Pardaeva Dilfuza Raimovnaning filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va rus adabiyotida temuriylar davri va Amir Temur obrazi talqinlarining qiyosiy - tipologik tadqiqi” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2023.4.DSc/Fil720
Ilmiy konsultant: Yo‘ldoshev Boynazar Yo‘ldoshevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK raqami: DSc.03/2025.27.12.Fil.11.05.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor G‘aniev Ilhom Muzafarovich; filologiya fanlari doktori (DSc), professor Cho‘ponov Otanazar Otadjanovich; filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent Kiselyov Dmitriy Anatolevich
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va rus adabiyotida Amir Temur obrazi va temuriylar davri tarixiy-madaniy voqeligi talqinlarini qiyosiy-tipologik tahlil qilish, turli tarixiy-estetik davrlardagi she’riy va nasriy asarlarda hukmdor obrazining tipologik paradigmasi va uning evolyusiyasi dinamikasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiyotida Amir Temur obrazini badiiy idrok etishning milliy xususiyatlari tizimlashtirilib, uning XX–XXI asrlar chegarasida davlatchilik, madaniy vorisiylik va milliy o‘zlik ramzi sifatida psixologik teranlik bilan boyitilgan barqaror ijobiy obraz shaklida namoyon bo‘lish qonuniyatlari aniqlangan;
rus adabiyotida Amir Temur obrazining o‘rta asrlardan XXI asrgacha bo‘lgan evolyusiyasi yilnoma, she’riy, nasriy hamda raqamli matnlar asosida tadqiq etilib, uning transformatsiya jarayonlari tashqi tahdid obrazidan estetizatsiya va psixologizatsiya jarayonlari orqali ko‘p qirrali tarixiy shaxsning insonparvarlashtirilgan modeligacha bo‘lgan rivojlanish bosqichlari nazariy jihatdan umumlashtirilgan;
Amir Temur obrazining universal arxetipik qatlamlari hamda ularning milliy badiiy ifodalanish shakllarini qamrab olgan integrativ tipologik model ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosida madaniy ifodalanishning ikki turi - «Madaniyat ichidagi qahramon» (o‘zbek an’anasi) va «Madaniyatdan tashqaridagi qahramon» (rus an’anasi) ajratilib, ilmiy jihatdan asoslangan;
o‘zbek va rus adabiyotida Amir Temur obrazini talqin etishning tarixiy-madaniy xotira, qadriyatlar tizimi hamda har bir an’ananing janr strategiyalari bilan bog‘liq holda shakllanuvchi poetik modellari yaxlit qiyosiy-tipologik tuzilma sifatida shakllantirilgan;
madaniy xotiraning ichki (o‘zbek) va tashqi (rus) strategiyalari farqlanib, Amir Temur obrazining besh bosqichli badiiy paradigmasi shakllantirilgan hamda XX–XXI asrlarda adabiyotlararo o‘zaro ta’sirning konvergent rivojlanish modeli ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Olib borilgan tadqiqotlar asosida quyidagi natijalar taklif etildi va amaliyotga joriy etildi:
o‘zbek adabiyotida Amir Temur shaxsining psixologik va ma’naviy talqinini yuzaga keltiradigan badiiy mexanizmlarni aniqlash bilan bog‘liq xulosalar, shuningdek, rus adabiyotida Temur obrazi va temuriylar davri yagona «tarixiy portret» emas, balki turli davrlarda estetik obyekt, axloqiy mezon va ma’rifat ramziga aylangan ko‘p qatlamli madaniy tuzilma ekanligi, hamda rus adabiyotida Amir Temur obrazi va temuriylar davri yagona “tarixiy portret” emas, balki turli davrlarda estetik obekt axloqiy hakam va ma’rifat ramzi vazifasini bajargan ko‘p qatlamli madaniy tuzilma bo‘lib, rus badiiy an’anasining Sharq bilan muloqotining o‘ziga xos ekanligi haqidagi fikrlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qoraqalpoq filiali, Qori Niyoziy nomidagi Milliy tarbiya pedagogika instituti tomonidan bajarilgan “Yoshlarni umuminsoniy, milliy va tarixiy qadriyatlar uyg‘unligi asosida ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning muammolari” mavzusidagi A1-XT-0-92997-sonli amaliy grant loyihasini amalga oshirish jarayonida qo‘llanildi (Qori Niyoziy nomidagi Milliy tarbiya pedagogika instituti Qoraqalpoq filiali tomonidan berilgan 2025-yil 9-sentyabrdagi №354-sonli ma’lumotnoma). Tadqiqot natijalari ta’lim oluvchilarda tanqidiy fikrlashni shakllantirishga, tarixiy-madaniy merosga hurmat ruhini rivojlantirishga, shuningdek, ma’naviy va shaxsiy kamolotning muhim omili bo‘lmish madaniyatlararo muloqot qadriyatini anglatishga xizmat qildi;
Amir Temur obrazining o‘zbek adabiyotida badiiy idrok etishning milliy o‘ziga xosligi, XX-XXI asrlar chegarasida psixologik teranlik bilan boyitilgan ichki kuzatuvchi pozisiyasida barqaror ijobiy obraz sifatida namoyon bo‘lishi, rus adabiyotida o‘rta asrlardan XXI asrgacha bo‘lgan davrda Temur obrazi evolyusiyasi yilnoma, she’riy, nasriy va raqamli matnlar asosida amalga oshirilganligi, shuningdek, ikki an’ana o‘xshash uslubiy usullardan - epik tavsiflar, ramziy epitetlar va boshqalardan foydalanganligi haqidagi fikrlardan 2019 – 2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpoq bo‘limi huzuridagi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilgan “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq qilish” mavzusidagi FA-F1-005-sonli fundamental loyihani bajarish jarayonida qo‘llanildi (QGFITI tomonidan berilgan 2025-yil 25-sentyabrdagi №273/1-sonli ma’lumotnoma). Tadqiqot natijalari o‘zbek va qoraqalpoq adabiyotshunosligi hamda folklorshunosligida tarixiy shaxslarning badiiy-mifologik talqinini qiyosiy asosda o‘rganishga xizmat qiluvchi muhim nazariy poydevorga aylandi, shuningdek, keyingi tadqiqotlar uchun ilmiy-uslubiy zamin yaratgan holda fundamental loyihaning mazmunini boyitishga, uni nazariy va metodologik jihatdan yanada mustahkamlashga xizmat qildi;
Amir Temur obrazining o‘zbek va rus adabiyotidagi badiiy talqinlari tarixiy-madaniy xotira, qadriyatlar tizimi, janr strategiyalari va har bir an’ananing ustuvor badiiy
kodlari bilan bog‘liq holda turli poetik modellarni shakllantirishi, shuningdek, Temur va temuriylar obrazi atrofidagi afsona va rivoyatlar va adabiy-mifologik talqinlariga doir qarashlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2021 – 2023-yillarda bajarilgan “Qoraqalpoq og‘zaki nasri (janrlar tuzilish, genezisi, obrazlar tizimi, syujet va motivlari, poetikasi)” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (QGFITI tomonidan berilgan 2025-yil 25-sentyabrdagi №272/1-sonli ma’lumotnoma). Olingan natijalar mustaqillik yillarida O‘zbekistonda folklorshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘yicha olib borilgan zamonaviy tadqiqotlar mazmunini boyitib, qahramonlik timsollari, tarixiy shaxslar obrazlari va mifologik motivlarni milliy va madaniyatlararo aspektda qiyosiy tahlil qilishda muhim nazariy va amaliy asos bo‘lib xizmat qilgan;
madaniy xotiraning ikki asosiy strategiyasi – ichki (o‘zbek) va tashqi (rus) strategiyalari aniqlanganligi va tavsiflanganligi, XX–XXI asrlarda an’analar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir dinamikasi qarama-qarshi baholardan milliy o‘ziga xoslikni saqlagan holda talqinlar konvergensiyasiga tomon rivojlangani aniqlanganligi haqidagi ilmiy xulosalardan Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining “Kitoblar olamida” radioeshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2025-yil 06-oktyabrdagi 94-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari ilmiy bilimlarni keng ommaga targ‘ib qilish, tinglovchilarning tarixiy-madaniy merosga qiziqishini oshirish va zamonaviy gumanitar ta’limning muhim yo‘nalishi sifatida madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi.