekulalar bilan komplekslarining spektral va kinetik xossalarini tadqiq qilish orqali olingan natijalar asosida:
bo‘yoqlarning DNK molekulalari bilan interkalyasion bog‘lanish mexanizmlari natijalari Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat univeritetida bajarilgan ALM-202310062530 raqamli “Saraton kasalligiga qarshi dori vositalarini yaratish laboratoriyasini tashkil etish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 2025-yil 27-noyabrdagi № 10-6253 raqamli ma’lumotnomasi). Ushbu natijalardan foydalanish DNK bilan yuqori darajadagi bog‘lanish qobiliyatiga ega bo‘lgan, barqaror komplekslar hosil qiladigan sintonlar asosida birikmalarni maqsadli sintez qilish imkonini bergan;
stirilsianin bo‘yoqlarning DNK va inson qon zardobi albumini bilan bog‘lanish konstantalarini (Kb) hisoblash natijalari Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Inson immunologiyasi, allergologiyasi va genomikasi ilmiy-amaliy markazida qon preparatlarining xossalarini baholash va markerlarni aniqlashda qo‘llanilgan (Inson immunologiyasi, allergologiyasi va genomikasi markazining 2025-yil 4-dekabrdagi № 41 raqamli ma’lumotnomasi). Ushbu natijalardan foydalanish DNK va inson qon zardobini diagnostik tahlil qilish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
murakkab oksidli kristallarda neodim ionlari orasida energiyning uzatish mexanizmlari, o‘zaro ta’sir mikroparametrlarini hisoblash va ularning neodim ionlari konsentratsiyasiga bog‘liqligi natijalari Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat univeritetida bajarilgan BIRD-01/140 raqamli “Bino va aqlli issiqxonalarga integratsiyalanadigan lyuminessent kvant nuqtali quyosh oynalari” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 2025-yil 27-dekabrdagi № 10-6622 raqamli ma’lumotnomasi). Ushbu natijalar yuqori lyuminessensiya kvant chiqishi qiymatiga ega bo‘lgan galogenidli perovskit birikmalarining optimal konsentratsiyasini tanlash hamda polimer qoplamalarda fotostabil va maksimal lyuminessensiya kvant chiqishiga ega bo‘lgan kvant nuqtalarini sintez qilish imkonini bergan.